24 mart kuni Diniy idorada O‘zbekiston va Qozog‘iston muftiylari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish ishlari kelishib olindi. Jumladan, fatvo hay’ati tuzish, diniy ta’lim berish, musobaqalar o‘tkazish va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Uchrashuvda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so‘zga chiqib, o‘zbek va qozoq xalqi azaldan bir zaminda yashab, og‘ir damlarda bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zgani, hol-ahvol so‘raganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotgani, ikki davlat rahbarlarining bu yo‘ldagi sa’y-harakatlari tahsinga loyiq ekanini qayd etdilar.
Muftiy hazratlari shar’iy masalalarni yechish, fatvo ishlab chiqish va turli musobaqalarni hamkorlikda o‘tkazish to‘g‘risida so‘zladilar. Jumladan, mo‘min-musulmonlarni qiynayotgan dolzarb muammolardagi fatvolarni e’lon qilish, Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini belgilashda ulamolar hamkorligini ta’minlash juda ham yaxshi natija berishini alohida bayon qildilar.
O‘z navbatida Qozog‘iston bosh muftiysi Serikbay hoji Oraz hazratlari qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari azaldan yonma-yon yashagani, yaxshi kunlarda ham, qiyinchilik damlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarga diniy ta’lim berish, diniy-ma’rifiy adabiyotlarni o‘zbek va qozoq tillariga nashr etish, ulamolar ishtirokida yirik anjumanlar, forumlar o‘tkazish hamkorlik samarali bo‘lishini izohladi. Qozog‘iston muftiysi O‘zbekistonda Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf hazratlarining xotiralariga katta ehtirom ko‘rsatilayotgani, yangi masjid qurilayotgani, “Hilol nashr” nashriyotida diniy adabiyotlar chop etilayotganidan juda ham xursand bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom akademiyasi rektori Ne’matulloh Ibrohimov qozog‘istonlik yoshlarni O‘zbekistondagi madrasalar, Oliy ma’had, Mir Arab oliy madrasasi va Islom akademiyasida o‘qitish borasida barcha shart-sharoitlarni tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston musulmonlari idoralari o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Tomonlar memorandum ikki davlat diniy idoralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi. O‘z navbatida mintaqadagi mo‘min-musulmonlar birdamligini ta’minlash, diniy e’tiyojlarini qondirish va ulamolarning hamfikrliligini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalarga memorandum asos bo‘lishini bildirildi.
Qozog‘iston bosh muftiysi Serikbay hoji Oraz boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahridagi “Hazrati Imom”, “Minor”, “Islom ota” jome masjidlari va “Hilol-nashr” nashriyotini ham ziyorat qilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati