Yo‘l ommaga tegishli, binobarin, unga zarar yetkazish mumkin emas. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Yo‘lga o‘z haqini beringlar», deb marhamat qildilar. U zot yo‘lovchilarning haqini e’tiborga olib, yo‘l o‘rtasida namoz o‘qishdan qaytardilar, safarlarida biror joyda to‘xtaganlarida boshqa yo‘lovchilarga xalaqit bermaslik chora-tadbirlarini ko‘rdilar.
Jamiyatning salomatligini to‘liq ta’minlashga xizmat qiluvchi hukmlarni fuqaholar Qur’on va hadis ma’nolari asosida ishlab chiqishgan. Ba’zi ulamolar bu fiqhiy qoidalarni o‘n yettita desa, boshqalari uni to‘rttaga qisqartirishgan. Izz ibn Abdussalom ularni ikkiga jamlab, «manfaatni jalb qilish» va «zararni daf etish» qoidalari bilan izohlagan. Ayrim mutaaxxir ulamolar buni ham qisqartirib: «Manfaatni jalb qilish barcha shar’iy ahkomlarga asosdir, chunki zararni qaytarish ham manfaatni jalb qilish hisoblanadi», deganlar.
Yo‘l-tansport hodisalarining oldini olishdan maqsad haydovchi, yo‘lovchi va piyodalarning hayoti va salomatligini saqlash, avtomobillarni turli talofatlardan asrash, ya’ni, insonning jonini va molini muhofaza etishdir. Zero, bunday hodisalar insonlarning hayotiga zomin bo‘lishi, salomatligiga putur yetkazishi, shuningdek, ortiqcha sarf-xarajatlarga olib kelishi ham mumkin. Yo‘l harakati qoidalari inson hayotini saqlashni ta’minlashga qaratilgan. Islom shariatining talab va maqsadi ham ayni shu.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagan kishi, avvalo, o‘zining jonu molini xatarga qo‘ygan bo‘ladi. Bu esa Islom dinida harom amal hisoblanadi. Alloh taolo aytadi: «O‘zingizni halokatga tashlamang» (Baqara, 195). Ulamolarimiz yo‘l harakati qoidalari Islom shariatining talab va maqsadlariga xizmat qilishini, ularga hamohang ekanini ta’kidlaydi va ularga amal qilishni vojib deyishadi. Shuning uchun ham, barcha haydovchi, yo‘lovchi va piyodalar yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, ularga xilof ish tutmasliklari zarur.
Dinimiz ahkomlarida insonning dini, joni, sha’ni, aqli va molining himoyasi maqsad qilingan. Zero, umrimiz mazkur narsalar ustiga bino qilingan bo‘lib, o‘shalarning to‘liq muhofaza etilishi, daxlsizligi, ularga nisbatan har qanday tajovuzning bartaraf etilishi bilan farovon va osoyishta kechadi.
Hasanxon
ABDUMAJIDOV,
Toshkent Islom instituti
4-bosqich talabasi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV