Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Soxta salafiylik nima? Yoki uning jamiyatga xatari 

24.05.2023   10783   17 min.
Soxta salafiylik nima? Yoki uning jamiyatga xatari 

 

“Soxta salafiylar” oqimiga mansub bo'lganlar islomdagi ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qiluvchi oqimdir. Bu oqim arab va islom mamlakatlarida ko'proq tarqalgan bo'lib, O'rta Osiyoga ham kirib kelmoqda. Uning tarafdorlari islom dinining har bir zamon va har bir makonga moslasha olishini tan olmaydilar. O'n besh asrdan beri islomning etuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga amal qilishga qarshi chiqadilar.

Islomda “salaf” (arabcha – “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar”) deganda, hadislarga ko'ra, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida hamda undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Shunga ko'ra, islom ulamolari sahobiy, tobein va tab'a tobeinlarni “salafi solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiy”lar tushunchalarini ishlatish mumkin emas.

So'nggi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim.

Tarixiy ma'lumotlarga qaraganda, soxta salafiylikning aqidaviy, huquqiy va falsafiy asoslari Ibn Taymiya (1263-1328 y.) faoliyati bilan bog'liq ekan. U umri davomida o'zining qarashlari tufayli to'rt marta (1307, 1309, 1322 va 1326 yillarda) zindon jazosiga tortilgan va 1328 yilda zindonda vafot etgan bu shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e'tirof etadilar.

Ibn Taymiya ta'limotida ilgari surilgan g'oyaga ko'ra, go'yoki asrlar davomida islomga turli bid'atlar kirib qolgan va jamiyat hamda musulmonlarning kundalik turmush tarzi Qur'on va sunnatga asoslangan holda qat'iy tartibga solinishi zarur ekan.

O'z davrida bu ta'limotga qarshi sahih ma'lumotlar asosida ko'plab asarlar bitgan vatandoshlarimiz haqida tadqiqot olib borgan Ulrix Rudolfning “Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti” asarida: “Ibn Taymiyaning Payg'ambar alayhissalom, sahobiy va avliyolarning qabrini ziyorat qilish hamda tavhid, Allohning makoni, takfir va boshqa aqidaviy masalalarda ash'ariylik va moturidiylikka zid fikrlari o'sha davr musulmon ulamolarining keskin noroziligiga uchrab, ko'plab raddiyalar bitildi, keskin kurash olib borildi. Shunday bo'lsa-da, bunday g'oyalar keyinchalik turli mutaassib guruh va harakatlar etakchilari mafkurasiga asos bo'lib xizmat qildi. Ularning bu xatokor qarashlariga ahli sunna valjamoa ulamolari munosib raddiyalar bildirganlar”. (Toshkent: Imom Al-Buxoriy xalqaro jamg'armasi, 2002. 143-b).

Jumladan, “soxta salafiylar” quyidagi e'tiqoddagi g'oyalarni ilgari suradilar:

– har qanday yangilikni inkor etish,

– tasavvufni aslo tan olmaslik,

– tavassul (vosita orqali Allohga murojaat qilish)ni kufr, deb hisoblash,

 o'zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e'lon qiladilar.

Ularning faoliyati natijasida “Payg'ambarimiz shafoatidan hech qanday foyda yo'q”, degan g'oyalar tarqalib, salovotlar bayon qilingan kitoblar yoqib yuborildi, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilindi.

Ularning adashgan yo'lda ekanliklarini bilish har bir aqlli insonga qiyin emas. Biz esa aynan mavzumizga doir jihatiga to'xtalamiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir insonni kofir deb chaqirsa yoki Allohning dushmani desa, aytganidek bo'lmasa, aytgan so'zlari o'ziga qaytadi”.

Mashhur vatandoshimiz Najmuddin Umar Nasafiy hazratlari mazkur masala to'g'risida quyidagilarni aytadilar:

“Katta gunohlar mo'min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi. Alloh taolo O'ziga shirk keltirishni kechirmaydi. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni esa xohlagan kimsadan kechiradi. Kichik gunohga jazo berishi ham, agar halol hisoblashdan bo'lmasa, katta gunohni afv qilishi ham mumkin. Halol sanash kufrdir. Payg'ambarlar va solih bandalarning katta gunoh ahllari to'g'risidagi shafoatlari ko'plab xabarlar bilan sobitdir. Gunohi kabira sodir etgan mo'minlar do'zaxda abadiy qoldirilmaydi”.

Ularning yana bir qarashlari:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hamda sahobalar va aziz avliyolarning qabrlarini ziyorat qilishni kufr deb hisoblaydilar. (Azimov A: Axborot byulleteni. Toshkent. 2009. 8-b.)

Zero, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ummatga nasihatlarida quyidagilarni aytganlar:

Hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi; Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, barcha amallar niyatga qarab e'tibor qilinadi. Har bir kishi o'z niyatiga etgusidir, …Bas, nimani niyat qilsa, o'shani e'tiborga olinadi”.

Niyat qilish lug'atda “qasd qilish va iroda” ma'nolarini anglatadi.

Demak, qabr ziyorat qilayotganlarning niyatiga e'tibor qilinadi. Agar ziyoratchining niyati o'tganlarni xotirlash, ularga savob yo'llash qolaversa, o'limni eslash, undan ibratlanish bo'lsa, bu juda savobli ish bo'ladi.

Salafiylik, hizbut tahrir kabi yot oqimlarning Hudoga ishongan bir insonni kufrda ayblashi, mo'min-musulmonlar yashaydigan diyorlarni kufr shahri deb e'lon qilishlari natijasida Islom ummatlari o'rtasida turli tafriqalar kelib chiqmoqda. Afsuski, bilib-bilmay ushbu firqalarning ta'sir doirasiga tushib qolgan ba'zi yoshlarning bunday xato yo'lga kirib ketishi mumkin.

Mazkur oqim tarafdorlari o'zlarining buzuq ta'limotlari ila qabrlarni ziyorat qilgan odam musulmonchilikdan chiqadi degan e'tiqodda hatto bir paytlar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini ham oyoqosti qilishgan. Qolaversa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning maqbaralarini ham vayron qilishga urinib ko'rishgan. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati). Ushbu hadisga ko'ra, qabrlarni ziyorat qilish mandub (mustahab amal)dir. Zeroki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o'zlari Baqe' qabristoniga borib mayyitlar haqqiga duo qilardilar.

Shuningdek, soxta salafiylar tasavvufni tan olishmaydi, tavassulni kufr deydi, mazhablarni inkor qiladi, o'zlariga ergashmaganlarni ham kofirga chiqarishadi. Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg'otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatan ham zo'ravonlik siyosati olib boradi.

Bugungi kunimizda har bir musulmon yakka tartibdagi ijtihod bilan shug'ullanishi kerak, degan gap ham mutlaqo asossizdir. Imom Ahmad aytadi: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”.

Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Hadis ilmlari, agar fiqh ilmi bo'lmasa, adashtiradi”.

Adashgan firqalar o'tgan uch asrning to'g'ri yo'lidan birin-ketin chetga chiqa boshlashdi. Har bir firqa haqdan og'ib, o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida qadam tashladi. Odamlarni ham fikru xayoli, sog'lom e'tiqodidan chalg'itishga urindi. Bu bilan ular, Alloh taoloning An'om surasi, 153-oyatida marhamat qilgan: “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashinglar. Va boshqa yo'llarga ergashmanglar. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrdirki, shoyad taqvo qilsangiz,” oyatiga xilof ish tutdi. Shu tariqa nafsu havosiga berilgan, bid'at va zalolatga ko'milganlar toifasi ko'payib bordi. Bu holat asrlardan asrlarga o'tib hozirgi kunimizda ham davom etmoqda.

Ibn Qayyum Javziy “I'lomil muvqinin” kitobida: “Kishi, modomiki unda ijtihod shartlari jamlangan bo'lmasa, ya'ni barcha ilmlarni bilmasa, uning o'zicha Qur'on va hadisdan hukm olmog'i durust emas”, deydi. Ahmad ibn Munodiy aytadi: «Bir kishi Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhdan: “Bir kishi yuz ming hadisni yodlasa, faqih bo'ladimi?” deb so'raganida, u kishi: “Yo'q”, dedilar. Haligi kishi: “Agar ikki yuz ming hadisni yod olsa-chi?”, deb so'radi. Shunda imom yana: “Yo'q”, deb javob berdi. U kishi: “Uch yuz ming hadis yodlasa-chi?”, dedi. Imom: “Yo'q”, dedi. “To'rt yuz ming hadis yod olsa-chi?”, deganida, “Unda faqih bo'ladi”, deb javob berdi».

Abul Hasan dedi: «Men otamdan: “Imom Ibn Hanbal qancha hadis yodlagan edi?” deb so'raganimda, u kishi: “Olti yuz ming hadisni yod bilardi”, dedi».

Abu Ishoq aytadi: «Men xalifa Mansurning jome masjidida imomlik qilganimda, shu masalani odamlarga aytdim. Shunda bir kishi: “Siz ham shu miqdor hadis yodlaganmisizki, bu erda odamlarga fatvo aytib turibsiz?” dedi. Men: “Yo'q, faqat shuncha miqdor hadisni yod bilgan kishilarning so'zlari bilan fatvo beraman”, dedim».

Bizning davrimizda ham ikki yuzdan ortiq soxta salafiylikka o'xshash yot oqimlar mavjud ekan. Soxta salafiylikning g'oyalari bilan sug'orilgan yoki ularning izdoshlaridan biri sifatida yaqin 3-4 yil oldin xuruj qilgan Iroq va Suriyada o'zlarini Islom davlati deb atagan IShIDni misol qilish mumkin. Unga 1971 yil Iroqda tug'ilgan Ibrohim ibn Avvod ismli kimsa boshchilik qilgan. Ammo o'zini Abu Bakr Bag'dodiy deb nomlab, “xalifalik qurish” shiori bilan hokimiyatni qo'lga olishga urindi. Achinarlisi, qandaydir qora kuchlar ta'siridagi shu da'vosi bilan Islom uchun jang qilayapmiz deb har kuni minglab begunoh musulmonlarni qatl qilib, bolalar, ayollar va hatto qariyalarni ham o'ldirishgacha bordi. Iroq turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra mamlakatda IShID tashkiloti bir yildan kamroq vaqt davomida 40 ga yaqin noyob tarixiy qiymatga ega bo'lgan diniy inshootlarni vayron qilgan. Ularning orasida qadimgi masjidlar, nasroniy cherkovlari, bir nechta monastir va noyob obidalar ham bo'lgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hajjatul vado'da qilgan xutbalarida shunday dedilar: “Shayton o'ziga ibodat qilinishidan sizlarning bu erlaringizda umidi so'ndi. Lekin bundan boshqa sizlar kichik hisoblaydigan ishlarda unga itoat qilinishidan umidi bor. Endi ehtiyot bo'linglar! Men sizlarga ikki narsani qoldiryapman: Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnati! Ularni mahkam tutsangiz hech qachon adashmaysiz!” dedilar.

Aslida Imom Moturidiydan oldin ham bir qancha “Maqolot” (maqolalar) kitoblari yozilgan va ularda asosan, Islom diniga mansub turli firqalarning qarashlari jamlangan. Imom Moturidiyning “Maqolot” asarining qo'lyozma nusxasi hozirda Istanbuldagi “Kupriliy” kutubxonasida 856-raqam ostida saqlanmoqda.

Aqoid ulamolari yozgan asarlarida faqatgina adashgan firqalarning qarashlarini keltirib “bu noto'g'ri” deyish bilan cheklanmaganlar. Balki mazkur qarashlarga birma-bir naqliy va aqliy dalillar asosida raddiyalar qilganlar. Bu raddiyalarda Ahli sunna valjamoaning qarashlari to'g'riligini isbotlash bilan birga adashgan firqalarning xatoga yo'l qo'ygan joylarini ham bayon qilganlar.

Imom Moturidiy rahmatullohi alayh “Bayanu vahmil mo'tazila” (Mo'taziliy firqasining noto'g'ri tasavvuri bayoni), “Roddu alal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarni bayon qiluvchi ko'plab asarlar yozgan.

Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning qilgan eng ulkan xizmatlaridan yana biri  Ahli sunna valjamoaga qarshi chiqqan firqalarning da'volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya'ni bu zot o'sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug'dirib turgan mo'taziliy etakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag'lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir:

– Abu Muhammad Bohiliy mo'taziliyning “Usulul xomsa” (beshta asos) kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“beshta asos” kitobiga raddiya);

– Abulqosim Ka'biy mo'taziliyning “Tahziybul jadal” (ilmiy bahslarni o'rgatish) kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“ilmiy bahslarni o'rgatish” kitobiga raddiya);

– Abulqosim Ka'biy mo'taziliyning “Va'iydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) kitobiga “Roddu “Va'iydul fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya);

– Abulqosim Ka'biy mo'taziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) kitobiga “Roddu availil adilla” (“dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) kabi asarlar yozgan.

Eng muhimi, imom Moturidiy rahmatullohi alayh Alloh taologa iymon keltirish asoslari bo'yicha “Tavhid” asarini yozgan. Bu asarda Ahli sunna valjamoaning aqoid borasidagi asosiy qoidalari bayon qilingan. Shunga ko'ra keyinchalik yozilgan Abul Muin Nasafiyning “Tabsirotul adilla”, Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiy” kabi moturidiya mazhabi qoidalarini bayon qiluvchi kitoblar “Tavhid” kitobi asosida ta'lif etilgan asarlar hisoblanadi.

Hatto, Imom Moturidiyga u zotni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan martabalarini namoyon qiluvchi ko'plab nomlar berilganini aytib o'taylik:

– Imomul huda (to'g'ri yo'lga boshlovchi);

– Imomul mutakallimiyn (kalom ilmi olimlari peshvosi);

– Musahhihu aqoidil muslimiyn (musulmonlarning aqidalaridan xatolarni daf qiluvchi);

– Roisu Ahli sunna val-jamoa (Ahli sunna val-jamoa boshlig'i);

– Nosirus sunna va qomiul bid'a (sunnatni himoya qiluvchi va bid'atni bostiruvchi);

– Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).

Imom Moturidiy rahmatullohi alayh hijriy 333 yilda to'qson besh yoshlar atrofida Samarqandda vafot etgan.

Ha, botildan saqlanish uchun avval uni tanish kerak. Botilni bilmagan kimsa o'zi sezmagan holda unga aralashib qolishi hech gap emas.

Hulosa qilib aytar ekanmiz, bugungi kunda avj olgan soxta «salafiylik» ham ummat uchun balo bo'lgan oqimlardan biridir. Undan saqlanish va qo'shilib qolmaslik uchun bu haqda imkon qadar ko'proq ma'lumotga ega bo'lishimiz kerak. Shu bilan birga, sahoba, tobein va taba'a tobeinlar yo'li bo'lmish Ahli sunna valjamoa e'tiqodini ham puxta bilishimiz lozim! Alloh taolo to'g'ri yo'ldan toydirmasin. Haq ahliga sabot, botil ahliga esa hidoyat bersin!

Toshkent islom institutining 4-bosqich

talabasi Azimjon Karimov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   31076   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari