Avval Namangan va Farg‘ona viloyatlarida diniy xodimlar, imom-xatiblar va mudarrislar ishtirokidagi yig‘ilishlar o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Tursuntohir Erbo‘tayev o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan ushbu lavozimidan ozod etilib, Farg‘ona shahri “Ummul Quro” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri bosh imom-xatibi Abdullayev Ubaydullo O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muborak Qurbon hayiti arafasida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu ishlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari doirasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday xayrli tadbirlardan biri Farg‘ona viloyatida ham tashkil etildi. Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari Farg‘ona tumanida bo‘lib, ikki bosqichli murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozim bo‘lgan bolajonlar holidan xabar oldilar.
Samimiy muloqot davomida bemor bolalar va ularning ota-onalariga ma’naviy dalda berilib, shifo tilandi. Shuningdek, davolanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan xayriya mablag‘lari o‘z egalariga topshirildi.
Bu kabi tadbirlar jamiyatimizda mehr-shafqat va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, bemor farzand tarbiyalayotgan oilalarga xalqimizga xos g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati