So'ngi vaqtlarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlarning mediamarkazlari tomonidan tayyorlangan ekstremistik va terroristik mazmundagi targ'ibot materiallari internet tarmoqlarida keng tarqatilmoqda. Bu esa, o'z navbatida, nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi ma'lumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qo'yish bo'yicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qo'ymoqda.
Misol uchun, o'tgan davrlar mobaynida AQShda 68 ta, Rossiya Federatsiyasida 47 ta, Buyuk Britaniya 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan, shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasida 5342 ta https:// minjust.gov.ru/ru/extremist-materials/?page=54& , Qozog'iston Respublikasida 1133 ta https://www.gov.kz/memleket/entities/pravstat/yapress/ article/details/17669? lang=ru, Qirg'iz Respublikasida 167 ta https://drive.google.com/file/d/ 11anEEHxeFtj9tc5tPj-SszvJ5zsXZh4R/view va Tojikiston Respublikasida
2417 ta https://nbt.tj/ru/financial_monitoring /perechni .php radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.
O'zbekiston Respublikasida ham ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet saytlari, kanallar, profillarni aniqlash va ularni faoliyatiga chek qo'yish yuzasidan mas'ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yo'lga qo'yilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur mexanizmga asosan, Din ishlari bo'yicha qo'mitasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmog'idagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanib, Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topiladi.
Ushbu tartibga asosan, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining
60 ga yaqin qarori chiqarilib, ularga muvofiq 500 dan ortiq kontent radikal mazmunda deb topilgan hamda ularni O'zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.
Ta'kidlash joizki, noqonuniy deb topilgan kontentlardan aholini xabardor etish – mazkur yo'nalishda olib borilayotgan faoliyatning samaradorligini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi PrezidentiningN “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4436-son qaroriga ko'ra, Adliya vazirligi va Oliy sud o'zining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda O'zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil' messenjerlar ro'yxatini e'lon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta'minlashi belgilangan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga ko'ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi o'tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularni O'zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos hisoblanishi qayd etilgan.
Mazkur qarorga asosan, Din ishlari bo'yicha qo'mita muayyan bir shaxsga yoki uning xatti-harakatlari yuzasidan ekspertlik xulosasini bermaydi. Qo'mita huquq-tartibot organlari taqdim etgan diniy mazmundagi materiallarning mazmuni yuzasidan davlat dinshunoslik ekspertizasini o'tkazadi hamda ular bo'yicha ekspertlik xulosasini O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq tayyorlaydi.





AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati