Islom tarixida “Al-Mabsut” nomli asarlar ko‘p yozilgan. Masalan, Abu Yusuf (vafoti hijriy 182 y.), Muhammad ibn Hasan (vafoti hijriy 189 y.)[1], Abu Lays Samarqandiy (vafoti hijriy 375 y.), Abu Shujo’ (vafoti besh yuz yil oldin), Nosiriddin Samarqandiy (vafoti hijriy 556 y.), Shamsulaimma Halvoniy (vafoti hijriy 448 y.), Xoharzoda[2] (vafoti hijriy 483 y.), Abulyusr Pazdaviy (vafoti hijriy 493 y.), Faxrulislom Pazdaviy (vafoti hijriy 482 y.) kabi olimlarning hanafiy mazhabiga oid shu nomdagi asarlari bor. Shuningdek, shofi’iy, molikiy mazhabidagi olimlar Abu Osim Ibodiy (vafoti hijriy 485 y.), Abu Hafs Shofi’iy (vafoti hijriy 243 y.), Abu Bakr Bayhaqiy (vafoti hijriy 458 y.), Ibn Arafa Tunisiy ham (vafoti hijriy 803 y.) “Al-Mabsut” bitgani aytiladi. Muhammad Samarqandiyning qiroat ilmlariga, Abu Abdulloh Buxoriyning hadisshunoslikka, Abu Alo Roziy hamda Nosiriddin Samarqandiyning tilshunoslikka doir “Al-Mabsut”lari ham ma’lum[3]. Shunday bo‘lsa-da, “Al-Mabsut” deyilganida birinchi navbatda Movarounnahrda yashab, ijod etgan (XI asr) zabardast faqih Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Saraxsiyning shu nomdagi asari nazarda tutilgan. Saraxsiy ko‘p o‘rinlarda “Sohibul Mabsut” deb keltiriladi[4].
Saraxsiyning bu asariga mashhur olim Abu Fazl Muhammad ibn Ahmad Marvaziyning (vafoti hijriy 334 y.) “Kofiy” kitobi asos bo‘lgan. Olim bunday yozadi: “Men yashagan zamonda ilmlar tolibi bir necha sabablar bilan fiqhdan uzoqlashishlariga guvoh bo‘ldim. Shu bois “Muxtasar”ga sharh yozib, har bir masalani yoritishda kerakli ma’nodan ortiqcha narsani qo‘shmaslikni, har bir bobda ishonchli bo‘lgan ma’lumotlar bilan cheklanishni maqsadga muvofiq topdim”[5]. Demak, Saraxsiy ushbu asarida o‘zigacha fiqh masalalariga mansub kitoblarning asosiy mazmunini jamlashga harakat qilgan va Islom huquqshunosligining deyarli barcha sohalarini qamrab olgan.
Saraxsiy rostgo‘yligi, adolatparvarligi sababli dushmanlarining tuhmatiga uchrab, zindonband etiladi. Ammo hech bir to‘siq uning chuqur tafakkuri va o‘tkir zehniga pand berolmaydi. Asarning kirish qismida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, muallif uni zindonda yozgan. “Al-Mabsut”ni yozish jarayonida Saraxsiy yodida qolgan ma’lumotlarga asoslangani uning xotirasi juda kuchli bo‘lganidan dalolat beradi[6].
Olim hukmlarni Qur’oni karim, hadisi sharif, osor, qiyos hamda istehson asosida dalillaydi. Ixtilofli masalalarda mashhur ulamolarning fikrlarini solishtirib, tahlil qiladi. Jumladan, Abu Hanifa, Imom Molik, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Imom Shofi’iy, Hasan ibn Ziyodning turli fikrlarini keltirib, ularning mohiyatini tushuntirishga harakat qiladi.
Bu asar ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan va keng tarqalgan. O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida kitobning bir necha qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. Jumladan, 3183, 3114, 5957, 5880, 5981, 2706, 6762 raqamlari ostida kitobning turli qismlariga doir qo‘lyozmalar mavjud. Ularning ichida 3114 raqam ostida saqlanayotgan nusxa asarning beshinchi bobi bo‘lib, 344 betdan iborat. Qo‘lyozmada ko‘rsatilishicha, u O‘zganda 1705 yili ko‘chirilgan. Asarning yana bir nusxasi Qohiradagi arab qo‘lyozmalari institutida 152 raqami ostida saqlanadi. Makkadagi Haram kutubxonasida ham 154 raqami bilan saqlanayotgan bir nusxasi bor.
Saraxsiyning “Al-Mabsut” kitobi fiqh bo‘yicha eng muhim kitoblardan sanalib, Islom huquqshunosligiga xos ko‘plab masalalar va ularning yechimlari yuzasidan bahs yuritadi. Barcha musulmon mamlakatlarida keng qo‘llanilgan ushbu asar hanafiy mazhabimizning eng qimmatli manbalaridan biridir.
Abdumalik TO‘YCHIBOYEV,
Toshkent Islom universiteti tadqiqotchisi
[1] Muhammad ibn Hasandan turli yo‘llar bilan Mabsut rivoyat qilingan va ularning eng mashhuri Abu Sulaymon Juzjoniynikidir. Mua’lumotlarga ko‘ra, Muhammad ibn Hasanning Mabsutiga imom Shofi’iy ham katta baho berib, uni yod olgan.
[2] Uning ikkita Mabsut yozgani va ularning biri 15 jilddan iborat bo‘lgani aytiladi.
[3] Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Ikkinchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”, 1581 – 1583-betlar.
[4] Qori Ali ibn Sulton Muhammad. “Al-asmor al-janiyya fi asmo’il hanfiyya”. Betna: “Xudobaxsh”, 2002. 268-b.
[5] Saraxsiy Muhammad ibn Ahmad. “Mabsut (طﻮﺴﺒﻤﻟا). Birinchi juz. – Bayrut, “Dor al-ma’rifa”, 1989. 4-b.
[6] Suduniy, Zayniddin Qosim ibn Qutlubg‘o. Tarjimayi hollar toji (ﻢﺟاﺮﺘﻟا جﺎﺗ). – Bayrut: Dor ul‑qalam, 1992. – 234 - b.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nomiga xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda xalqaro anjumanlar ishtirokchilari tomonidan yo‘llanayotgan minnatdorlik va hamkorlik maktublari Markazning xalqaro maydondagi yuksak nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat bermoqda.
Xususan, Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiya Zoti Oliyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov nomiga yo‘llagan minnatdorlik maktubida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Qirolicha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif unda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidlab, Markaz ekspozitsiyalari Markaziy Osiyoning boy tarixi, madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini zamonaviy muzey yechimlari orqali keng va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholagan. Ayniqsa, Qur’on zalidagi ma’naviy muhit va noyob meros namunalari unda katta hurmat va hayrat tuyg‘ularini uyg‘otgani qayd etilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda 2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Forum yakunlaridan so‘ng nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va jamoat arboblari tomonidan minnatdorlik hamda hamkorlikni rivojlantirishga oid qator maktublar kelib tushdi.
Malayziya Xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia – IIUM) huzuridagi Office of Strategic Institution Transformation rahbari, professor Shukron bin Abd Rahmon o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining xalqaro ahamiyatiga alohida to‘xtalgan. Uning qayd etishicha, 40 dan ortiq mamlakatdan olimlar, davlat arboblari va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan mazkur anjuman islom sivilizatsiyasining tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etish, davlatlar o‘rtasidagi ilmiy muloqot va akademik hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, forumning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda O‘zbekistonning boy ilmiy va ma’naviy merosi xalqaro jamoatchilikka munosib tarzda namoyon etilgani e’tirof etildi.
Rossiyaning “Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi tomonidan yuborilgan ikki alohida maktubda ham Forum va Markaz faoliyatiga yuksak baho berildi. Xususan, mazkur maktublarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi XXI asr islom olamidagi eng yirik gumanitar va madaniy-ma’rifiy loyihalardan biri sifatida baholanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi yetakchi o‘rni va Markazni ilm-fan, tinchlik, ma’rifat, gumanizm hamda bunyodkorlik maskani sifatida shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, Markazning kelgusida dunyo olimlari, tadqiqotchilari va talabalari uchun nufuzli ilmiy-ma’rifiy markazga aylanishiga ishonch bildirilib, muzeyshunoslik, tarix, arxeologiya, ta’lim, kitobshunoslik va nashriyotchilik sohalarida qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.
Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Madaniyat vazirligi Bosh kotibi professor Nidal Al-Ahmad ham o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, anjuman Islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro maydonda yana bir bor namoyon etganini qayd etgan. Shuningdek, turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, davlat va din arboblarini bir maydonga jamlagan mazkur forum tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot platformasiga aylangani ta’kidlangan.
Markazning xalqaro maydondagi faoliyatiga bildirilayotgan yuksak ishonchning yana bir amaliy ifodasi sifatida ICESCO ning Boku shahridagi mintaqaviy ofisi tomonidan Markaz rahbariyatiga 2026 yil 27–28 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Global Foresight Focal Points Initiative xalqaro tadbirida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yuborildi. Taklifda ICESCOga a’zo davlatlarda strategik prognozlash, davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va kelajakni rejalashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etilgan.
Xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli olimlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilgan mazkur e’tiroflar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qisqa vaqt ichida xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning muhim platformalaridan biriga aylanganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa Markaz tomonidan islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro darajada yuksak baholanayotganining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati