Singapur rahbari bugun Toshkent shahrida mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Osiyo yuragida joylashgan qadim Movarounnahr va hozirgi O'zbekiston zamini, Buyuk ipak yo'li orqali turli mintaqa, qit'alar, madaniyat va ilmlarni bog'lovchi markaz bo'lgani qayd etildi. O'tmishda zardushtiylik, buddaviylik rivojlangan hududga islom dini kirib kelgach, bu zamindan Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg'oniy kabi buyuk allomalar etishib chiqqan.
Suhbat chog'ida Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo'yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov mehmonlarga yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan barcha sohalar qatori, diniy-ma'rifiy jabhada, xususan, din va e'tiqod erkinligi yo'nalishida turli din vakillari uchun yaratilgan qator yangilik, qulayliklar haqida ma'lumot berdi. Bir necha yangi masjid, cherkovlar qad rostlab, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy va o'rta maxsus islom bilim yurtlari ochilmoqda.
Hozirgi kunda respublikada 16 diniy konfessiya mavjud bo'lib, davlat ro'yxatidan o'tkazilgan diniy tashkilotlar soni 2346 tani tashkil etmoqda. Shundan 2149 tasi islomiy va 197 tasi turli noislomiy konfessiyalar hisoblanadi. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda esa Hadis ilmiy maktabi faoliyatini alohida ta'kidlash joiz.
Halima Yaqub xonim diniy bag'rikenglik borasida O'zbekistonning ilg'or tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilayotganini qayd etdi. 2018 yil dekabr' oyida BMT Bosh Assambleyasi yalpi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoev taklif etgan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani fikrimizni isbotlaydi.
O'zbekistonning ushbu tashabbusi dunyoda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, diniy bag'rikenglikni ta'minlashda naqadar katta ahamiyatga egaligi bugungi murakkab davrda yaqqol namoyon bo'lmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda vijdon erkinligini ta'minlash yo'lida olib borilayotgan sa'y-harakatlar xalqaro maydonda ham yuqori darajada e'tirof etilmoqda. Bunga 2020 yil dekabrda AQSh Davlat departamenti tomonidan O'zbekiston diniy erkinlik bo'yicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro'yxati”dan chiqarilganini misol qilib keltirish mumkin.
Uchrashuvda diniy konfessiya rahbarlari ham so'zga chiqib, yaratilgan qulayliklar, e'tiqod erkinligi borasida olib borilayotgan islohotlar samarasini ta'kidladilar.






Go'zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat),
manba: O'zA
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati