Tabuk g‘azoti kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olishga chiqdilar. Rasulimiz tahorat olayotgan paytlarida namoz vaqti kirib qoldi. Shunda, sahobiylar namozga qoim bo‘ldilar, ularga Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu imomlikka o‘tdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olib bo‘lib, kelib qarasalar namoz boshlangan, shunda jamoatga qo‘shilib bir rakaatga ulgurdilar va qolganini o‘zlari o‘qib oldilar. O‘qib bo‘lgach: nabiy vafot etmasdan turib, solih ummatlaridan birining ortida namoz o‘qidi, dedilar.
Ey, Abdurahmon ibn Avf naqadar baxtli sahobasiz-a?! Siz, nafaqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan namoz o‘qidingiz balki Rasululloh alayhissalom ham sizning ortingizdan namoz o‘qidilar va sizni solih ummatim deb atadilar.
Alloh taolo Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!
“Sifatus Sofva” kitobidan
Yahyo ABDURAHMANOV
tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Pokistonning “Diplomatic News Agency”, “Islamabad Post”, “News Network Pakistan”, “The World News”, “Infora News” nashrlarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi haqida turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Pokiston matbuotining yozishicha, mazkur forum tinchlik, bag‘rikenglik, ma’rifat, madaniyatlararo va dinlararo muloqot tamoyillari asosida tashkil etilgan. Ushbu yirik tadbirda O‘zbekistonning butun mintaqa, islom va jahon sivilizatsiyasining shakllanishi hamda taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi e’tirof etilgan holda maxsus deklaratsiya qabul qilingan.
Mazkur deklaratsiyada O‘zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik izhor etilgani, O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning bugungi jamiyat uchun beqiyos ahamiyati e’tirof etilgan. Ushbu tashabbus islom sivilizatsiyasining boy insonparvarlik merosini qayta tiklash, ilmiy jihatdan o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Shu bilan birga, maqolada forum ishtirokchilari bir ovozdan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilgani, uning samarali faoliyati yo‘lga qo‘yilgani va Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumining o‘tkazilishi mazkur tashabbusning amaliy ifodasi ekanini tasdiqlagani qayd etilgan. Bu sa’y-harakatlar musulmon ummatining bebaho merosini o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish borasida xalqaro hamkorlikning yangi davriga asos solgani shubhasiz.
Deklaratsiyada islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, saqlash va keng targ‘ib qilish, xalqaro hamkorlikning yangi tizimini shakllantirish maqsad qilib belgilangan. Shu bilan birga, islom olamidagi nufuzli tashkilotlar va global tashabbuslarning alohida o‘rin tutishi qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati