Har gal Masjidi Haromga borganimda ko‘pchilikning qo‘lida Qur’on ko‘raman. Ayniqsa, Ruknul Yamaniy tarafga qaragan, ikki qavatli salqin bo‘lmalar asosan mahalliy arablar bilan to‘ladi. Ularning deyarli hammasi ustunlar tagiga taxlab qo‘yilgan Qur’on kitoblariga “hujum qilib”, namoz vaqtigacha tilovat bilan mashg‘ul bo‘ladilar.
Ona tili arabcha bo‘lmagan kishilar arablarga havas qilib, Qur’onni tushunish ular uchun mushkul emas deb o‘ylashadi. Bu fikr ko‘pam to‘g‘ri emas. Arablar, albatta, bu imtiyoz-imkoniyatga ega, biroq bu o‘rinda boshqa bir muammo mavjud, bu ularning Qur’onga nisbatan bepisandligidir.
Ma’lumki, bilmaydigan va bilmasligini biladiganlarda bir kun kelib bilish, o‘rganish imkoni bor. Lekin bilmagani holda o‘zini bilag‘on hisoblaganlarning hech narsa o‘rgana olmasligi ham bor gap.
Haj safarida yurgan kunlarim edi. Bir kuni Qur’on o‘qib o‘tirsam, bir oyat chiqib qoldi. Oyatning ruhi-dilga naqsh bo‘lguday ma’nosidan hayratga tushdim. Yuz-ko‘zidan arab millatiga mansub ekani ayon bir kishini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Oyatni o‘qib, bir so‘z ma’nosini so‘ragan edim, ma’nosi nega kerak, deganday behis qarash bilan javob berdi. U mening Muqaddas kalomni tushunish istagimdan ajablangan, bu – dahshat edi. Arabning bilish-bilmasligini aniqlay olmadim. Ma’lum bo‘lgani shuki, u ham milyonlarcha turdoshlari kabi Qur’onni tabarrukan talaffuz qilinib, tokchaga qo‘yib qo‘yiladigan muqaddas ashyo, deb bilardi.
Bu voqeadan keyin atrofdagilarning Qur’onga bo‘lgan munosabatlarini diqqat bilan kuzata boshladim. Kuzatganim sari tashvishim ming chandon orta bordi. Odamlar Qur’onni shunchaki tilovat qilishar, keyin yana tokchaga joylab qo‘yishardi.
Tilovat qilayotganlardan birortasining yuzida azob oyatining vahmi, rahmat oyatining quvonchi, jannat haqida so‘z boradigan oyatlar sevinchi, do‘zaxdan gapiriladigan oyatlar dahshati kabi alomatlar ko‘rinmas edi. Ko‘pchilikning holat-atvori va o‘zini tutishida Qur’ondan mutaassirlik yo‘q edi mutlaqo.
So‘zimning isboti tariqasida bir voqeani keltiraman.
Harom masjidi. Juma namozi payti. Tumonat odam. Igna tashlasangiz, yerga tushmaydi. Bir kishi oyog‘ini oxirigacha kerib, chordona qurvolgan ko‘yi ikki kishilik joyni egallagan, yoyilib o‘tiribdi. Birov yaqin kelayotganini ko‘rsa, yonimga kelib o‘tirmasin degan xavotirda yanayam yalpayib, yoyilib olishga harakat qiladi. Kechikkanlar, jamoat namozga turganda joy topishga umid qilib, daqiqalarcha oyoqda kutardilar. Namozga turilgach, men joyimni ikki o‘spiringa berdim. O‘zim oldingi safda yoyilib o‘tirgan boyagi kishidan barcha uzr jumlalari va nazokat kalimalarini ishga solib, bir oz joy berishini iltimos qildim. U esa yuzini tirishtirgancha qo‘pol ohangda rad etdi. Vaholanki, haligina shu odam ko‘z o‘ngimda bir soatga yaqin tebranib-tebranib Qur’on tilovat qilgan edi. O‘shanda yana bir kishi kelsa-yu, unga joyimni berib, o‘zim peshin namozi bilan kifoyalansam, shoyad shunda bu odamning ko‘nglida insoniylik tuyg‘ulari uyg‘onsa, deb astoydil umid qildim. Ammo hech kim kelmadi.
Namoz o‘qish oson, namozning mohiyatini hayotimizga tatbiq qilish qiyin;
Qur’on o‘qish oson, Qur’oniy axloq bilan bezanish juda-juda mushkul;
Hajga borish oson, hoji bo‘lish, Odamdayin odam bo‘lish oson emas.
Qur’onni tafakkur, tadabbur va tazakkur qilish borasida nega to‘xtalganim, o‘ylaymanki, endi oydinlashdi.
Axir bekorga Qur’onda: “Axir, ular bu So‘zni (Qur’onni) tafakkur qilib ko‘rmadilarmi...?” deyilmagan (Mo‘minun, 68).
“Irfon” taqvimidan
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws