Tuya ajoyib jonivor. Ko‘zimiz o‘rganib qolgani uchun undan ajablanmay qo‘yganmiz. U katta va ulkan bo‘lishiga qaramay, tizginidan tutib yetaklasang, xohlagan tarafingga birga boradi. Og‘ir yuklarni bemalol ko‘tarib, uzoq manzillarga yetkazadi. Ustida yuki bilan yerga yengil cho‘ka oladi. Odamlar tuyaning ustiga taxtiravonni uydek tiklab, unga ozuqa, ichimlik, kiyim-kechak, idish-tavoqlari va yostiqlarini joylab uzoqlarga yo‘l oladilar. Hatto tuya ustiga qurilgan “uy” ning shifti ham borki, tuya ana shularning hammasini churq etmasdan ko‘tarib yurishga qodir. Shuning uchun Alloh taolo: “Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi?” (G‘oshiya surasi, 17-oyat), deya inson aqliga xitob qiladi. Oyati karimada aytilganidek, tuyaning yaratilishi xususida tafakkur va tadabbur qilib ko‘rilsa, Alloh taoloning naqadar buyuk yaratuvchi ekaniga amin bo‘linadi. Har ishga qodir Zot tuyaning bo‘ynini nega uzun qilib yaratganiga ahamiyat bersak, og‘ir va baland yuklarni ham qiynalmasdan ko‘tarib yurishi bejiz emasligiga ishonch hosil qilamiz.
Bir donishmand tuyaning qanday yaratilgani xususida uzoq o‘yga tolibdi. Chunki u tuyalar yo‘q joyda yashagani uchun ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan ekan. Oxiri o‘ylay-o‘ylay: “Alloh taolo tuyaning bo‘ynini uzun qilib yaratganiga sabab uni “sahro kemasi” bo‘lishini iroda qilgan bo‘lsa kerak”, degan xulosaga kelibdi. Tuya sahro va cho‘llarda yurganda ham o‘n kunga qadar suvsizlikka chidaydi, u cho‘lning quruq o‘t-o‘lan va yantoqlarini yeydi. Rivoyatga ko‘ra, Said ibn Jubayr bir joyga ketayotganida yo‘lda qozi Shurayxni uchratib, undan qayoqqa ketayapsiz, deb so‘rabdi. U Kannasa degan joyga ketayotganini aytibdi. U yerda nima qilasiz, debdi. Qozi Shurayx tuyalarning qanday yaratilganini ko‘rmoqchiman, debdi. Chunki u tuyalarni umrida ko‘rmagan ekan. Alloh taolo shunday degan: “Yana ularning ustida va (daryo-dengizlarda esa) kemalarda yuk tashiysizlar" (Mo‘minlar surasi, 22-oyat). Bu oyatdagi “fulk” deganda suvda yuradigan kemalarni nazarda tutilgan, tuyalar esa quruqlik “kema” laridir.
Tuyalarning turlari juda ko‘p. Arablar tuyalarni joy nomi, yoshi va qaysi qabilaga mansubligiga qarab har xil nomlar bilan atagan. Har biri haqida batafsil ma’lumot berishning iloji yo‘q. Tuyaning erkagi urg‘ochisi bilan bir yilda bir marta qo‘shiladi Mantiq sohibi (Arastu) erkak tuya hech qachon o‘zini tuqqan urg‘ochi tuya bilan qo‘shilmasligini aniqlagan. Alloh taolo o‘z kalomida mazkur ajoyib hayvon haqida ayrim sirlarni bayon etadi. Tuyaning sifatlarini boshqa hayvonlar sifati bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Ilk islom davrida ham, hozirgi zamon olimlari ham tuyani g‘ayritabiiy hayvon ekaniga guvoh bo‘lmoqda.Tuyaning ikki turi mavjud. Birinchi turiga bir o‘rkachli tuya bo‘lib, uni arab tuyasi deb nomlanadi. U Arabiston yarim orolida tarqalgan. Ikkinchi turi ikki o‘rkachli bo‘lib, bu turdagi tuyalar O‘rta Osiyo hududlarida makon topgan. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, yer yuzida 190 million tuya mavjud bo‘lib, ulardan 90 foizi bir o‘rkachli tuya, 80 foizi Afrika qit’asida yashaydi.
Mulohaza qilib ko‘rilsa, tuyaning uzun kipriklari tashqaridan kelayotgan qum va zarralardan himoya qilish vositasidir. Uning quloqlari kichkina bo‘lib, ko‘zga ham unchalik tashlanmaydi. Agar shamol qattiq esib, qum zarralari uchsa, quloqlarini orqa tomonga egib boshiga yopishtirib oladi. Shuningdek, yollari ham uni qum zarralaridan himoya qiladi. Orqa tomondan esa, dumi unga o‘q singari uchib kelayotgan mayda qum zarralaridan himoya vazifasini bajaradi.
Hozirgi kunimizda ham quruq sahrolarda yurish uchun tuyadan foydalanilmoqda. Tuya karvoni og‘ir yuk bilan bir kunda 50-60 km. masofani bosib o‘tadi. Zamonaviy avtomashina sahroda yurishga qodir bo‘lmagan joylarda tuya qiynalmay manzilga yetkazadi.
Tuyaning uzun bo‘yni unga yerdagi o‘t-o‘lan va baland daraxt butalarini yeyishda asqotadi. Eng asosiysi, uning uzun bo‘yni og‘ir yuk bilan qaddini ko‘tarishga katta yordam beradi. Chunki u og‘ir yuk bilan tik turayotgan vaqtda, uzun bo‘yni muvozanatni saqlashga ko‘maklashadi. U cho‘kkalayotgan vaqtda, qalin va kuchli teridan iborat oyoq bo‘g‘imlaridan yumshoq yostiq sifatida foydalanadi. Bu qulaylik Alloh taolo tomonidan bu ajoyib hayvonlarga ato etilgan mo‘jizadir. Tuyaning asosiy xususiyatlaridan biri uzoq vaqt suvsizlikka chidashidir. Bunga asosiy sabab kun qattiq isib ketsa yoki chanqasa, uning og‘zidan nafas olmasligidir. Bu esa suvni o‘zida uzoq vaqt saqlab turishga yordam beradi.
Hali ilm aniqlamagan tuyaning yana ko‘p xususiyatlari mavjud. Alloh taolo tuyani boshqa mavjudotlar yaratilishiga taqqoslab, osmon, tog‘ va yerni qanday yaratganiga tadabbur bilan nazar solishga undaydi. Tajriba o‘tkazgan olimlarning ta’kidlashicha, har doim quruq hashak yeyishi uning chanqashiga sabab bo‘lsa-da, lekin shu holatida ham ikki hafta yoki undan ko‘proq suv ichmay yura oladi. Lekin bu holat tuyaning ozib ketishiga sabab bo‘ladi. Odam zoti suvsizlikka bor-yo‘g‘i bir kun yoki ikki kun chidaydi. Tuyaning yana bir xususiyati shundaki, chanqagan vaqtida sho‘r, achchiq va sassiq suvlarni ham ichib ketaveradi. Tuya organizmi shunday suvlardagi mavjud viruslarga qarshi kurashib, uni bavl orqali tashqariga chiqarib yuboradi.
Hamma hayvonlarda o‘t pufagi mavjud bo‘lsa ham, lekin tuyalarda o‘t pufagi bo‘lmas ekan. Shuning uchun tuyada sabr-toqat ko‘proq, buyruqqa osongina bo‘ysungani uchun unga Abu Ayyyub deb laqab taqilgan.Tuyaning jigarida o‘t pufagiga o‘xshagan bir parcha teri bo‘lib, unda so‘lak mavjud. Tuya tabiatan tikanli o‘t-o‘lanlarni xush ko‘radi va oshqozoni ham uni yaxshi hazm qiladi. Ammo oshqozoni arpani hazm qilishga qiynaladi. Ulamolar hujjati va ijmosiga ko‘ra, tuya go‘shtini yeyish halol deyilgan. Ammo zakot berishga kelsak, o‘tlab yurgan har beshta tuyaga bir qo‘y, o‘nta tuyaga ikki qo‘y va o‘n beshta tuyaga uchta qo‘y berish vojib. Buni fiqhiy kitoblarda to‘liq va batafsil bayon etilgan. Tuyaning junini kuydirib, oqayotgan qon ustiga bosilsa, qonni darhol to‘xtatadi. Tuyaning mo‘jizaviy jonzot ekani faqat shulardan iborat emas. Balki kelajakda aniqlanar.
Manbalar asosida Bobomurod ERALI tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan yurtimizdagi imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan joriy yil 6 aprelidan boshlab Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tajvid ilmi bo‘yicha navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.
Mazkur dastur doirasida 2026 yil 16 aprel kuni Xorazm viloyatidagi "Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida viloyat imom-xatiblari va imom noiblari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum ishtirok etib, "Xorazm ulamolarining tajvid va qiroat ilmiga qo‘shgan hissasi" mavzusida ham ma’ruza qilib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati