Qur’on o‘quvchi qori xolis niyat qilishi, tilovat odoblariga amal qilishi lozim. U tilovat chog‘ida o‘zini Alloh taologa munojot qilayotgandek tutishi, Allohni ko‘rib turgandek holatda bo‘lishi kerak. Garchi u ko‘rmasa ham, Alloh taolo bandani ko‘rib turadi. Qur’on tilovati va qorilarning odoblari:
– Qiroatdan oldin og‘iz misvok yoki boshqa vositalar bilan tozalanadi. Misvokning eng afzali arok daraxtidan olinganidir. Ammo tishlarni tozalashda boshqa vositalarni ham ishlatsa bo‘ladi.
Agar og‘izda qon yoki boshqa narsalar bo‘lsa, uni yuvib tashlamay Qur’on tilovat qilish makruh sanaladi;
– Qur’on tahoratli holda o‘qiladi. Agar suv topilmasa, tayammum qilinadi. Junub va hayz ko‘rayotgan ayol bir oyat yoki undan kam miqdorda bo‘lsa ham o‘qishi harom. Ammo harflarni talaffuz qilmasdan, qalbdan o‘tkazsa bo‘ladi. Shuningdek, bunday holda Mus'hafga nazar solish ham joiz.
Junub va hayz ko‘rgan ayol tasbeh, tahlil, tahmid, takbir aytishi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot yo‘llashi mumkin. Bu toifadagilar musibat yetganda Qur’on oyatini niyat qilmagan holda “innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’un”, deyish joizligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Shuningdek, ular ulovga minishda “subhaanallaziy saxxoro lanaa haazaa va maa kunnaa lahuv muqriniyn”, deb aytishlari va faqat duo niyati bilan “robbanaa aatinaa fid-dunyaa hasanatav-va fil-aaxirati hasanatav-va qinaa azaaban-naar”, deyishlari ham joiz;
– Qiroat qilinadigan joy pok va ozoda bo‘lishi lozim. Shuning uchun ko‘p ulamolar masjidda Qur’on o‘qish mustahab deganlar. Chunki masjid doimo ozoda bo‘ladi. Bunda masjidning hurmati va sharafi ham e’tiborga olinadi;
– Qur’on o‘quvchi qiroatni boshlashdan avval “a’uzu billaahi minash-shaytonir rojiym”, deydi. Bu fikr jumhur ulamolarning so‘zlaridir.
Alloh taolo aytadi:
فَاسْتَعِذْ بِاللّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ فَإِذَا قَرَأْتَ الْقُرْآنَ
“Qachon Qur’on o‘qisang, mal’un shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so‘ragin!” (Nahl, 98).
Ko‘pchilik salaf ulamolar taavvuzni “a’uzu billaahis-samiy’il ’aliymi minash-shaytonir rojiym” tarzida aytishardi. Ushbu siyg‘a (shakl) ham maqbul, lekin eng afzali birinchisidir (ya’ni, “a’uzu billaahi minash-shaytonir rojiym”).
Xoh namozda yoki boshqa holatda bo‘lsin qiroat avvalida ta’avvuzni aytish mustahab, vojib emas. Shuningdek, Tavba surasidan boshqa hamma suralar avvalida “بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ” ya’ni, “bismillaahir-rohmaanir-rohiym”ni aytish lozim. Agar basmalani tark qilsa, ko‘pchilik ulamolarning fikricha, Qur’onning odobini buzgan hisoblanadi;
– Agar qori adashib ketmasa, Qur’onni yo‘lda yoki safarga ketayotganida qiroat qilishi joiz. Agar qiroatda xayoli chalg‘isa yoki yanglishsa, u holda yo‘lda tilovat qilish makruh
وَعَنْ حُمَيْدٍ الأَعْرَجِ عَنْ مُجَاهِدٍ قَالَ: إِذَا تَثَاوَبْتَ وَأَنْتَ تَقْرَأُ فَأَمْسِكْ عَنْ الْقِرَاءَةِ حَتَّى يَذْهَبَ عَنْكَ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ فِي شُعَبِ الإِيْمَانِ.
Humayd A’roj Mujohiddan rivoyat qiladi: “O‘qiyotganingda esnasang, esnash to‘xtagunicha qiroat qilmay tur” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).
Demak, esnayotganda Qur’on o‘qish mumkin emas. Bunda tilovatni to‘xtatib turib, og‘izni o‘ng qo‘l bilan yopish kerak. Bu ham odobdandir;
– Namozdan tashqari holatda ham qiblaga yuzlanib tilovat qilish mustahab.
– Qur’on o‘quvchi qori sokin va viqor bilan, boshini quyi solib, o‘zini xuddi ustozi oldida o‘tirgandek tutishi lozim.
Alloh taolo aytadi:
لِّأُوْلِي الألْبَابِ خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ وَاخْتِلاَفِ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ لآيَاتٍ إِنَّ فِي
الَّذِينَ يَذْكُرُونَ اللّهَ قِيَاماً وَقُعُودا وَعَلَىَ جُنُوبِهِمْ وَيَتَفَكَّرُونَ فِي خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ
رَبَّنَا مَا خَلَقْتَ هَذا بَاطِلاً سُبْحَانَكَ فَقِنَا عَذَابَ النَّار
“Albatta, osmonlar va Yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun (bir yaratuvchi va boshqarib turguvchi Zot mavjud ekaniga) oyat-alomatlar bordir. Ular turganda ham, o‘tirganda ham, yotganda ham Allohni zikr qiladilar hamda osmonlar va Yerning yaralishi haqida tafakkur qilib (deydilar): “Parvardigoro, bu (borliq)ni behuda yaratganing yo‘q! Sen (behuda biron ish qilishdan) poksan! O‘zing bizni jahannam azobidan asragin!” (Oli-Imron, 190-191).
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu: “Men Qur’onni namozda ham, yotog‘imda ham o‘qiyman”, degan.
Jundub ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni unga qalblaringiz ulfat bo‘lib turganda qiroat qiling. Qachon ixtilof qilsangiz turib keting”, dedilar” (Ikki shayx rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifni ulamolarimiz ikki xil ta’vil qilganlar.
Birinchi ta’vil: Qur’onning ma’nolari haqida ittifoq bo‘lib turganingizda qiroat qiling. Agar ixtilof qilib qolsangiz, talashib-tortishib janjallashmasdan o‘rningizdan turib keting.
Ikkinchi ta’vil: Qur’onni qalbingiz unga ishtiyoq qilib, oshiq bo‘lib turganda o‘qing. Qachon malol ko‘rishni sezsangiz o‘rningizdan turib keting.
Albatta, bu ikki ma’noga ham amal qilmoq kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh chiroyli ovozli nabiyning ovoz chiqarib Qur’onni ohangli qilib o‘qiganiga quloq solganchalik hech bir narsaga quloq solmagan”, dedilar” (Uchovlari rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharif Qur’oni karimni qoidasi bilan chiroyli qilib qiroat qilish juda ham marg‘ub amal ekaniga dalildir.
Abu Dovud va Buxoriyning rivoyatida:
“Qur’onni ovozlaringiz ila ziynatlanglar. Kim Qur’onni ohang bilan o‘qimasa bizdan emas”, deyilgan.
Qur’oni karimni qoidaga muvofiq qilib ohang bilin o‘qimoq darkor. Kim tajvid qoidalariga va ohang bilan qiroat qilishga amal qilmasa makruh ishni qilgan bo‘ladi. Ba’zi ulamolar bu ishni harom, o‘shani qilgan odam gunohkor, deganlar.
Qur’oni karimni qoidaga rioya qilmay o‘qiyotganlarni ko‘rgan kishilar ularga bu ish noto‘g‘ri ekanini tushuntirmog‘i lozim.
Alloh taolo:
وَرَتِّلِ الْقُرْآنَ تَرْتِيلاً
“Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil” (Muzzammil, 4), degan.
Sharh: Qur’onni tartil bilan o‘qish deb uni dona-dona qilib, har bir harfini o‘z o‘rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida o‘qishga aytiladi.
Qur’onni tartil bilan o‘qishga bo‘lgan farmoni ilohiy barcha mo‘min- musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad alayhissalomga Jabroil alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar. O‘z navbatida Payg‘ambar alayhissalom ummatlariga tartil bilan o‘qib berganlar.
Musulmon ummati esa avloddan avlodga o‘z Payg‘ambaridan qandoq qilib olgan bo‘lsa, shundoq o‘tkazib kelmoqda. Qorilarimiz Qur’on qiroati qoidalarini tartibga solib kitoblar qilishgan. Bu qoidalarni bilish har bir musulmon uchun zarur. Shuning uchun har bir musulmon tajvid qoidalari bo‘yicha bir kitob o‘qimog‘i, Qur’on tilovatini tajvid ilmiga ega bo‘lgan qorilardan o‘rganmog‘i lozim.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U kishidan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qandoq bo‘lgan, deb so‘ralganda, cho‘zib o‘qish bo‘lgan, dedi va Bismillahir rohmanir rohiym, deb bismillahni cho‘zib, ar-Rohmanni cho‘zib, ar-Rohiymni cho‘zib qiroat qildi» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilgan).
Sharh: Albatta, Alloh taolo Qur’oni karimni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali nozil qilgan. U zot Qur’oni karimni qandoq qilib qabul qilib olgan bo‘lsalar, xuddi shundoq qilib o‘z sahobalariga o‘rgatganlar. Sahobai kiromlar esa xuddi ushbu rivoyatda Anas roziyallohu anhu o‘rgatayotganlaridek tobeinlarga o‘rgatganlar. Ana shu tarzda Qur’oni karim va uning qiroati avloddan avlodga omonat ila o‘tib kelmoqda.
Xulosa kilib aytganda, Qur’oni karim tilovati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tilovatlariga o‘xshashi kerak. Buning uchun esa Qur’oni karim va uning qiroatini silsilasi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan ustozdan har bir harfni, har bir so‘zni, har bir oyatni o‘rganish lozim bo‘ladi.
Azizaxon MO‘MINOVA,
Xadichai Kubro o‘rta-maxsus islom bilim yurti talabasi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.
«Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar» mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida ma’lum qilinishicha, 2017 yildan buyon 5300 dan ortiq «xatmul kutub» (muayyan diniy-ilmiy asarni ustoz rahbarligida boshidan oxirigacha o‘qish, uning mazmunini o‘rganish va sharhlash) amalga oshirilgan, klassik islomiy manbalarni to‘liq o‘qish va ijoza berish an’analari qayta tiklangan, hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi tashkil etilgan.
Shuningdek, anjumanda diniy ta’lim tizimidagi ushbu natijalar ma’lum qilinib, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish, tadqiqotlarni kengaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, ulamolar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda imom-xatiblar ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, «Muftiy Boboxonovlar» jamg‘armasi direktori Jamoliddin Boboxonov va boshqalar ma’ruza qildi.
Notiqlar institutning tashkil topish tarixi, diniy ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu dargohda faoliyat yuritgan ulamolarning ilmiy merosi hamda mutaxassislar tayyorlash tajribasiga to‘xtaldi.
«5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi»
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov muassasaning yarim asrdan ortiq faoliyati davomida shakllangan ta’lim an’analari va so‘nggi yillarda joriy etilgan ilmiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
«2017 yildan boshlab qadimiy an’analarimiz, madrasalarimizning ta’lim berish usullari orqali mo‘tabar ustozlarimiz va allomalarimizning kitoblarini o‘qitish, “Sahih al-Buxoriy”, “Sunan at-Termiziy”, Imom Moturidiyning kitoblari, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”si va boshqa asosiy islom ilmlari manbalarini to‘liq o‘qish, xatmul kutub va yakunda ijoza berish tizimi qayta tiklandi. Bugungi kunga qadar 5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi», — dedi Uyg‘un G‘afurov.
Rektor institutda hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura tashkil etilgani, moturidiylik aqidasi, tafsir va hadis ilmlari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanayotganini ham qayd etdi.
Kelgusida ushbu yo‘nalishlarda doktorantura tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa klassik islomiy ilmlarni chuqur tadqiq qilish va ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Murakkab tarixiy sharoitda shakllangan ilmiy dargoh
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov Toshkent islom institutining tashkil topish sharoiti va diniy ta’lim tarixidagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
Olimning ta’kidlashicha, institut murakkab tarixiy davrda faoliyat boshlagan bo‘lsa-da, nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi musulmon jamoalari uchun diniy mutaxassislar tayyorlashda muhim vazifani bajargan.
«Shunga qaramasdan, institut yarim asr davomida minglab ham diniy ilmlarni yaxshi biladigan, ham bugungi tushunchadagi akademik tahsil olgan, ya’ni diniy va dunyoviy bilimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan ko‘p sonli mutaxassislar tayyorladi. Ular siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi jarayonlarga o‘zining hayotbaxsh, bunyodkor ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar institutning ilmiy va ta’limiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda, ayni paytda mutaxassislar tayyorlash borasidagi mas’uliyatini ham oshirmoqda», — dedi Zohidulla Munavvarov.
Zamonaviy aqidaviy masalalarga ilmiy yondashuv
Anjumanning ilmiy dasturi ikki sho‘ba doirasida davom etdi.
«Dolzarb aqidaviy masalalar va ularning ilmiy yechimlari» mavzusidagi birinchi sho‘bada Saidafzal Saydjalolov, Abdulaziz Yaxshilikov, Davronbek Abduqodirov va Botirjon Abdullayev ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Muhokamalarda sunniylik manbalarida raddiyaga oid qarashlar, zamonaviy e’tiqodiy masalalar hamda Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosida aks etgan diniy qarashlarga oid tadqiqotlar taqdim etildi.
Ma’ruzachilar tarixiy diniy manbalarni ilmiy asosda o‘rganish, ulardagi qarashlarni tadqiq etish va bugungi kunda yuzaga kelayotgan e’tiqodiy masalalarni tahlil qilishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Fiqhiy masalalar: an’anaviy manbalar va amaliy yechimlar
«Zamonaviy fiqhiy masalalar: yangi muammolar va amaliy yechimlar» deb nomlangan ikkinchi sho‘bada Abduvohid Ahmadaliyev, Muhammadmuso Nabijonov, Alijon Ravshanov, Abdulahad Sodiqov, Akmaljon G‘aniyev, Soyibjon Jo‘rayev, Xurshida Usmanova, Sanjar Berdiyev va Sirojiddin Shodmonov o‘z tadqiqotlarini taqdim etdi.
Unda hanafiy mazhabi ulamolarining fiqhiy yondashuvlari, Qur’on va sunnatni talqin qilish masalalari hamda zamonaviy hayotda yuzaga kelayotgan fiqhiy muammolar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar an’anaviy manbalarni chuqur tahlil qilish, ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish va diniy ta’limda tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Ilmiy tavsiyalar va maxsus to‘plam tayyorlanadi
Anjumanning yakuniy qismida Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari hamda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tashkil etilgan IV xalqaro olimpiadada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talabalar taqdirlandi.
Anjuman yakunida dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish hamda saralangan maqolalarni maxsus ilmiy to‘plam shaklida nashr etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligiga bag‘ishlangan anjuman diniy ta’limning tarixiy tajribasini sarhisob qilish bilan birga, klassik islomiy manbalarni chuqur tadqiq etish, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarni ilmiy o‘rganish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollarini belgilashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati