Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

To‘siq bilmas odamlarmiz...

22.03.2018   8742   6 min.
To‘siq bilmas odamlarmiz...

Yon qo‘shnimiz batartib odam. Bir qarichgina hovlisini  ko‘zi tushgan kishining havasi keladigan suratda chiroyli qilib devor-daraxt bilan o‘ragan. Nimagadir bolakaylar shu devor-daraxtning orasini yorib o‘tishni yoqtiradi. Hovlichaning ichida nima ohanrabosi bor tushunmaymiz. Ming mashaqqat bilan o‘stirgan “devori”ning goh uyog‘i, goh buyog‘i yalpayib qolganini ko‘rgan qo‘shni kunda jig‘ibiyron bo‘ladi. Tartibbuzar shumtakalarga do‘q qilgan kishi bo‘ladi-yu, yana qo‘shnichilik mingyilchilik deya andishaga boradi. Jahlini bosadi. Keyin ”Bu bolalarga nima bo‘lgan o‘zi, ichkarida olma-anor pishib yotgan bo‘lsa ham mayli edi, shu “izgird”ning orasidan tikonli sim tortib, balandligini odam buyi qilib o‘stirib yubormasam bo‘lmaydi chog‘i”, deb o‘rtanadi. Ba’zan esa payhon bo‘lib uzilib yotgan ho‘l novdani qo‘liga olib: “Shugina novdani nimaga uzadi, bu bolaning ota-onasiga borib shikoyat qilmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi”, deya chog‘lanadi. Shunda uning gapi menga nash’a qiladi. “Shikoyat qilmang, bularning ota-onalari ham to‘siq bilmaydiganlardan”, deyman. U hayron bo‘ladi. So‘ng gapimni misollar bilan tushuntiraman:

Quyliq bozorining o‘rtasidan voha-yu vodiyni bog‘lab turuvchi katta yo‘l o‘tgan. Serqatnov transportlardan odamlarni muhofaza qilish maqsadida piyodalar uchun yer osti yo‘li qazilib ishga tushganiga ancha yillar bo‘ldi. Lekin ishonasizmi-yo‘qmi, yer osti yo‘li ishga tushgan kezlarda odamlarni bu yo‘ldan o‘tishga undash uchun militsiya xodimlari navbatchilik qildi. Shunda ham odamlar militsalarning ko‘zini shamg‘alat qilib ko‘chani kesib o‘taverishdi. Keyin ko‘chaning o‘rtasiga beton to‘siq o‘rnatildi. To‘siq bilmaslar undan ham bemalol sakrab o‘taverishdi. Bu ham bo‘lmagach, beton to‘siqning ustidan baland panjara o‘rnatildi. Ahyon-ahyonda kishilarning shu panjaraga osilib o‘tayotgani ham ko‘zga tashlanib qoladi. Siz ham ko‘rgandirsiz, shu voqealarni? Ha, yashang!

Xorijda bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham shunday ajab gaplarni topib keladki, eshitib kulishni ham kuyishni ham bilmaysiz. Ilgariroq Sankt-Peterburgga turmush o‘rtog‘i bilan borib kelgan bir ayol maqtangandi. “Svetaforning qizil chirog‘i yonib qolsa, piyodalar ham to‘xtab turaverar ekan-ay. Men erimni shundog‘ qo‘ltiqladim-u ko‘chaning o‘rtasidan shartta kesib o‘tib ketdim. Hamma bizga qarab hayron qoldi”. (Ana farosatu mana farosat!)

Germaniyaga borib kelgan bir yurtdoshimiz aytadi: ”Mehmonxonada yotib uyqum qochdi. Derazani qiya ochib tungi shaharni tomosha qilib  o‘tiribman. Yarim kecha, ko‘chada hech zog‘ yo‘q. Shu choq bir velosipedchi paydo bo‘ldi. U chorrahaga yaqinlashganda svetaforning qizil chirog‘i yondi. Velosipedchi to‘xtadi-da yashil chiroq yonishini kutdi. Yashil yonganidan keyin ko‘chani kesib o‘tib ketdi”.

Yigirma yilcha burun xorij gazetlaridan birida bir hajviya bosilgan edi. Hajviyaning sarlavhasi esimda yo‘g‘-u, unda yoritilgan voqea juda alomat: “Ko‘p qavatli uylardan biriga qayriladigan yo‘lga bolalar o‘ynab to‘g‘ri chiziq tortib qo‘yibdi. So‘ng bolalar boshqa o‘yinga ovunib, kech tushgach, uy-uyiga tarqalib ketgan. Shu uyda yashaydigan odamlar kechqurun ishdan qaytsa, uyning  oldiga chiziq tortilgan emish. Bu chiziq nega tortilganini bilmagani uchun hech kim undan hatlab o‘tib uyiga yetib olishga jur’at etmabdi. Voqeadan xabar topgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bir zumda yetib kelibdi. Ular chiziq nima sababdan tortilgani aniqlanmaguncha, kirdi-chiqdini to‘xtatib, navbatchilik posti tashkil etibdi. Hech kim chiziqdan na u yoqqa, na bu yoqqa o‘ta olmas emish...”

Bu bir hajviya endi. Muallif go‘yoki odamlarning go‘lligi, soddaligini hajv qilganday bo‘lsa-da, uning zamirida tartiblilik, intizomlilik, jamiyatdagi mavjud tartib-qoidalarga hurmat ma’nosi ham bor aslida.

Har safar sizning ko‘rib qolishingizdan hadiksirab devor-daraxtning orasini yorib o‘tayotgan bolalarni yoki militsalar ko‘rib qolmasinda ishqilib, degan xavotirda atrofga alanglay-alanglay Quyliqdagi ikki metrdan oshiq baland to‘siqdan oshib o‘tayotgan, boringki, svetaforning qizil chirog‘ida o‘taman deb katta tezlikda kelayotgan mashinalarning oldida jonini hovuchlab chopqillab borayotgan kishilarni ko‘rganda, xorijliklar bunchalar anqov bo‘lmasa, deb qo‘yaman.

Mana, bildingizmi, biznikilarga chiziq degani, sizning yarim metr devor-daraxtingiz nima bo‘libdi. Umuman, bizda taqiqlovchi belgilar va pastak himoya to‘siqlari mutlaqo ortiqcha. O‘tish mumkin emas joylarga birdaniga balandligi kamida uch metr oynaday silliq devor o‘rnatish kerak. Xorijlik anoyilarga bitta chiziq tortib qo‘ysangiz, bas.  Ikki chaqirim naridan aylanib yuraveradi. Biz esa ikki metr balandlikdagi devordan ham bemalol oshib ketamiz. Uch metr, bo‘lak gap. Shu yerga kelganda odob-axloqni yodga olamiz, “to‘g‘ri yo‘limizni to‘sgan nobakorlarni” boplab bir so‘kamiz-da, go‘yoki jamoat tartibini saqlagandek bo‘lib to‘siqni aylanib o‘tamiz.

Darvoqe, bu hali yakuniy hisob emas. Bu – bugungi ota-onalar ya’ni katta avlodning ko‘rsatkichi, xolos. Ehtimol, hozirgi ota-onalarning tarbiyasini ko‘rib ulg‘ayotgan, hozirda yarim metr devor-daraxtdan oshib o‘tishni mashq qilayotgan avlod uchun ertaga uch metr balandlik ham hech narsa bo‘lmas. Balki mo‘jiza yuz berib ular ham bir kichkina chiziqchani aylanib o‘tar. Koshkiydi, shunday bo‘lsa-yu, har xil to‘siqlar o‘rnatishdan, bunga ko‘pdan-ko‘p mablag‘u vaqt sarflashdan, eng muhimi, asabbuzarlikdan qutulsak. Ana shunda sizning devor-daraxtingiz ham tishi singan dandonday kemshik bo‘lib turmasdan ko‘rkamlashib qoladi.

Binobarin, Parvardigorimiz O‘z Kalomida: «Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar esa, shak-shubhasiz - Biz (ular kabi) chiroyli amallar qilgan kishilarning ajr-mukofotini zoye qilmasmiz» (Kahf, 30);

«Zotan, Alloh taqvodor bo‘lgan va chiroyli amallar qiluvchi zotlar bilan birgadir» (Nahl, 128), deb marhamat qilganki, ibodatlarimizga monand amallarimiz ham chiroyli bo‘lsa, bir-birimizning ishlarimizga, harakatlanishimizga noqulaylik tug‘dirmasdan, jamiyatimizda mavjud qonun-qoidalarga itoat qilsak, bundan faqat va faqat o‘zimiz foyda ko‘ruvchi bo‘lamiz.

 

Damin JUMAQUL

O‘MI Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir

03.09.2026   1155   4 min.
Gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).


Ulamolarning ba’zilari: “Barcha yaxshiliklar shu hadisda jamlangan”, degan bo‘lsalar, ayrimlari: “Ushbu hadis Islomning yarmidir, chunki hukmlar Haq taologa yoki maxluqotlarga tegishli bo‘ladi. Ushbu hadis maxluqotlarga tegishli hukmlarni yoritib bergan”.


“Jome’ul kabir” kitobida Muhammad ibn Abdulloh ibn Salom aytadi: «Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Menga qo‘shnim ozor beryapti”, dedim. Shunda u zot: “Sabr qil”, dedilar. Ikkinchi marta kelganimda ham: “Sabr qil”, dedilar. Uchinchi bor kelganimda: “Ko‘ch-ko‘roningni yig‘ishtir-da, ko‘chaga olib chiq. Kim uchrasa, unga: “Qo‘shnim menga ozor bermoqda”, deb aytgin”, dedilar. Shu sabab o‘sha qo‘shning insonlarning malomatiga qoladi» deb, so‘ngra: “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin”, dedilar.


“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa…” jumlasidagi “iymon”dan murod “mukammal iymon”dir. Alloh va oxirat kuniga xoslanganining hikmati shuki, Yaratgan Zotga va qiyomatda amaliga yarasha jazo berilishiga iymon keltirgan kishi “Yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”.


Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: “Agar bir kishi gapirishni xohlasa, gapiradigan gapi haqiqatan yaxshi va savobga loyiq bo‘lsa, gapirsin. Agar gapirmoqchi bo‘lgan gapi haromga yoki makruhga eltadigan bo‘lsa, tiyilsin”. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “U (inson) biror so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa), uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)”, degan (Qof surasi, 18-oyat).


Abu Muhammad ibn Abu Zayd Molikiy rahmatullohi alayh aytadi: “Barcha yaxshi odoblar to‘rt hadisdan tarmoqlanadi:

  1. “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”;
  2. “Bekorchi narsalarni tark qilish kishi Islomining go‘zalligidandir”;
  3. “G‘azablanma”;
  4. “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham ravo ko‘rmagunigacha mo‘min bo‘la olmaydi”.


Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday vasiyat qilgan: “Agar gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir”.


Ibn Muborak aytadi: “Agar gap Alloh taoloning toati borasida bo‘lsa, kumushdir, Alloh taologa gunoh qilishdan sukut qilmoq esa oltindir”.


Zunnun Misriy rahmatullohi alayh aytadi: “Insonlarning eng yaxshisi o‘z tiliga egalik qila olganidir”.


“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Qo‘shniga yaxshilik qilish, unga ozor bermaslik mo‘min kishi Islomining to‘g‘riligi va iymonining komilligidan hisoblanadi. Alloh taolo O‘z Kalomida bunday degan: “Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shniga, yon qo‘shniga, yondagi sohibga, yo‘qsil yo‘lchiga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh dimog‘dor va maqtanchoq kimsani suymas” (Niso surasi, 36-oyat).


Imom Buxoriy rahimahullohdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: «“Allohga qasam, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi”. Shunda Rasulullohdan so‘raldi: “Ey Allohning Rasuli, kim u?” U zot: “Qo‘shnisi uning ozorlaridan, yomonliklaridan va aziyatlaridan omonda bo‘lmagan kishi”, dedilar».


“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Bu xislat payg‘ambarlarning va solih kishilarning xulqlari, odatlari va Islomning go‘zal odoblaridandir. Ibrohim alayhissalom “Mehmondo‘stlarning otasi” deb kunyalangan. Chunki u zot bir yoki ikki mil (o‘rtacha 4000 qadam) yurib, shu asnoda duch kelgan kishini uyiga olib kelib mehmon qilgan. 


O‘tkir MAHMUDOV,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir
Ibratli hikoyalar