Zakot – Islom dinining besh asosiy ruknidan biri (iymon va namozdan keyingi uchinchisi). Shu bilan birga u Islomning ijtimoiy ruknlari sirasiga kiradi. Chunki Alloh Taolo Tavba surasining 11-oyatida shunday marhamat qiladi:
فَإِنْ تَابُوا وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَآَتَوُا الزَّكَاةَ فَإِخْوَانُكُمْ فِي الدِّينِ
Ya’ni, “Agar tavba qilsalar, namozni qoim qilsalar va zakot bersalar, bas ular dindagi birodarlaringizdir”. Ushbu oyatdan kelib chiqib, ilk Islom davrida kishi zakot berish bilan jamiyat hayotiga kirib kelgan. U orqali birodarlik huquqiga, ana shu jamiyatga tegishlilik huquqiga haqli bo‘lgan.
Zakot – Allohdan bo‘lgan farz. Lekin u jamoalarga umumiy tarzda farz qilinmagan. Zakotni ana shu jamoalardan Alloh va Oxirat kunidan umid qiluvchisi ado etadi. Oxiratga ishonchi zaif, qalbida molga bo‘lgan muhabbati Allohga bo‘lgan muhabbatdan ustun kimsalar uni tashlab qo‘yadilar, befarq munosabatda bo‘ladilar. Shunday bo‘lsada, Arab xalifaligida insonlar molidan zakot olishni davlat o‘z zimmasiga olgan.
Davlat nega insonlarga farz qilingan ibodatga mas’ul bo‘lishi kerak, axir mol ularniki-ku, nima uchun zakotga ajratilgan mollarini o‘zlari berishmagan? Sababi Alloh Taolo zakot beriladigan toifalarni zikr eta turib, ular safiga “sadaqa ishida ishlovchilarga” deb, zakot yig‘uvchilarga ham zakotdan tayin qildi. Ya’ni Alloh Taolo maxsus shaxslarni muayyan vazifaga – insonlar molidan zakot berishga tayinladi va ularni “والعاملين عليها” (“uning ishida ishlovchilar”) deb atadi.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam davrida zakot Qur’onda keltirilgan ko‘rsatmalarga amal qilinib olingan. U zot sollollohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga jo‘natayotganlarida: “Sen ularga Alloh boylarining mollaridan olinib, kambag‘allariga qaytadigan sadaqa farz qilganini o‘rgat. Mollarining yaxshisini olishdan hazir bo‘l. Mazlumning duosidan qo‘rq, chunki uning va Allohning orasida hijob – parda bo‘lmaydi”, deb aytganlar. Shayxulislom Hofiz ibn Hijr hazratlari: “Bu hadis shunga dalolat qiladiki, imom, ya’ni boshliq – zakotni yo o‘zi yo noibi yig‘uvchi va uni sarflovchi shaxs. Ulardan kim buni ma’n qilsa, undan qahr yetadi”, deganlar.
Hadisi shariflarda Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning zakot yig‘ish, uni yozib borish, sarflash ishlariga ko‘maklashgan sahobai kiromlar zikr etilgan:
– Sahihaynda Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan hadisda Umar roziyallohu anhu;
– Abu Dovud rivoyatida Abu Mas’ud roziyallohu anhu elchi qilib yuborilganligi keltirilgan;
– Ahmad rivoyatida Huzayfa roziyallohu anhu;
– Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Bani Mustalaq qabilasiga – Valid ibn Uqba yuborilgani aytilgan;
– Amr ibn Os roziyallohu anhu – Fazoraga;
– Zahhok ibn Sufyon Kiloniy – Bani Kilobga;
Bundan tashqari Rasululloh sollollohu alayhi vasallam arab orollaridan boshqa iqlimlarga ham elchilarini jo‘natganlar:
– Muhojir ibn Umayya – Sanoga;
– Ziyod ibn Labid – Hazromavtga;
– A’lo ibn Hazramiy – Bahraynga;
– Ali roziyallohu anhu – Najronga borishgan.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning zakotdagi kotiblari – Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu edi. Agar u kishi yo‘q bo‘lsalar yoki uzrli sabablari bo‘lsa, Jahm ibn Sult va Huzayfa ibn Yaman roziyallohu anhumalar yozishgan.
Kelgan maktublarni ba’zi sahobalar tarjima qilishgan. Bu vazifani Huzayfa ibn Yaman, Arqam ibn Abularqam, Xolid ibn Sa’d roziyallohu anhumlar bajarganliklari rivoyat qilinadi. Tabariy rivoyatida Rasululloh sollollohu alayhi vasallam Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhuni vafot etgan yillari Havozin qabilasiga jo‘natib, ularning maktubini tarjima qildirganliklari aytilgan.
Nabiy sollollohu alayhi vasallam zakot yig‘uvchilarga mollarning egalari bilan muomala qilishni, doimo ularga yumshoq bo‘lishni, Allohning haqqida e’tiborsizlik qilmasdan ularga yengillik qilishni o‘rgatar edilar.
Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: “A’robiylardan bo‘lgan kishilar guruhi Rasululloh sollollohu alayhi vasallam oldilariga kelib: “Zakot yig‘uvchilar bizlarga kelib zulm qilishyapti,” deyishdi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ularga: “Zakot yig‘uvchingizdan rozi bo‘ling”, dedilar”.
Anas roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda bir kishi Rasululloh sollollohu alayhi vasallam oldilariga kelib: “Agar men zakotni sizning elchingizga bersam, Alloh va Uning Rasuliga berishdan xalos bo‘lamanmi? (Ya’ni, shu kifoya qiladimi?)”, dedi. Ular: “Ha, Alloh va Uning Rasuliga uni berishdan xalos bo‘lasan, senga ajr bo‘ladi, uni o‘zgartirganga esa gunoh bo‘ladi”, dedilar.
Bu holat Rasululloh sollollohu alayhi vasallam davrlarida o‘zgarmay keldi. Hulofai roshidinlar davrida ham bu an’ana davom etdi. Imom Bayhaqiy Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumalar zakot yig‘ish uchun odam yuborganliklarini rivoyat qilgan. Shofe’iy rahmatullohi alayh ham yuqoridagi hadisni rivoyat qilarkanlar, ular hech qaysi yili buni kechiktirmaganlarini ziyoda qilganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘z davrlarida “Muhammad o‘ldi, endi zakot bermaymiz!” deganlarga qarshi kurash ochganlar.
Umar roziyallohu davriga kelib Islom sarhadlari ancha kengaygan, musulmonlar ortgan. Ular ham yuqoridagi an’anani davom etganlar hamda zakot va o‘ljalar yig‘ish uchun maxsus davlat xazinasini – Baytul molni tashkil etganlar. U zot faqatgina Ramoda yili (Madinada qurg‘oqchilik va ochlik bo‘lgan yil) holat taqozosiga ko‘ra zakot olishni kechiktirganliklari rivoyat qilingan.
Alloh va Uning Rasuli insonlarga zakotlarini ularga boshliq kishiga topshirishni buyurgan. Ibn Umar roziyallohu anhuma: “Zakotlaringizni Alloh sizga boshliq qilgan kishiga topshiring, garchi u xamr ichsa ham. Kim yaxshilik qilsa o‘ziga yaxshi, kim gunoh qilsa, o‘ziga zarar”, deb aytganlar.
Sahl ibn Abu Solih otasidan rivoyat qiladi: “Mening molim zakot nisobiga yetgan edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos, Ibn Umar, Abu Hurayra, Abu Said Hudriy roziyallohu anhumlardan ularni taqsimlaymi yoki sultonga beraymi, deb so‘radim. Ularning barchalari menga sultona berishimni buyurishdi. Men “Bu sultonning nima qilayotganini ko‘ryapsizku,” dedim. (U vaqtda hokimiyat Umaviylarda edi). Ularning barchalari: “Ha, uni sultonga beraver”, deyishdi va hech birlari ixtilof qilishmadi”.
Shunday qilib, Alloh Taoloning bandalariga farz etib joriy etgan zakotni yig‘ishni Islom dini qay darajada tartibga solgani haqida qisman ma’lumotga ega bo‘ldik. Qodir Alloh barchamizni zakot beruvchi va shu orqali najot topuvchi bandalaridan bo‘lishimizni muyassar aylasin!
Yusuf Qarzoviyning “Zakot fiqhi” kitobi asosida
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom bilim yurti
mudarrisasi Kenjaboy GULRUX
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi