1-savol: Hozirda uyning tepasiga baraka keladi deb taqa osib qo‘yishadi. Shu ish mumkinmi?
Javob: Yo‘q, mazkur niyatda uyning tepasiga taqa osib qo‘yish aslo joiz emas. Bu ish xurofot ishlardan hisoblanadi.
2-savol: Marhumning yoki marhumaning vafotidan so‘ng uning fanzandlari qirq kun shom mahaligacha uyda bo‘lishlari kerak degan gap bor, shunga aniqlik kiritsangiz.
Javob: Bu gap bid’atchilarning o‘ylab topgan gapi.
3-savol: Inson vafot etganidan so‘ng u insonning xonasi chirog‘ini yoqib qo‘yishadi. Ayrimlar buni Islomda nur yaxshilik degan ma’noni bildirgani uchun amalga oshirilishini aytishdi.
Javob: Bu ham xalqimiz orasida tarqalib qolgan bid’at ishlardandir. Bunday ishlardan ko‘ra, ikki oyat Qur’on o‘qib, o‘tganlarga bag‘ishlash ming marta afzal. Bu kabi chiroq yoqishdan turli e’tiqodlar qilinsa, gunohi azim bo‘ladi.
4-savol: Biz tomonlarda aza bo‘lgan xonadonda ayollar mato, sochiq va choy, xullas shunga o‘xshash narsa ulashadilar, men ularga bunday narsalarni ulashish mumkin emas desam, quda-qarindoshnikiga borganda bizga berishgan, uni qaytarmasak bizga qarz bo‘lib qoladi deyishadi. Bunday holda vafot etgan kishi qarzdor bo‘ladimi? Bundan tashqari, vafot etgan odamga qo‘y so‘yib maraka qilish mumkinmi?
Javob: Siz aytgan tarqatishlar shariatimizda yo‘q narsalardir. Vafot etgan kishiga ehson sifatda qo‘y so‘yib muhtojlarga ziyofat qilib bersa bo‘ladi. Bundan vafot etgan odamga savob boradi. Biroq bu borada ham turli bid’at va xurofotlardan ehtiyot bo‘lish zarur.
5-savol: “Vitr” namozida “Qunut” duosini o‘qilishi yaxshimi yoki “Ixlos” surasini? “Qunut” duosi bid’atga kiradimi yoki yo‘qmi?
Javob: Vitr namozida “Qunut” duosini o‘qish vojibdir. Buni bid’at deb aytish bu xatolikdan boshqa narsa emas.
6-savol: Uyimizdagi katta opamga bir ayol shunday debdi: “Dasturxonda duo qilayotganingizda non qolib ketmasin. Agar qolib ketsa, qolgan non shaytonning nasibasi bo‘ladi, yeb bo‘lmaydi”, debdi, - “Dasturxonda pichoq turmasin duo qilinganda”, debdi. Bu bid’atmi yoki bor narsami?
Javob: Mazkur ayol noto‘g‘ri aytibdi. Bu ishlar aynan bid’at ishlardir. Bu gaplarga aslo ishonmanglar.
7-savol: Bizda ta’ziya bo‘lgan xonadon egalari sochini qirdirib oladi, ya’ni shu xonadon erkaklari bu qanday amal joizu najoizligi haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Amalning shariatga aloqasi yo‘q. Sizlardagi urf ekan. Buning nima e’tiqod va niyatda qilinishi bizga qorong‘u. Nima bo‘lganda ham bu bid’at amal bo‘lib qolaveradi. Chunki shariatda buning hech bir asosi yo‘q.
Savol-javoblar savollar.muslim.uz saytidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati