Istixora namozi
“Istixora” so‘zi lug‘atda “xayr, ya’ni yaxshilikni talab qilish” degan ma’noni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida xayrlisini tanlash uchun ikki rakat istixora namozi o‘qiydi. Bu namozni har bir muboh ishdan oldin o‘qish mustahabdir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qur’ondan surani o‘rgatgandek o‘rgatar edilar. U zot: “Qachon biringiz bir ish qilmoqchi bo‘lsa, farz namozdan boshqa ikki rakat namoz o‘qisin. So‘ng “Allohim, albatta, Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so‘rayman. Sendan ulug‘ fazlingdan so‘rayman. Albatta, Sen qodir bo‘lursan, men qodir bo‘lmasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g‘ayblarni o‘ta yaxshi biluvchi zotsan. Allohim! Agar ushbu ish dinimda, maoshimda va ishim oqibatida yaxshi ekanini bilsang (yoki hozirgi ishimdayu, kelgusida) uni menga taqdir qilgin, menga oson et, so‘ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish dinimda, maoshimda va ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) yomon ekanini bilsang, uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qayerda bo‘lsa ham yaxshilikni taqdir qil, so‘ngra meni unga rozi qil”, desin va hojatini aytsin”, dedilar”.
Imom Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilgan.
Istixora namozidan so‘ng ushbu duo o‘qiladi:
اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ، وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ، وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ، فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلَا أَقْدِرُ، وَتَعْلَمُ وَلَا أَعْلَمُ، وَأَنْتَ عَلَّامُ الْغُيُوبِ، اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، - عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاقْدُرْهُ لِي وَيَسِّرْهُ لِي، ثُمَّ بَارِكْ لِي فِيهِ، وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، - فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ، وَاقْدُرْ لِيَ الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ، ثُمَّ أَرْضِنِي بِهِ.
“Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmika va astaqdiruka biqudrotika va as'aluka min fazlikal ’aziym. Fainnaka taqdiru va la aqdiru va ta’lamu va la a’lamu va anta ’allamul g‘uyub. Allohumma in kunta ta’lamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ’aqibati amriy, ’ajili amriy va ojilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta ta’lamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ’aqibati amriy, ’ajili amriy va ojilihi fasrifhu ’anniy vaqdurlil xoyro haysu kana summa rozziniy bih” deb, hojati aytiladi.
Ma’nosi: “Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Allohim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et va oson qil. So‘ng uni menga barokotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, mendan uni uzoqlashtir, qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et”.
Duodagi “mana shu ish”, degan yeriga kelganda o‘z hojatini zikr qiladi, so‘ngra o‘sha ishni qilish yoki qilmaslik to‘g‘risida ko‘ngli moyil bo‘lgan tomonga harakat qiladi. Ushbu namozni o‘qigandan keyin mazkur ish haqida o‘ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsani kutib yuradi. Keyin ko‘ngliga tushib, o‘ziga ma’qul bo‘lib, qilgisi kelib qolsa amalga oshiradi. Bu haqda tush ko‘rishi ham mumkin. Agar ish bir tarafga o‘tmay turib qolsa istixora namozini yana qaytadan o‘qiydi. Qayta o‘qish yetti martagacha bo‘ladi. Istixora namozida xohlagan surasini o‘qiydi. Lekin birinchi rakatida “Fotiha” surasidan keyin “Kofirun” surasini, ikkinchi rakatda “Ixlos” surasini o‘qisa yaxshi.
“Mo‘minning me’roji” kitobidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.