Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Bekobod shahridagi «No‘mon ibn Sobit» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ullari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ziyovuddin domla Nortojiyev, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatibi va otinoyilari, shuningdek, otinoyilar, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar yarashtirildi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan ikki fuqaroga "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan nogironlik aravachasi, hassalar va boshqa zarur vositalar yetkazib berildi.
Tuman imom-xatiblari tashabbusi bilan xonadonlarga diniy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy mavzulardagi kitoblar, xususan, Qur’oni karim, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining «Fitna – ko‘z ilg‘amas xatar», «Alloh meni ko‘rib turibdi», «Tasadduq, yo Rasululloh», «Rabboniy nidolar», O‘MI Fatvo markazi nashrga tayyorlagan «Fiqh va aqoidga oid ixtilofli masalalar yechimi», «Fatvolar to‘plami» hamda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning «Baxtiyor oila» kabi asarlari hadya qilindi.
Alloh taolo xayrli ishning boshida turgan barcha azizlarimizdan rozi bo‘lsin!
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati