Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Zakot–mol-mulk poklovchisi

04.04.2018   17180   7 min.
Zakot–mol-mulk poklovchisi

Zakot – Islom dinining besh asosiy ruknidan biri (iymon va namozdan keyingi uchinchisi). Shu bilan birga u Islomning ijtimoiy  ruknlari sirasiga kiradi. Chunki  Alloh Taolo Tavba surasining 11-oyatida shunday marhamat qiladi:

فَإِنْ تَابُوا وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَآَتَوُا الزَّكَاةَ فَإِخْوَانُكُمْ فِي الدِّينِ

 Ya’ni, “Agar tavba qilsalar, namozni qoim qilsalar va zakot bersalar, bas ular dindagi birodarlaringizdir”. Ushbu oyatdan kelib chiqib, ilk Islom davrida kishi zakot berish bilan jamiyat hayotiga kirib kelgan. U orqali birodarlik huquqiga, ana shu jamiyatga tegishlilik huquqiga haqli bo‘lgan.

  Zakot – Allohdan bo‘lgan farz. Lekin u jamoalarga umumiy tarzda farz qilinmagan. Zakotni ana shu jamoalardan Alloh va Oxirat kunidan umid qiluvchisi ado etadi. Oxiratga ishonchi zaif, qalbida molga bo‘lgan muhabbati Allohga bo‘lgan muhabbatdan ustun kimsalar uni tashlab qo‘yadilar, befarq munosabatda bo‘ladilar. Shunday bo‘lsada, Arab xalifaligida insonlar molidan zakot olishni davlat o‘z  zimmasiga olgan.

 Davlat nega insonlarga farz qilingan ibodatga mas’ul bo‘lishi kerak, axir mol ularniki-ku, nima uchun zakotga ajratilgan mollarini o‘zlari berishmagan? Sababi Alloh Taolo zakot beriladigan toifalarni zikr eta turib, ular safiga “sadaqa ishida ishlovchilarga” deb, zakot yig‘uvchilarga  ham zakotdan tayin qildi. Ya’ni Alloh Taolo maxsus shaxslarni muayyan vazifaga – insonlar molidan zakot berishga tayinladi va ularni “والعاملين عليها” (“uning ishida ishlovchilar”) deb atadi.

  Rasululloh sollollohu alayhi vasallam davrida zakot Qur’onda keltirilgan ko‘rsatmalarga amal qilinib olingan. U zot sollollohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga jo‘natayotganlarida: “Sen ularga Alloh boylarining mollaridan olinib, kambag‘allariga qaytadigan sadaqa farz qilganini o‘rgat. Mollarining yaxshisini olishdan hazir bo‘l. Mazlumning duosidan qo‘rq, chunki uning va Allohning orasida hijob – parda bo‘lmaydi”, deb aytganlar. Shayxulislom Hofiz ibn Hijr hazratlari: “Bu hadis shunga dalolat qiladiki, imom, ya’ni boshliq – zakotni  yo o‘zi yo noibi yig‘uvchi va uni sarflovchi shaxs. Ulardan kim buni ma’n qilsa, undan qahr yetadi”, deganlar.

    Hadisi shariflarda Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning zakot yig‘ish, uni yozib borish, sarflash ishlariga ko‘maklashgan sahobai kiromlar zikr etilgan:

– Sahihaynda Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan hadisda Umar roziyallohu anhu;

– Abu Dovud rivoyatida Abu Mas’ud roziyallohu anhu elchi qilib yuborilganligi keltirilgan;

– Ahmad rivoyatida Huzayfa roziyallohu anhu;

– Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Bani Mustalaq qabilasiga – Valid ibn Uqba yuborilgani aytilgan;

– Amr ibn Os roziyallohu anhu – Fazoraga;

– Zahhok ibn Sufyon Kiloniy – Bani Kilobga;

   Bundan tashqari Rasululloh sollollohu alayhi vasallam arab orollaridan boshqa iqlimlarga ham elchilarini jo‘natganlar:

 – Muhojir ibn Umayya – Sanoga;

– Ziyod ibn Labid – Hazromavtga;

– A’lo ibn Hazramiy – Bahraynga;

– Ali roziyallohu anhu – Najronga borishgan.

    Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning zakotdagi kotiblari – Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu edi. Agar u kishi yo‘q bo‘lsalar yoki uzrli sabablari bo‘lsa, Jahm ibn Sult va Huzayfa ibn Yaman roziyallohu anhumalar  yozishgan.

  Kelgan maktublarni ba’zi sahobalar tarjima qilishgan. Bu vazifani  Huzayfa ibn Yaman, Arqam ibn Abularqam, Xolid ibn Sa’d roziyallohu anhumlar bajarganliklari rivoyat qilinadi. Tabariy rivoyatida Rasululloh sollollohu alayhi vasallam Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhuni vafot etgan yillari Havozin qabilasiga jo‘natib, ularning maktubini tarjima qildirganliklari aytilgan.

   Nabiy sollollohu alayhi vasallam  zakot yig‘uvchilarga mollarning egalari bilan muomala qilishni, doimo ularga yumshoq bo‘lishni, Allohning haqqida e’tiborsizlik qilmasdan ularga  yengillik qilishni o‘rgatar edilar.

   Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: “A’robiylardan bo‘lgan kishilar guruhi Rasululloh sollollohu alayhi vasallam oldilariga kelib: “Zakot  yig‘uvchilar  bizlarga kelib zulm qilishyapti,” deyishdi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ularga: “Zakot yig‘uvchingizdan  rozi  bo‘ling”,  dedilar”.

  Anas roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda bir kishi Rasululloh sollollohu alayhi vasallam oldilariga kelib: “Agar men zakotni sizning elchingizga bersam, Alloh va Uning Rasuliga berishdan xalos bo‘lamanmi?  (Ya’ni, shu kifoya qiladimi?)”, dedi. Ular: “Ha, Alloh va Uning Rasuliga uni berishdan xalos bo‘lasan, senga ajr bo‘ladi, uni o‘zgartirganga esa gunoh bo‘ladi”, dedilar.

  Bu holat  Rasululloh sollollohu alayhi vasallam davrlarida o‘zgarmay keldi. Hulofai roshidinlar davrida ham bu an’ana davom etdi. Imom Bayhaqiy Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumalar zakot yig‘ish uchun odam yuborganliklarini rivoyat qilgan. Shofe’iy rahmatullohi alayh ham yuqoridagi hadisni rivoyat qilarkanlar, ular hech qaysi yili buni kechiktirmaganlarini ziyoda qilganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘z davrlarida “Muhammad o‘ldi, endi zakot bermaymiz!” deganlarga qarshi kurash ochganlar.

 Umar roziyallohu  davriga kelib Islom sarhadlari ancha kengaygan, musulmonlar ortgan. Ular ham yuqoridagi an’anani davom etganlar hamda zakot va o‘ljalar yig‘ish uchun maxsus davlat xazinasini – Baytul molni tashkil etganlar. U zot faqatgina Ramoda yili (Madinada qurg‘oqchilik va ochlik bo‘lgan yil)  holat taqozosiga ko‘ra zakot olishni kechiktirganliklari rivoyat qilingan.

   Alloh va Uning Rasuli insonlarga zakotlarini ularga boshliq kishiga topshirishni buyurgan. Ibn Umar roziyallohu  anhuma: “Zakotlaringizni Alloh sizga boshliq qilgan kishiga topshiring, garchi u xamr ichsa ham. Kim yaxshilik qilsa o‘ziga yaxshi, kim gunoh qilsa, o‘ziga zarar”, deb aytganlar.

  Sahl ibn Abu Solih otasidan rivoyat qiladi: “Mening molim zakot nisobiga yetgan edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos, Ibn Umar, Abu Hurayra, Abu Said Hudriy roziyallohu anhumlardan  ularni taqsimlaymi yoki sultonga beraymi,  deb so‘radim. Ularning barchalari menga sultona berishimni buyurishdi. Men “Bu sultonning nima qilayotganini ko‘ryapsizku,” dedim. (U vaqtda hokimiyat Umaviylarda edi). Ularning barchalari: “Ha, uni sultonga beraver”, deyishdi va hech birlari ixtilof qilishmadi”.

   Shunday qilib, Alloh Taoloning bandalariga farz etib joriy etgan zakotni yig‘ishni Islom dini qay darajada tartibga solgani haqida qisman ma’lumotga ega bo‘ldik. Qodir Alloh barchamizni zakot beruvchi va shu orqali najot topuvchi bandalaridan bo‘lishimizni muyassar aylasin!

 

Yusuf Qarzoviyning  “Zakot fiqhi” kitobi asosida

Xadichai Kubro ayol-qizlar islom bilim yurti

 mudarrisasi Kenjaboy GULRUX

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   36652   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari