Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Nafl namozi: Hojat namozi

17.03.2018   62854   3 min.
Nafl namozi: Hojat namozi

Hojat namozi 

Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kimning Allohga va Bani odamdan birortasiga hojati bo‘lsa, yaxshilab tahorat qilsin, so‘ngra ikki rakat namoz o‘qisin. Keyin Allohga sano va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovat aytsin. So‘ngra: «Haliymu Karim Allohdan o‘zga hech ilohi ma’bud yo‘q. Ulug‘ Arshning Robbisi Alloh pokdir. Olamlarning Robbisi Allohga hamdlar bo‘lsin. Men Sendan: rahmatingni vojib qiluvchi, mag‘firatingni taqozo qiluvchi narsalarni va har bir yaxshilikdan g‘animatni, har bir yomonlikdan salomatlik so‘rayman. Mening hech bir gunohimni qo‘ymay mag‘firat qilgin, hech bir g‘amimni qo‘ymay kushoyish et, O‘zing rozi bo‘lgan hech bir hojatimni qo‘ymay, albatta chiqargin. Ey Arhamar Rohimiyn», desin», dedilar» 

Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan.

Namozdan forig‘ bo‘lgach ushbu duoni o‘qiydi:

 

لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ الْحَلِيمُ الْكَرِيمُ، سُبْحَانَ اللهِ رَبِّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ، الْحَمْدُ لِلَّه رَبِّ الْعَالَمِينَ: أَسْأَلُكَ مُوجِبَاتِ رَحْمَتِكَ، وَعَزَائِمَ مَغْفِرَتِكَ، وَالْغَنِيمَةَ مِنْ كُلِّ بِرٍّ، وَالسَّلَامَةَ مِنْ كُلِّ إِثْمٍ، لَا تَدَعْ لِي ذَنْبًا إِلَّا غَفَرْتَهُ، وَلَا هَمًّا إِلَّا فَرَّجْتَهُ، وَلَا حَاجَةً هِيَ لَكَ رِضًا إِلَّا قَضَيْتَهَا يَا أَرْحَمَ الرَّاحِمِينَ.

«Laa ilaaha illallohul haliymul kariym. Subhaanallohi robbil ’arshil ’aziym. Alhamdu lillaahi robbil ’aalamiyn. As’aluka mujibaati rohmatika va ’azoima mag‘firotika val g‘oniymata min kulli birrin, vas-salaamata min kulli ismin, laa tada’ liy zanban illa g‘ofartahu, va laa hamman illa farrojtahu, va laa haajatan hiya laka rizon illa qozoytaha, yaa arhamar rohimiyn!».

Termiziy rivoyat qilgan.

Ma’nosi: «Halim va Karim Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Ulug‘ arsh Robbi Allohni poklab yod etaman. Olamlar Robbi Allohga hamd bo‘lsin. Rahmatingga mustahiq qiluvchilarni, mag‘firatingni vojib etuvchilarni, har bir yaxshilikda g‘animatni va har bir gunohdan salomat bo‘lishni so‘rayman. Menda biror gunoh qoldirmasdan mag‘firat qilishingni, biror g‘am qoldirmasdan ochib yuborishingni va O‘zing rozi bo‘ladigan biror hojat qoldirmasdan ravo qilishingni so‘rayman, ey rahm qilguvchilarning Rahmlisi».

Quyidagi duo ham hojat namozining duolaridandir:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّكَ مُحَمَّدٍ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ، يَا مُحَمَّدُ، إِنِّي تَوَجَّهْتُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَتِي هَذِهِ فَتَقْضِي لِي، اللَّهُمَّ شَفِّعْهُ فِيَّ

«Allohumma inniy asaluka va atavajjahu ilayka binabiyyika Muhammadin nabiyyir rohmati, yaa Muhammadu, inniy tavajjahtu bika ilaa robbiy fiy haajatiy haazihi fataqzi liy. Allohumma, shaffi’hu fiyya»

Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Ma’nosi: «Allohim, men Senga yuzlanib, Sendan payg‘ambaring, rahmat nabiysi Muhammad alayhissalom bilan vasiyla qilib so‘rayman. Ey Muhammad alayhissalom, men bu hojatim ravo bo‘lishi uchun siz bilan Robbimga yuzlandim Allohim, u kishini menga shafoatchi qil».

Imom Ibn Hajar bu namozni shanba kuni sahar o‘qib, talabi hojat qilish mandubdir, chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, kim shanba kuni ertalab talabi hojat qilsa, talabi hal bo‘ladi. Uning hojati ravon bo‘lishiga men kafilman, deb marhamat qilganlar, degan. Albatta, duoning arabcha matnini yodlab olgan yaxshi.

 

“Mo‘minning me’roji” kitobidan olindi

O‘MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

18.08.2026   72770   1 min.
Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.

Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.

Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.

“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.

Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.

“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.

Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.

Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.

Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari