Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Mart, 2026   |   17 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:50
Peshin
12:39
Asr
16:34
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
06 Mart, 2026, 17 Ramazon, 1447

Qur’on ilmni maqtaydi

14.03.2018   11951   3 min.
Qur’on ilmni maqtaydi

Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida ilmni maqtab, ilm sohiblariga ulkan mukofotlarni va’da qilgan. Mufassir olimlar bu boradagi ma’lumotlarni jamlab quyidagi xulosalarni berganlar:

Birinxidan, Alloh taolo Odam alayhissalomga farishtalar bilmaydigan narsalarning ilmini o‘rgatish orqali uni yer yuziga xalifa etib sayladi. Aynan ilmning fazilati tufayli hozirga qadar yer yuzida farishtalar emas, balki insonlar yashab kelmoqda.

Ikkinchidan, Alloh taolo ilmni hikmat deb nomlab, hikmatni eng ulug‘ ish ekanini aytdi. Muqotil bu haqda shunday deydi: “Qur’onda kelgan hikmat so‘zi to‘rt xil ma’noda ishlatilgan: birinchisi, pand-nasihat; ikkinchisi, fahm-farosat va ilm; uchinchisi, payg‘ambarlik; to‘rtinchisi, Qur’on ma’nolaridir. Bularning bari ilmga bog‘liq”.

Uchinchidan, Alloh taolo: “Va sizlarga faqat ozgina ilm berilgan, xolos” deb marhamat qilgan. Buning ma’nosi shuki, ilm shunchalik cheksizki, uning insoniyatga berilgan bir qismining o‘ziyoq koinotdagi katta-katta kashfiyotlarni ochmoqda. Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo: “Ayting, dunyo matosi ozdir”, deb butun borliqqa oz sifatini bermoqda. Endi, tafakkur qilaylik, Allohning nazdida oz va arzimas bo‘lgan dunyoning sir-sinoatini bilishgan ojizmiz-u, cheksiz-chegarasiz ilmga nima deb ta’rif berish mumkin!

To‘rtinchidan, Alloh taolo ilmlilarni ilmsizlardan ustun qo‘ydi: “Ayting, biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Albatta, yo‘q, ular aslo barobar emaslar. Alloh taolo Qur’onda olti narsani olti narsadan ustun qo‘ygan: birinchisi, nopokni pokdan, ya’ni halolni haromdan; ikkinchisi, ko‘zi ojizdan ko‘zi ko‘radigan insonni; uchinchisi, nurni zulmatdan; to‘rtinchisi, jannatni jahannamdan; beshinchisi, soyani oftobdan; oltinchisi, olimni johildan. Agar yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, bularning bari ilmning jaholatdan ustunligi bilan bog‘liqligini ko‘rish mumkin.

Beshinchidan, Alloh taolo olimlarga itoat qilishga buyurdi: “Allohga itoat qilinglar va Rasulga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan ish boshlariga itoat qilinglar”. Oyatdagi “...ish boshlari”dan murod olimlardir.

Oltinchidan, Alloh taolo olimlarni ikkita oyatda O‘zidan keyingi ikkinchi o‘rinda zikr etdi. Birinchisi, “Allohga itoat qilinglar va Rasulga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan ish boshlariga itoat qilinglar” oyati bo‘lsa; ikkinchisi, “Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga Alloh, farishtalar va ilmlilar guvohlik berdilar” oyatidir. So‘ng Alloh taolo olimlarning martabasini yanada ko‘tarib, boshqa ikkita oyatda ularni O‘zidan keyingi birinchi martabada zikr etdi. Ya’ni, bir oyatda: “Va uning ta’vilini Alloh va faqat puxta ilmlilargina biladi” deb xabar bergan bo‘lsa, yana bir boshqa oyatda: “Ayting, men bilan sizning orangizda Alloh va Kitob haqida ilmi borlar guvohlikka kifoya qilur”,  deb olimlarni birinchi martabaga qo‘ygan. Bundan-da oliyroq martaba, mansab bormi?!

Yettinchidan, olimlarni darajalarga ko‘tardi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato qilinganlarani darajalarga ko‘tarur”. Alloh taolo Qur’onda to‘rt toifani yuqori darajalarga ko‘targan: birinchisi, Badr jangida ishtirok etgan mo‘minlarni; ikkinchisi, mujohidlarni; uchinchisi, solihlarni va to‘rtinchisi, olimlarni. Badr ahlini boshqa mo‘minlardan yuqori darajaga qo‘ydi, mujohidlarning fazilatini uzrli sabab bilan janga bora olmagan mo‘minlarnikidan bir necha daraja yuqori sanadi, solihlarni esa yuqoridagilardan ham balandroq darajaga ko‘tardi va olimlarni mazkur uch toifadan ham afzal darajaga qo‘ydi. Demak, olimlar insonlar ichida eng afzalidir.

Sakkizinchidan, Alloh taolo olimlarni “Allohdan qo‘rquvchi bandalar” sifati bilan maqtagan: “Albatta, Allohdan bandalari orasida faqat olimlarigina  qo‘rqurlar”.                         

 

                                                             Abdulloh Mallaboyev

O‘MI Matbuot xizmati

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Baqara surasi fazilatlari

03.03.2026   7259   6 min.
Baqara surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimning ikkinchi surasi “Baqara” deb nomlanib, u Madinada nozil bo‘lgan, 286 oyatdan iborat. “Baqara” so‘zi sigir ma’nosini bildiradi. Bu sura Baqara deb nomlanishiga sabab shuki, o‘tmishda Bani isroillik bir kishi o‘ldirilganida uning qotili topilmaydi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy yuborib: “Qavmingga ayt, sigir so‘yib, uning bir bo‘lagi bilan o‘likni ursin”, deb buyuradi. Allohning buyrug‘i bajarilganidan so‘ng o‘likka jon kirib, qotili kimligini aytib beradi.

Surada sigir bilan bog‘liq voqea keltirilgani uchun unga Baqara deb nom berilgan. U Qur’ondagi eng yirik sura bo‘lib, unda e’tiqod, ibodat, iqtisod, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda kabi masalalar bilan bir qatorda Muso alayhissalom Fir’avn va Bani Isroil qavmi o‘rtasidagi mojarolar o‘z aksini topgan.

Suraning avvalida mo‘minlar, kofirlar va munofiqlar sifatlari haqida bayon qilinib, keyin insonning yaratilish qissasi, ro‘za, haj va umra ibodati masalalari, ko‘pgina ijtimoiy masalalar oila, taloq, emizish, idda, mushrika ayolga uylanish haromligi, sudxo‘rlikning man etilgani va uning oqibatlari, qarz oldi-berdi masalalari, qiyomat kuni dahshatlari zikr qilinadi. Shuningdek, Bani Isroilning o‘tmishda qilgan makr-hiylalari, xiyonati, aldamchiliklari, buzuq tabiati haqida xabardor qiladi. Suraning oxirida mo‘minlarning tavba qilishga, Allohga doimo tazarruda bo‘lishiga chaqiriq keladi.

Ushbu suraning fazilatlari haqida hadislarda ham bayon etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni o‘z ahli uchun shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o‘qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o‘z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o‘qinglar. Uni o‘qish baraka, tark etish esa hasratdir», deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uylaringizni qabrga aylantirmanglar! Baqara surasi o‘qilgan uyga shayton kirmaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom: «Har narsaning sanomi – ko‘zga ko‘ringan joyi bo‘ladi. Baqara surasi Qur’onning sanomidir. Albatta, shayton (qaysi bir) uyda Baqara surasi o‘qilayotganini eshitsa, (u yerdan) chiqib ketadi», dedilar (Imom Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’on oyatlarining sayyidi Oyatul Kursiydir», deganlar (Imom Hokim rivoyati).

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Abu Munzir, Allohning kitobidan sen yod olgan qaysi oyat ulug‘ ekanini bilasanmi?» dedilar. Men: «Allohu laa ilaha illa huval hayyul qoyyum», dedim. Shunda u zot ko‘ksimga urib: «Ilm muborak bo‘lsin, ey Abu Munzir», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Abu Umoma rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim har farz namozdan keyin “Oyatul Kursiy”ni o‘qisa, uning jannatga kirishini faqat o‘lim to‘sib turadi, xolos» dedilar (Imom Nasaiy rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Kim Baqara surasidan o‘n oyatni – avvalidan to‘rt oyat, oyatul kursiy va undan keyingi ikki oyat hamda oxiridan uch oyatni kechasi o‘qisa, o‘sha uyga shu kechasi shayton kirmaydi» (Imom Dorimiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alaĭhi va sallam: «Kim Baqara surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada o‘qisa, kifoya qiladi», dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Olimlar hadisdagi “kifoya qiladi”ni ushbu oyatlarni o‘qigan inson barcha yomonliklardan saqlanishi, savob olishi, tunni ibodat bilan o‘tkazishiga kifoya qiladi deb sharhlaganlar.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida o‘tirgan edilar, ustlarida yangrayotgan bir ovozni eshitdilar. Boshlarini ko‘tarib, bu osmondagi bir eshik bo‘lib, bugun shu eshik ochildi. Faqat bugun ochildi, hamda u yerdan bir farishta tushdi. Shu farishta yer yuziga bugun tushdi, xolos. Bundan oldin tushmagan edi. Farishta salom berib, ikki nur bashoratini ber, dedi.  «Bundan oldin biror payg‘ambarga berilmagan, dedi. U Fotiha surasi va Baqara surasining oxiridir. Undan biror harf o‘qisangiz, uning savobi beriladi», dedi (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu sura haqida Ibn Arabiy: «Mening uztozlarim ushbu sura haqida shunday zikr qiladilar: Bu surada mingta amr, mingta nahiy va mingta xabar bor», deganlar.

Zubayd Abdurahmon ibn Asvaddan rivoyat qiladi: «Kim Baqara surasini o‘qisa, buning evaziga unga jannatda toj kiydiriladi» (Imom Dorimiy rivoyati).

Baqara surasini muntazam o‘qib yurgan va unga amal qilgan inson shayton, ins va jinlarning yomonligidan, sehr-jodudan, hasad va nafratdan, balo va ofatlardan, turli xil kasalliklardan omonda bo‘lib, Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi. Shuningdek, uning yuzi nurli, umri barakali, rizqi keng, mol-dunyosi ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar kasal bo‘lsa dardiga davo topadi, qiyomatda shafoatchi bo‘ladi, qiyomat kuni dahshatlaridan omonda bo‘ladi, do‘zaxdan esa parda bo‘ladi. Surani o‘qib keyin qilingan duolar mustajobdir, chunki bu surada Alloh taoloning go‘zal ismlari bor. Ushbu surani o‘qish, o‘rganish, oyatlarini tadabbur qilish, unga ixlos bilan amal qilish ulkan ajr, xayr va barakadir. Alloh taolo barchamizni ushbu suraning fazilatlariga muyassar qilsin.

“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.