Savol: Sovuq kunlarda paypoqqa masx tortsa bo‘ladimi?
Javob: Shu mazmundagi savollarga ustozimiz marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ko‘p va xo‘b javob berganlar. Men quyida ustozimizning ana shunday javoblaridan birini keltirib o‘taman. U zot muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlarining so‘zlaridan iqtibos keltiradilar.
“Barcha mujtahid imomlarning fikriga ko‘ra, bugungi kunimizda kiyilayotgan oddiy ip-gazlamali, jun va neylon paypoqlarga masx tortishga ruxsat berilmaydi. Alloma Kosoniy rahimahulloh «Badoye’us sanoye’» kitobida shunday yozadilar: «Ulamolarning yagona fikriga ko‘ra, agar paypoqlarning matosi suv sizib o‘tadigan darajada yupqa bo‘lsa, ularga masx tortish mumkin emas».
Alloma ibn Nujaym rahimahulloh ham shunday deydilar: «Ip yoki jundan qilingan paypoqlarga mas'h tortish mumkin emas». Bu borada hech qanday ixtilof yo‘q. Kiyilgan paypoq bir farsaxdan (uch mildan) ortiq yo‘l yursa bo‘ladigan darajada qalin bo‘lsagina, ulamolarning fikrida bir oz farq uchrashi mumkin («Al-Bahrur-Roiq»). Yuqorida aytilganlardan ma’lum bo‘lishicha, mazhab imomlaridan hech qaysisi quyidagi yupqa paypoqlarga mas'h tortishni joiz deb bilmaydi:
(a) Suv sizib o‘tadigan darajada yupqa paypoqlar,
(b) Bog‘ich bilan bog‘lab qo‘ymasa oyoqda o‘zi turmaydigan paypoqlar,
(v) O‘zini kiyib yurilsa, yetarli darajada uzoq masofaga yetmay yirtilib ketadigan paypoqlar.
Agar paypoqlar bu uch toifaning birortasiga ham kirmasa, faqat shundagina ulamolar ularga masx tortish xususida turli fikr bildirganlar.
Darhaqiqat, Qur’oni karim bizga tahoratni ma’lum bir tartibda ado etishni farz qilgan. Moida surasining 6-oyatida oyoqlarga masx tortish emas, balki yuvish ochiq-oydin ravishda buyurilgan.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ فَاغْسِلُوا وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَيْنِ
«Ey, iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsangiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar».
Ushbu oyatda Alloh taolo tahoratda oyoqlarni yuvishga buyurmoqda. Demak, ularga masx tortish mutlaqo mumkin emas, agar hatto poyafzal teridan qilingan maxsi bo‘lsa ham. Shunga qaramay, maxsilarga masx tortish joizligiga butun ummat ittifoq qilgan. Bu haqdagi rivoyatlar tavotur (Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamning juda ko‘plab sahih hadislari) ila sobit bo‘lgan.
Agar Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda atigi ikki-uchtagina hadis rivoyat qilingan bo‘lsa, bu ohod xabar bo‘lgani uchun Qur’oni karim oyatidan umumiy foydalanishni cheklash uchun yetarli bo‘lmas edi. (ya’ni Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamdan sobit bo‘lgan bir necha rivoyatlar oyatning ta’sirini cheklash uchun asosli dalil bo‘la olmaydi).
Aksincha, «mas'h ’alal xuffayn» (maxsiga masx tortish) haqidagi hadislar tavotur (juda ko‘p roviylardan sobit bo‘lgan) xabar bo‘lib, bu esa Moida surasining 6-oyatidan kelib chiqadigan hukmni aniqlashtirish uchun yetarli dalil bo‘la oladi. Ya’ni, agar kishi maxsi kiymagan bo‘lsagina oyoqlar albatta yuvilishi shart bo‘ladi.
Bu borada imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlar: «Bu masala menga kunday ravshan bo‘lmaguncha maxsiga mas'h tortishga ruxsat bermaganman» («Bahr-ur Roiq»).
Buning ustiga, masx ’alal xuffayn – maxsiga masx tortish masalasi Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamning saksondan ortiq sahobalari tomonidan tasdiqlanib, sobit bo‘lgan.
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh «Fathul Boriy»da shunday deydilar: «Huffazlarning (son-sanoqsiz hadislarni yoddan biluvchilar) aksariyati «masx ’alal xuffayn» (maxsiga masx tortish) masalasining tavotur bilan sobit bo‘lganligini e’lon qilganlar. Ularning ba’zilarining xabar berishicha, Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan qilingan shu haqdagi rivoyatlar to‘plab, sanab chiqilganda saksondan ortiq chiqqan. Bu rivoyatlarning o‘ntasi asharai mubashsharadan (hayotliklaridayoq jannatiy ekanliklari Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan bashorat qilingan zotlar) rivoyat qilingan («Naylul Avtor»).
Hasan Basriy rohimahulloh ham shunday deganlar: «Men Badr jangida qatnashgan yetmishta sahobani uchratganman. Ularning barchasi «masx ’alal xuffayn» –maxsiga mas'h tortishning sahihligiga ishonar edilar» («Talxisul-Xabir» va «Badoye’us Sanoye’»).
Agar maxsiga mas'h tortish tavotur yoki istifoda yo‘li (sahih hadislarning aksariyati) bilan sobit bo‘lmaganda, Qur’oni karimning tahorat paytida oyoqni yuvishga buyurgan oyatining hukmini taxsis (cheklash, xoslash) qilish mumkin bo‘lmas edi. Bu borada Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayhi shunday yozadilar: «Qur’onning amrida sunnat (Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamning amallari) bilan istisno qilish mumkin, biroq buning uchun sunnat «mas'h ’alal xuffayn»dagi kabi tavotur yoki istifoda darajasiga yetishi shart» («Ahkomul-Qur’on lil-jassaas»).
Xullas, Alloh taolo Qur’oni karimda tahorat qilganda oyoqni yuvishni farz qilgan. Bu farz hukm bo‘yicha Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamdan qilingan bir nechta rivoyat asosida hech qanday cheklash yoki istisno qilib bo‘lmaydi. Buning uchun «mas'h ’alal xuffayn» – ikki maxsiga mas'h tortish masalasidagi kabi sahih hadislarning uzluksiz silsilasi mavjud bo‘lishi kerak. Bu masala esa tavotur darajasiga yetgan.
Shuningdek, «xuffayn» maxsilar masalasining tavotur darajasiga yetgani Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ularga masx tortganlari, boshqalarga ham shunday qilishga ruxsat berganlarini anglatadi. Biroq maxsidan boshqa turdagi oyoq kiyimlariga masx tortish tavotur ila sobit bo‘lmagan. «Xuff» so‘zi arab tilida faqat maxsilarga nisbatan ishlatiladi. Gazlama, matodan qilingan paypoqlar arab tilida «xuff» deyilmaydi.
Shunday qilib, mas'h tortishga ruxsat faqat (xuffayn) maxsiga taalluqlidir. Bundan boshqa turdagi paypoqlarga nisbatan Qur’oni karimning oyoqlarni yuvish haqdagi oyati qo‘llaniladi.
Biroq, agar paypoqning matosi shu darajada qalin bo‘lib, charm maxsilarga o‘xshash va hatto ulardan yaxshiroq bo‘lsa, bunday turdagi paypoqlar yuzasidan ulamolar o‘rtasida ixtilof bor.
Ba’zilar agar paypoq xuddi maxsidek xususiyatlarga ega bo‘lsa, ularga masx tortish joiz, deb hisoblaydilar. Boshqalar esa tavotur faqat maxsiga masx tortish haqida sobit bo‘lgan. Demak, boshqa turdagi paypoqlarga masx tortish joiz emas, deydilar.
Oyoq kiyimlari uch xil bo‘ladi:
(1) «Xuffayn» (maxsi). Ularga tavotur asosida, jumhur ittifoqiga ko‘ra mas'h tortish mumkin.
(2) Charmdan qilinmagan, charmning xususiyatlariga ega bo‘lmagan, paxta, jun yoki neylondan qilingan yupqa paypoqlar. Bunday paypoqlarga mas'h tortish mumkin emas.
(3) charmdan bo‘lmasa-da, charmning xususiyatlariga ega bo‘lgan qalin paypoqlar. Ba’zi ulamolarning fikriga ko‘ra, bunday paypoqlarga mas'h tortish mumkin, ba’zilari esa buni mumkin emas, deydilar.
Fikrimizning yakunida yana bir bor ta’kidlab o‘tamizki, charm xususiyatlariga ega bo‘lmagan paypoqlarga masx tortish masalasida Islom ulamolari o‘rtasida ixtilof yo‘q. Ularning barchasi bunday paypoqlarga masx tortish mumkin emas, degan fikrga ittifoq qilganlar.
«Masx ’alal xuffayn» masalasidagi kabi, masx tortishga ruxsat berish tavotur darajasiga yetmaguncha, Qur’oni karimning oyoqlarni yuvish haqidagi hukmini inkor qilish mumkin emas. Shuning uchun, ulamolar zikr etgan shartlar to‘qima shartlar emas. Ular faqat maxsiga mos kelish darajasini tasdiqlaganlar, xolos.
Xulosa
Barcha fiqh bilimdonlari va mujtahidlar suv sizib o‘tadigan, oyoqdan bog‘ichsiz tushib ketadigan, ma’lum masofagacha kiyib yurilsa yirtilib ketadigan paypoqlarga mas'h tortish joiz emasligiga ittifoq qilganlar. Xuddi shuningdek, poyafzalga ham mas'h tortish joiz emas. Bugungi kunimizda kiyilayotgan ip, paxta, jun, neylon va boshqa narsalardan qilingan paypoqlarda charm paypoqlarning xususiyatlari yo‘q. Shuning uchun ularga mas'h tortib bo‘lmaydi.
Agar kimdir bunday qilayotgan bo‘lsa, imom Abu Hanifa, imom Molik, imom Shofe’iy, imom Ahmad ibn Hanbal va boshqa har qanday mujtahidning fikriga ko‘ra uning tahorati durust bo‘lmaydi”. Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy (Dorul-ulum Kurangi, Karachi, Pokiston)
Maxsi,choriq va javrabning farqi
وَقَالَ الشَّوْكَانِيُّ فِي النَّيْل: الْخُفُّ نَعْلٌ مِنْ أُدْمٍ يُغَطِّي الْقَدَمَيْنِ، وَالْجُرْمُوقُ أَكْبَرُ مِنْهُ وَالْجَوْرَبُ أَكْبَرُ مِنَ الْجُرْمُوقِ
Shavkoniy “Nayl”da aytadi: “Maxsi teridan bo‘lgan poyafzal bo‘lib, ikki oyoqni qoplab turadi. Choriq undan katta bo‘ladi. Javrab esa choriqdan ham katta bo‘ladi”.
Javrab piymaga o‘xshagan narsa bo‘lsa kerak deganlar ushbu rivoyatga va unga o‘xshagan boshqa rivoyatlarga asoslanib aytgan bo‘lishlari kerak.
وَقَالَ الشَّيْخُ عَبْدُ الْحَقِّ الدِّهْلَوِيُّ فِي اللَّمَعَاتِ: الْجَوْرَبُ خُفٌّ يُلْبَسُ عَلَى الْخُفِّ إِلَى الْكَعْبِ لِلْبَرْدِ، وَلِصِيَانَةِ الْخُفِّ الأَسْفَلِ مِنَ الدَّرَنِ وَالْغَسَّالَةِ. انْتَهَى
Shayx Abdulhaq Dehlaviy “Lam’ot”da aytadi: “Javrab maxsining ustidan sovuq uchun, ostki maxsini kirdan va yuvadigan narsadan saqlash uchun kiyiladigan maxsidir”.
Bu rivoyat ham avvalgisiga o‘xshab javrab katta narsa ekanini ta’kidlamoqda.
وَقَالَ الْعَيْنِيُّ: الْجَوْرَبُ هُوَ الَّذِي يَلْبَسُهُ أَهْلُ الْبِلاَدِ الشَّامِيَّةِ الشَّدِيدَةِ الْبَرْدِ وَهُوَ يُتَّخَذُ مِنْ غَزْلِ الصُّوفِ الْمَفْتُولِ يُلْبَسُ فِي الْقَدَمِ إِلَى مَا فَوْقَ الْكَعْبِ
Va Ayniy aytadi: “Javrab qattiq sovuqli shom yurtlari aholisi kiyadigan narsa bo‘lib, titilgan jundan qilingan bo‘ladi. Oyoqqa, to‘piqdan yuqorisigacha kiyiladi”.
Izohning hojati bo‘lmasa kerak. Javrob maxsiga o‘xshash qalin bo‘lsa, unga mas'h tortish mumkinligi muttafaqun alayhidir. G‘arbliklar chiqargan bugungi kunda urf bo‘lgan yupqa paypoqlarga mas'h tortish haqida hech kimning ittifoqi yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emas. Chunki bu kabi narsalar avval mutlaqo bo‘lgan emas.
Is'hoqjon domla Begmatov
O‘MI masjidlari bo‘limi xodimi
O‘MI matbuot xizmati
Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax birbiriga o‘xshash emas.
Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).
Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.
“Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.
“Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.
“Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.
“Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.
Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.
Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan
Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws