1. Kimki oxirat ishini ro‘kach etib, boylik orttirishga intilsa, unday bandaga oxiratda nasiba yo‘q.
2. Jaholatdan ko‘ra yomonroq faqirlik yo‘q.
3. Aqldan ko‘ra foydaliroq mol yo‘q.
4. O‘ziga bino qo‘yishdan ko‘ra yomonroq yolg‘izlik yo‘q.
5. Maslahatdan ko‘ra ishonchliroq bir-birini qo‘llash yo‘q.
6. Tadbir qila bilishdek aql yo‘q.
7. Go‘zal xulqdek nasl-nasab yo‘q.
8. O‘zini tiya bilishdek taqvo yo‘q.
9. Tafakkurdek ibodat yo‘q.
10. Hayo va sabr qilishdek imon yo‘q.
11. Balog‘atga yetgandan so‘ng yetimlik yo‘q.
12. Islomda toq o‘tishga o‘rin yo‘q.
13. Fathdan so‘ng hijrat yo‘q.
14. Islomda chigallik yo‘q.
15. Omonatga xiyonat qiluvchida imon yo‘q.
16. Va’dasiga vafo qilmaydigan odamda din yo‘q.
17. Uch kundan ortiq arazlashib yurish yo‘q.
18. Istig‘for bilan gunohi kabira yo‘q.
19. Qur’on o‘qib yurgan banda uchun muhtojlik yo‘q va u uchun Qur’ondan ortiqroq boylik yo‘q.
20. Alloh uchun duodan o‘zga yoqimliroq narsa yo‘q.
21. Zulmdan ham ko‘ra jazosi tezroq keladigan narsa yo‘q.
22. O‘zgalarning och qornini to‘ydirishdan ko‘ra afzalroq amal yo‘q.
Davron NURMUHAMMAD
to‘pladi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV