1-savol: Musofir kishi qanday namoz o‘qiydi?
Javob: Va alaykum assalom! Musofir to‘rt rakatlik farz namozlarni ikki rakat qilib o‘qiydi. Sunnat namozlari o‘z holida to‘rt rakat o‘qiydi.
2-savol: Men Toshkent shahrida o‘kiyman, uyim esa Andijonda. Uyga uch kun yoki ko‘proqqa qaytsam namozlarimni qasr qilib o‘qiymanmi (15 kundan kamroq turaman lekin o‘zimni uyim)?
Javob: Siz uyingizga borganingizda namozlaringizni to‘liq o‘qiysiz. Faqat yo‘lda ketish va kelish chog‘ida musofir bo‘lasiz. Shunda namozlaringizni qasr qilib o‘qishingiz mumkin.
3-savol: Men hozir shaharda yashayman. Tug‘ilib, o‘sgan qishlog‘imdagi uyimga borsam muqim hisoblanamanmi?
Javob: Kishi o‘z shahridan (qishlog‘idan) ko‘chib, boshqa bir shaharga (qishloqqa) borib joylashsa, so‘ng safarga chiqib o‘zining oldingi yashagan joyiga borsa va u yerda o‘n besh kun turishni niyat qilmasa musofir hisoblanadi. Namozni qasr o‘qiydi (“Hidoya”).
4-savol: Musofirning mahsiga mas'h tortish haqida ma’lumot bersangiz?
Javob: Mahsi tahorat olingandan so‘ng kiyilgan bo‘lsa, keyingi tahoratda unga mas'h qilish mumkin.
Mug‘iyra ibn Sho‘ba aytadi: “Men bir kecha Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan safarda edim. Tahoratlariga idishdan suv quyib berdim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yuzlarini, ikki bilaklarini yuvdilar, boshlarining to‘rtdan biriga mas'h tortdilar, keyin men mahsilarini yechishda yordam beraman, deb uringan edim, u kishi: “Qo‘yaver, men mahsimni tahorat olib kiyganman”, dedilar va mahsilariga mas'h tortdilar (Imom Ahmad, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Mahsiga mas'h tortish muddati musofir uchun uch kecha-kunduz, muqimga esa bir kecha-kunduzdir”, deganlar (Imom Ahmad va Imom Muslim rivoyatlari).
Mahsiga qilingan mas'hni to‘rt narsa bekor qiladi:
Bunday holatlarda mahsini yechib, oyoqni yuvish lozim bo‘ladi.
5-savol: Safarga chiqqan odam namoz vaqti kirib qolsa, avtobusda o‘tirib namoz o‘qib ketsa ham bo‘ladimi?
Javob: Namoz muhim ibodat. Shu bois farz namozlarni uzrsiz o‘tirib o‘qib bo‘lmaydi. Faqat kema, samolyot va poyezdda o‘tirib o‘qishga fatvo berilgan, avtobusda esa mumkin emas.
Qur’oni karimda: “Namozni ado etib bo‘lganingizdan so‘ng, turgan, o‘tirgan va yonboshlagan hollaringizda (ham doim) Allohni yod eting! (Yov xavfidan) xotirjam bo‘lsangiz, namozni (mukammal) ado etingiz. Zero, namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir” (Niso, 103), deb buyurilgan.
6-savol: Safarda ibodatga tegishli hukmlar o‘zgaradi, deb eshitdim. Iltimos, shu haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Dinimizda safar qilish bilan ba’zi ibodatlarga doir hukmlar o‘zgaradi. To‘rt rakatli farz namozlarni qasr qilinadi (ikki rakat o‘qiladi), ro‘za tutmaslikka izn beriladi, mahsi muddati uch kunga uzayadi, juma, ikki hayit namozlari va qurbonlik so‘yish vojib bo‘lmaydi. Ozod ayollarning mahramsiz yo‘lga chiqishlari man etiladi (“Attobiya”).
7-savol: Men temir yo‘lda teplovoz haydayman, teplovozda tahorat olish imkoni qiyinroq. Shuning uchun nam salfetka bilan tahorat qilsam bo‘ladimi;
Bizni har 18 soat dam olganimizdan keyin ishga chaqiradi. Ish vaqtimiz 12 soat. Shu vaqtda biz 147 km yo‘l bosamiz, shu masofani bosganimizda to‘rt rakatli farz namozlarni qasr qilib o‘qiymizmi;
Teplovozning ichida qiblani aniq bilsak ham qiblaga qarab o‘qishning iloji bo‘lmaydi, sababi texnik jihozlar joylashgan qiblaga qaradim deb niyat qilib o‘qiymizmi?
Javob: Avvalo tahorat olishning imkoni bo‘lmagan vaqtda unga tayammum bo‘ladi. Tayammum suv topishning imkoni bo‘lmaganida yoki suv bilan tahorat qilish insonga zarar qilganida tahoratga o‘rindosh bo‘ladi. Siz bu holda tahorat olishga imkon qilishingiz kerak.
Siz aytgan masofa siz bosib o‘tadigan yo‘lning bir tarafi bo‘lsa unda siz musofir hisoblanasiz va o‘z shahringizning hududidan chiqqaningizdan so‘ng to uyga qaytgunga qadar to‘rt rakatli namozlarni ikki rakat qilib o‘qiysiz.
Qiblaga yuzlanishning imkoni bo‘lmasa qodir bo‘lgan tarafiga qarab namoz o‘qiydi
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi