Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

20.04.2018 y. Qo‘shnichilik haqlari

4.04.2018   5832   10 min.
20.04.2018 y. Qo‘shnichilik haqlari

2018 yil 20 aprel kunining juma mav’izasi tezisi


 

بسم الله الرحمن الرحيم

QO‘SHNICHILIK HAQLARI

Dinimizda qo‘shnichilik haqlariga rioya qilish muhim ishlardan hisoblanadi. Zero, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlanishida qo‘shnilarning o‘rni beqiyosdir. Qo‘shnichilik haq-huquqlari deganda shariatimiz yuzasidan qo‘shnilarning bir-birlariga nisbatan rioya qilishlari lozim bo‘lgan majburiyatlari tushuniladi. Qo‘shnilarning martabalari haqida Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

 عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ: اَلْجِيْرَانُ ثَلاَثَةٌ: جَارٌ لَهُ حَقٌّ وَاحِدٌ وَهُوَ أَدْنَى الْجِيْرَانِ حَقًّا، وَجَارٌ لَهُ حَقَّانِ، وَجَارٌ لَهُ ثَلاَثَةُ حُقُوقٍ وَهُوَ أَفْضَلُ الْجِيْرَانِ حَقًّا؛ فَأَمَّا الْجَارُ الَّذِي لَهُ حَقٌّ وَاحِدٌ فَالْجَارُ الْمُشْرِكُ لاَ رَحِمَ لَهُ وَلَهُ حَقُّ الْجِوَارِ، وَأمَّا الَّذِي لَهُ حَقَّانِ فَالْجَارُ الْمُسْلِمُ لاَ رَحِمَ لَهُ وَلَهُ حَقُّ الْإِسْلاَمِ وَحَقُّ الْجِوَارِ، وَأَمَّا الَّذِي لَهُ ثَلاَثَةُ حُقُوقٍ فَجَارٌ مُسْلِمٌ ذُو رَحِمٍ لَهُ حَقُّ الْإسْلاَمِ وَحَقُّ الْجِوَارِ وَحَقُّ الرَّحِمِ، وَأَدْنَى حَقِّ الْجِوَارِ أَلَّا تُؤْذِيَ جَارَكَ بِقُتَارِ قِدْرِكَ إِلَّا أَنْ تَقْدَحَ لَهُ مِنْهَا

  (رواه الإمام البزار)

ya’ni: “Qo‘shnilar uch xil bo‘ladi: birinchisi, bitta haqi bo‘lgan qo‘shni bo‘lib, bu qo‘shnilarning haqi eng oz darajada bo‘lgan toifasidir. Keyingisi, ikkita haqi bo‘lgan qo‘shni. Yana biri uchta haqga ega qo‘shni bo‘lib, bu qo‘shnilarning haqi eng ko‘p bo‘lganidir. Bitta haqga ega qo‘shni bu o‘rtada qarindoshchiligi bo‘lmagan mushrik qo‘shnidir. Unda faqatgina qo‘shnichilik haqi bor. Ikkita haqi bo‘lgan qo‘shni bu qarindosh bo‘lmagan musulmon qo‘shnidir. Unda musulmonlik va qo‘shnilik haqlari mavjud. Uchta haqga ega bo‘lgan qo‘shni esa musulmon, qarindosh qo‘shnidir. U musulmonlik haqi, qo‘shnichilik haqi va qarindoshlik haqlariga ega. Qo‘shnichilik haqining eng qo‘yi darajasi qozoningdagi ovqatning hidi bilan ham ozor bermasligingdir. Faqat unga ham ovqatingdan beradigan bo‘lsang hidi chiqsa mayli” (Imom Bazzor rivoyati).

Demak, qo‘shnilar asosan uch xil bo‘ladi:

  1. Musulmon bo‘lmagan qo‘shni.

Bunday qo‘shnida faqat qo‘shnichilik haqi mavjud.

  1. Qarindosh bo‘lmagan musulmon qo‘shni.

Buning haqlari ikki tomonlama: qo‘shnichilik haqi va musulmonlik haqi.

  1. Musulmon, qarindosh qo‘shni.

Bunday qo‘shnilarning haqi uch tomonlama sobit bo‘ladi.

Qo‘shnichilik haqi, musulmonlik haqi va qarindoshlik haqi.

Islomda qo‘shnichilik majburiyatlari juda ham ko‘p, ammo ularning barchasi quyidagi to‘rtta asosga borib taqaladi:

  1. Qo‘shniga ozor bermaslik va aziyat yetkazishdan tiyilish.

Qo‘shniga ozor yetkazish shariatimizda qattiq qoralanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam shunday deganlar: 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "وَاللَّهِ لاَ يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لاَ يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لاَ يُؤْمِنُ،"قِيلَ: مَنْ يَارَسُولَ اللَّهِ؟ قَالَ:"الَّذِي: لاَ يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ،" مُتَّفَقٌ عَلَيهِ وَفِي رِوَايَةٍ لِمُسْلِمٍ: لاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مَنْ لاَ يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ "

ya’ni: “Allohga qasamki, mo‘mini komil bo‘lmaydi, Allohga qasamki, mo‘mini komil bo‘lmaydi, Allohga qasamki, mo‘mini komil bo‘lmaydi” (deb uch marta aytdilar). Shunda ey Allohning Rasuli, kim mo‘mini komil bo‘lmaydi? deyildi. Rasululloh (so‘zlarini davom ettirib) “Qo‘shnisi uning ozor va yomonliklaridan  omonda bo‘lmaydigan kimsa”, dedilar, (Muttafaqun alayh). Imom Muslim rivoyatida esa “, Qo‘shnisi uning ozor va yomonliklaridan  omonda bo‘lmaydigan kimsa jannatga kirmaydi” deyilgandir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda quyidagicha aytadilar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ يَقُولُ : " قِيلَ لِلنَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ، إِنَّ فُلاَنَةً تَقُومُ اللَّيْلَ وَتَصُومُ النَّهَارَ ، وَتَفْعَلُ ، وَتَصَّدَّقُ ، وَتُؤْذِي جِيرَانَهَا بِلِسَانِهَا ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : لاَ خَيْرَ فِيهَا ، هِيَ مِنْ أَهْلِ النَّارِ ، قَالُوا : وَفُلانَةٌ تُصَلِّي الْمَكْتُوبَةَ ، وَتَصَّدَّقُ بِأَثْوَارٍ ، وَلاَ تُؤْذِي أَحَدًا ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : هِيَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ

(رواه الإمام البخاري).

"ya’ni: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning Rasuli, falon ayol kechasi bilan namozda qoim bo‘ladi, kunduzi nafl ro‘zalarni tutadi. Yana boshqa falon-falon yaxshiliklarni qiladi, sadaqa beradi, lekin tili bilan qo‘shnilarga ozor yetkazadi”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ayolda yaxshilik yo‘q, u do‘zax ahlidandir”, dedilar. Boyagi kishilar: “Falonchi ayol bo‘lsa, farz namozlarini o‘qiydi, kiyimlaridan sadaqa qiladi, ammo biror kishiga ozor bermaydi”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ana shu ayol jannat ahlidandir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

 Mazkur hadisi shariflarda qo‘ni-qo‘shnilarga ozor bermaslik, ularni hurmatlarini saqlashlik naqadar zarur ish ekanligi ta’kidlanmoqda. Qo‘ni-qo‘shnilarga yomon munosabatda bo‘lib, ularga ozor berish o‘qilgan nafl namozlar, tutilgan nafl ro‘zalarni ham yuvib ketib, ularni foydasiz holga keltirib qo‘yadi. Aksincha, qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashagan, ularga ozor bermagan odam katta baxt-saodatga erishadi va ahli jannatdan bo‘ladi.

  1. Qo‘shnini himoya qilish.

Qo‘shnini himoya qilish haqida mazhabboshimiz Imom A’zam rahmatullohi alayh davrlaridagi bir voqeani eslashni o‘zi kifoyadir.

Imom Abu Hanifaning ichkilikka mukkasidan ketgan bir qo‘shnisi bo‘lib, u kechasini mastlik, ashula va baqir-chaqir bilan o‘tkazar, uning dastidan Abu Hanifa rahmatullohi alayh kechalari xotirjam mutolaa qilolmasdilar. Lekin u kishi bu holatga sabr qilardi. Bir kecha negadir qo‘shnining ovozi chiqmay qoldi. Bu holatdan hayron bo‘lgan imom tong otgach, uning uyiga chiqsa, yigit uyda yo‘q edi. Odamlardan surishtirib bilsalar, mast holatda ushlanib, qamalib qolganligini aytishdi. Bu xabarni eshitgan zahoti Abu Hanifa rahmatullohi alayh to‘g‘ri shahar hokimi Iso ibn Muso oldiga borib, boyagi kishini ozod etishlarini iltimos qildi. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning hurmati va kafolati tufayli mahbus darhol ozod qilindi. Yigit imomni bunday oliyjanobliklarini ko‘rib, tasanno aytib, ichkilikni tashlab Abu Hanifa rahmatullohi alayhga shogird bo‘ldi.  Qo‘shniga ko‘rsatilgan birgina oqilona yordam, hakimona muomala tufayli fisqu fujur botqog‘iga botgan kimsa yaxshi odamlar qatoriga kirdi. Imomimizni qo‘shni bilan qilgan muomalalari barchamizga ibrat va namunadir.

3.Qo‘shniga ehson va yaxshilik qilish.

Payg‘ambarmiz sollalohu alayhi vasallam qo‘shniga yaxshilik qilish  va uni ikrom qilishga undab shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُكْرِمْ جَارَهُ

(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم).

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa, qo‘shnisini izzat-ikrom qilsin”,  (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا أَبَا ذَرٍّ، إِذَا طَبَخْتَ مَرَقَةً، فَأَكْثِرْ مَاءَهَا وَتَعَاهَدْ جِيْرَانَكَ

(رواه الإمام مسلم).

ya’ni: Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ey Abu Zar, agar sho‘rva pishirsang, suvini ko‘proq sol va qo‘shnilaringdan xabar ol” (Imom Muslim rivoyati).

  1. Qo‘shnidan yetadigan aziyat va ozorlarga sabr qilish.

Qo‘shniga aziyat va ozor yetkazmaslik olijanob kishilarning fazlilatidir.

Salafi solihlarimiz buni yaxshi anglaganlar va unga amal qilganlar.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:

لَيْسَ حُسْنُ الْجِوَارِ كَفَّ الْأَذَى، وَلَكِنَّ حُسْنَ الْجِوَارِ اَلْصَبْرُ عَلَى الْأَذَى

ya’ni: “Chiroyli qo‘shnichilik aziyat bermaslikni o‘zida emas, balki (uning) aziyatiga sabr qilishdadir”. 

Qo‘shnichilik odoblari

  • qo‘shni bilan uchrashganda salom bermoq;
  • muomalasini chiroylik qilish va ortiqcha savollarni bermaslik;
  • kasal bo‘lganda holidan xabar olish;
  • musibat yetganda yordam qilish va sabrga undash;
  • xursandchilik kunlarida xursand bo‘lib, yonida turish;
  • xatolarini kechirish;
  • uyiga ruxsatsiz nazar tashlamaslik;
  • uyining oldiga axlat va supurindi tashlamaslik;
  • o‘tish yo‘llarini toraytirmaslik;
  • quloqqa chalingan oilaviy sirlarini tarqatmaslik;
  • yo‘qligida uyini qo‘riqlash;
  • unga qarshi so‘z aytilsa himoya qilish;
  • bolasiga shirin so‘zlar aytish;
  • har qanday masalalarda bilmaganlarini o‘rgatish.

Alloh taolo barchamizga  qo‘shnilarimiz bilan ahl-inoq va go‘zal muomalada bo‘lishni nasib aylab, ularning haqlarini shariatga muvofiq holda ado etish baxtiga muvaffaq qilsin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda

14.01.2025   1959   1 min.
Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda

Shu yil 13-16 yanvar kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud shafe’ligida o‘tkazilayotgan Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.

Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya-ko‘rgazmada 100 ga yaqin davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, fan doktorlari, akademiklar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj tadbirlarini tashkil etishga mutasaddi idora va kompaniyalar qatnashmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, anjuman doirasida Saudiya Arabistonidagi vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazib, atroflicha o‘rganishlar va qiyosiy tahlillar olib bormoqda.

Shuningdek, haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari va yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘linmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirlayotgan haj va umra safarlari yo‘nalishidagi tashkiliy-huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

Haj va umra vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya doirasidagi sho‘balar, haj suhbatlari, ekspertlar tavsiyalari, turli soha mutaxassislari seminar-treninglari, xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish va zamonaviy xizmatlar taqdimotlari foydali bo‘lmoqda. 

Ma’lumot uchun, Haj konferensiyasi to‘rtinchi marta yirik masshtabda bo‘lib o‘tmoqda. Innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, tajriba almashish, haj safarini yuqori saviyada o‘tkazishga oid bilimlarni oshirish va muborak ziyoratlarni chiroyli bajarish uchun mustahkam poydevor hozirlashi bilan ushbu tadbir ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Eng yirik ko‘rgazma esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish orqali xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda