Tarixchi olim Muxammad Narshaxiyning yozishicha, Hazrati Qutayba ibn Muslim 42 hijriyda (milodiy 661) Shomning Boxiliy degan joyida tavallud topdi.
Qutayba ibn Muslimning to‘liq ismi-sharifi Amir Qutayba ibn Muslim ibn Umar ibn Husayn ibn Robiya ibn Xolid ibn Usayd Al-Xayr bo‘lgan.
Qutayba ibn Muslim hazratlari o‘z qavmida sharafga ega, adib va olim edi. Qo‘l ostidagilarga nisbatan adolatli, yuksak axloq sohibi, haqiqatgo‘y edi. Qutayba ibn Muslim yuzaki kamtarlikni yoqtirmas edi.
Qutayba ibn Muslim hazratlari arab lashkarboshchisi bo‘lib, intizomni mustahkam saqlagan, iste’dodli, qat’iyatli va irodasi mustahkam odam bo‘lgan. Har qanday ishni maslahat ila amalga oshirgan.
Qutayba ibn Muslimni 72 hijriy (milodiy 691) yili Arab halifasi Abdurahmon ibn Marvon Xurosonga noib etib yubordi. Xurosonda davlat ishlari bilan birga bu yerda yashovchi xalqlarni Islomga da’vat qilish hamda masjid va madrasalar barpo ettirish uning zimmasiga yuklangan.
U 87 hijriyda (milodiy 706) Zarafshon vodiysini zabt etdi. Vodiyning eng qadimgi shaharlaridan biri bo‘lgan Poykentga kirib keldi. 89 hijriy (milodiy 708 yili) Marv va Keshni, 90 hijriy (milodiy 709) yili Buxoroni zabt qiladi. 93 hijriy (milodiy 712) yili Xorazm va Samarqandga boradi. 94 hijriy (milodiy 713) yili bahoridan Shoshga undan Farg‘ona vodiysiga, to Xitoyning Qashqar va Urumchisigacha yetib bordi.
Bu yerlarda yashovchi aholining barchasini Islom diniga da’vat qildi, ularni hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlik baxtiga musharraf qildi.
Qutayba ibn Muslim hazratlari qaysi shaharga kirib kelsa avvalo o‘sha shahar xalqini Islom diniga da’vat qilar edi. O‘z ixtiyori bilan Islomni qabul qilganlarni rag‘batlantirar, har xil imtiyozlar berar edi. Masalan, yer solig‘idan, o‘g‘illarini sunnat qilganlarni juz’ya (jon) solig‘idan ozod qilganlar. Bu u zotning dinni yoyishligidagi uddaburonligi bo‘lsa, bergan imtiyozlari xalqparvarligi edi.
Qutayba ibn Muslim hazratlari qaysi shaharni zabt qilsa, o‘sha shaharga masjid, madrasa va azon aytish uchun minoralar qurdirgan. Xususan, Movarounnahr diyoridagi birinchi masjidni Buxoro shahrida 712 yilda qurdirgan.
Mo‘tabar kitoblarimizda Qutayba ibn Muslim hazratlari to‘g‘risida juda ko‘p xabarlar bor. Ismoil Haqqiy (r.a.) “Tafsir ul-Rux ul-Bayon” kitobida bunday yozadi. “Qutayba ibn Muslim hazratlari Jayhunga kelganida birga kelgan askarlariga qarata: “Ey birodarlar! qalbingizda zarracha dunyo (bir shaharni bosib olish, boylik ortirish, insonlarga zulm qilish) umidi bo‘lsa shu yerda qoling, qalbinggizda Alloh taoloning roziligi va uning dinini yetkazish bo‘lsa menga ergashing, deb “Parvardigor, o‘zing guvohsan, bizlarning qalbimizda zarracha dunyo umidi bo‘lsa, shu daryoda cho‘ktirgin, qalbimizda faqat sening diningni yetkazish bo‘lsa bizlarga shu daryodan najot bergin” deb duo qildilar va daryoga ot soldi. Butun askarlari bilan salomat daryodan chiqdi”.
Qutayba ibn Muslimning adolatlarvarligi va xalqparvarligi, har qanday holatda adolat bilan ish tutganini tarix manbalarida keltirilgan quyidagi voqea ham yaqqol namoyon etadi. O‘sha davrda odamlar masjidga yig‘ilishdi. Muhokama boshlandi. Musulmon qozi hozir bo‘ldi. Eshikbon a’yonlar ulug‘ini chorladi va uni oldinga o‘tqazdi. So‘ng Qutayba ibn Muslim chaqirilib da’vogar yoniga turg‘izildi. So‘ng qozi a’yonga yuzlanib da’vosini arz qilishga amr etdi. A’yon: “Bu qo‘mondoningiz Qutayba ibn Muslim diyorimizga ogohlantirishsiz kirdi. Hamma mamlakatlarga uch tanlov; islom yo jizya yoki harbni taklif qildi. Ammo bizni hiyla bilan bosib oldi”, dedi.
Qozi Qutaybaga yuzlandi va: “Bu shikoyatga nima deysan?”, dedi. Qutayba unga javob qildi: “Alloh qozini isloh qilsin! Harb bu hiyladir. Bu mamlakat o‘ta qudratli. Fath oldida to‘g‘anoq bo‘lib turgandi. Men bilardimki, agar ikki tomon urishadigan bo‘lsa qonlar anhor bo‘lib oqardi. Alloh meni bu rejaga yo‘lladi. Bu kutilmagan ishimiz bilan musulmonlarni katta zarardan himoya qildik va dushmanimizning jonini asradik. Ha, biz ularni favqulodda holga soldik, lekin ularni qutqardik va ularga islomni tanitdik!”
Qozi unga: “Ey Qutayba, ularni islomga yoki jizyaga yoxud harbga chaqirdilaringmi?” dedi. Qutayba javob qildi: “Yo‘q. Aytgan sabablarimga ko‘ra kutilmaganda hujum qildik”. Shunda qozi dedi: “Ey Qutayba, sen iqror bo‘lding. Agar da’vo qilinayotgan kishi aybiga iqror bo‘lsa muhokama tugaydi. Ey Qutayba, Alloh bu ummatga faqat din tufayligina nusrat bergan. Xiyonatdan saqlanish va adolatla turish din buyukliklaridandir. Allohga qasam biz uyimizdan pokiza Islom dinini yoyishlik uchun jiddi jahd qilish uchun chiqqanmiz. Biz yerga ega bo‘lish, mamlakatlarni bosib olish va nohaq undan oliy bo‘lish uchun chiqmaganmiz!”.
So‘ng qozi bashariyat tarixidagi eng ajib hukmni chiqardi: “Musulmon qo‘shinning hammasi Samarqanddan uch kun ichida qanday tez kirgan bo‘lsa shunday tez chiqib ketsin va shaharni o‘z ahliga qaytarsin. Ularga urushga hozirlanishga fursat berilsin. So‘ng ularni ogohlantirsinlar va Islom yoki jizya yoxud harb o‘rtasida ixtiyor bersinlar. Agar ular harbni tanlasalar, u holda urush bo‘ladi. Bu Alloh taolo shariatining va payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam sunnatining tatbiqi bo‘ladi”.
Samarqand ahlini hayrat chulg‘ab oldi. Qo‘shin zudlik bilan shaharni tashlab chiqa boshladi va uch kun o‘tmay unda birorta musulmon qolmadi. Kattayu kichik aholi shahar markazida to‘plandi. Ular bo‘lgan ishga ishonmayotgan edilar. Xulqi bunday qavm basharning eng yaxshisi, uning qozisi qilgan ish mutlaq adolat, o‘zining atbolariga bunday ishlarni buyuradigan din haq din, deya ular o‘zaro gaplashishardi. Ish uzoq cho‘zilmay Samarqand ahli hammalari Islomni qabul qildi.
Yana bir ibratli voqea. U zot Xurosonga kirib kelganida u yerning ahli bo‘lgan bir odam turib turli maqtovli so‘zlar bilan she’r ayta boshladi. Shunda u “Sen men bilan yashab ko‘rdingmi? Nega maddohlik qilasan” deb uni to‘xtatib qo‘ydi.
Qutayba Ibn Muslim hazratlarining shaxsiyati g‘ayratli, uddaburron lashkarboshi, adolatli peshvo, xiyonatni sevmagan, ilmu urfonga, she’riyatga yaqin nozikta’b inson sifatida gavdalanadi. Ammo, Sovet Ittifoqi ta’lim tizimlarining tarixchilari uni qonxo‘r, zolim, adolatsiz va ilm-fan, madaniyatning ashaddiy dushmani sifatida ta’riflaganlar. Afsuski, bizning ayrim vatandosh tarixchilarimiz ham islom dinining bu yerlarga tarqalishi masalasini yoritishda shunday xatolarga yo‘l qo‘ygan.
Qutayba ibn Muslim hazratlarining do‘sti Abdul Malik ibn Marvon o‘sha davrdagi musulmonlarning amiri bo‘lgan. U o‘zining do‘sti va yaxshi tanigan, yaqin odami sifatida imom Qutaybani Xuroson viloyatiga noib qilib tayinlagan edi. Abdul Malik taqvodor obid bo‘lgan. Ibn Sa’dning xabar berishicha, u avval Madinayi munavvaraga amir qilib tayinlangan. U Usmon ibn Affon, Abu Hurayra, Abu Said, Ummu Salama va Muoviya kabi ulug‘ zotlarning nasihatlarini eshitgan. Unga qadar musulmonlar orasida Abdul Malik degan nom bo‘lmagan.
Dahriy tarixchilar “kitoblarni kuydirgan, olimlarni o‘ldirgan” deb sifatlagan Qutayba ibn Muslimni Xuroson viloyatiga ana shu ma’rifatparvar, adolatparvar, xalqparvar Abdul Malik ibn Marvon voliy qilib tayinlagan edi. Siyosat tarixi va tabiatidan ma’lumki, har bir davlat boshlig‘i muhim mansablarga o‘ziga hamfikr odamlarni tayinlaydi. Xalifa Abdul Malik ham Madinai munavvaradagi to‘rt allomaning biri, ilm-madaniyat jonkuyari o‘laroq, o‘zi kabi dunyoqarashga ega bo‘lgan Qutayba ibn Muslimni Xuroson viloyatiga voliy qilib tanlagan edi.
715 milodiy yilning ikkinchi yarmida xalifa Valid vafot etib, hokimiyat uning ukasi Sulaymon qo‘liga o‘tganida Qutayba ibn Muslim unga xizmat qilishdan bosh tortgan. Chunki u otasi va og‘asi kabi ma’rifatparvar, olim va donishmand emas, tabiiyki, Qutayba u bilan hech bir masalada kelisha olmas edi. Bundan g‘azablangan Sulaymon o‘sha yilning oxirida maxsus jallod yuborib, Farg‘ona vodiysida Qutayba ibn Muslimni va uning oilasidagi o‘n bir kishini qatl qildirgan va keyinroq bu qilmishidan pushaymon chekkan edi! Bu voqealar xususida arab shoiri Jarir: “Bir yaralgan Qutaybani o‘ldirdilar, Joni uchib ketgandan so‘ng o‘kindilar! Dunyodagi bu pushaymon hech narsamas, Oxiratda “attang!” degan yomon bo‘lar!” deb yozgan edi.
Yana bir manbalarda turkiy xalqlar Qutayba ibn Muslim hazratlari o‘ldirilganida: “Ey arablar! Uni o‘zingiz o‘ldirdingiz, agar u bizdan bo‘lganida edi – biz uni qadrlar edik. Agar vafot qilsa, undan baraka xosil qilishlik uchun tobutga solib, janglarimizga olib chiqqan bo‘lar edik”, degan ekanlar.
Yurtimizda qanchadan-qancha xalq mo‘min-musulmon baxtiga musharraf xolda yashab keldilar va kelmoqdalar. Nafaqat oddiy musulmon, balki Islom dinining rivoji va taraqqiyoti uchun hissa qo‘shgan olim va ulamolar bu yurtlardan yetishib chiqdi. Bu zotlarning ismlarining o‘zini yozilsa, ulamolar ismlaridan iborat alohida bir kitob hosil bo‘ladi. Bu Qutayba ibn Muslim hazratlari duolarining sharofati va xolis xizmatlari tufaylidir.
Shunday mo‘tabar inson milodiy 715 yili bizning aziz diyorimiz, Andijon viloyatining Jalaquduq tumaniga dafn qilingan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf – Islom tarixi;
Shayx Muhammad Xuzariy – Ummaviylar davlati tarixi;
Shayx Ismoil Bursaviy – Ruxul Bayon tafsiri;
Maxmud Shayt Xattot – Mavorounnahr qo‘mondarlari;
Imom Narshaxiy – Buxoro tarixi;
O‘zbekiston Islom ensiklopediyasi.
N.Xoliqnazarov,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Aziz mehmonlar!
O‘zbekistonning qadimiy va mehmondo‘st zaminida ilk bor o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi Xalqaro forumining ochilishi munosabati bilan sizlarni samimiy tabriklayman.
Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzg‘unchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya ko‘rinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.
Shu ma’noda, 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan O‘zbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan konseptual g‘oya oddiy, ammo o‘zgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, ta’lim va tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, o‘zaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor bo‘la oladi.
Muqaddas islom dinimiz insonni aziz va mukarram bilib, haqiqatni izlashga, ilm-ma’rifatga intilish, ilmiy kashfiyotlar qilishga, bunyodkor mehnatga, ta’lim, san’at va madaniyatni rivojlantirishga ilhomlantirib keladi.
Butun insoniyatning umumiy boyligi bo‘lgan bu noyob merosda mintaqamizning ham munosib hissasi bor. Ushbu bepoyon hudud jahon ilm-fani, ma’rifat va ma’naviyatining e’tirof etilgan yirik markazlaridan hisoblanadi. Ana shu muborak zaminda asrlar davomida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, hadisshunoslik va boshqa ko‘plab ilm sohalari yuksak taraqqiy etgan. Xususan, ulug‘ vatandoshlarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy singari mumtoz allomalarning bebaho merosi jahon tafakkur xazinasidan munosib o‘rin egallaydi.
Yurtimiz tarixida amalga oshirilgan, Birinchi va Ikkinchi Renessans deb nom olgan buyuk yuksalish davrlarida erishilgan noyob ilmiy-madaniy yutuqlar hozirgi kunda ham insoniyatni yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidan qat’iyat bilan bormoqda.
Biz bu yangi Uyg‘onish davrini ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy ta’lim, jamiyatning ma’naviy-intellektual o‘sishi, boy tarixiy merosimizga chuqur hurmat va har bir insonning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga asoslangan yangi taraqqiyot bosqichi sifatida ko‘ramiz.
Shu bois, mamlakatimizda islom sivilizatsiyasining boy va betakror merosini qayta tiklash, asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu tizimli ishlar, avvalo, islom merosini chuqur tadqiq etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, fundamental ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu jarayonda islom sivilizatsiyasining buyuk namoyandalari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar hamda tarixiy-madaniy majmualarni qayta tiklash va obodonlashtirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Samarqand viloyatida buyuk muhaddis Imom Buxoriy memorial majmuasining qaytadan barpo etilishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olamida eng yirik ma’naviy, ilmiy va ma’rifiy markazlardan biri sifatida e’tirof etilayotgani bizni albatta quvontiradi. Azaldan buyuk sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar tutashgan O‘zbekiston zamini bugungi kunda ham turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari tinchlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitida yashaydigan ezgulik diyoriga aylanib bormoqda. Ana shu ochiqlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik an’analari davlat siyosatimizning asosiy tamoyillarini tashkil etib, mamlakatimizning xalqaro gumanitar hamkorlik, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishlarining mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Muqaddas Qur’oni karimning “Iqro!” ya’ni “O‘qi!” degan abadiy da’vati dunyodagi barcha ezgu niyatli kishilarning bugungi va kelajak avlodlar baxt-saodatini ko‘zlab amalga oshirayotgan olijanob harakatlari uchun yo‘lchi yulduz vazifasini bajaradi. Oradan necha asrlar o‘tganiga qaramasdan, ushbu ilohiy chorlovning teran ma’no-mazmuni o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Aksincha, jadal o‘zgarishlar va texnologiyalar mislsiz sur’atlarda rivojlanayotgan hozirgi davrda bu chaqiriq yanada baralla yangrab, aynan ilm-ma’rifat, ma’naviy va intellektual taraqqiyot jamiyat ravnaqining hal qiluvchi kuchi ekanini butun bashariyatga eslatib turibdi.
Bu muborak kalom O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy darvozasi peshtoqiga bitilgan bo‘lib, uning oliy maqsadini – islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrash va chuqur o‘rganish, shu asosda dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdek ulug‘ missiyasini aniq belgilab beradi. Biz uchun mazkur Markaz xalqimizning tarixiy xotirasi ramzi, buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan chuqur ehtirom ifodasi, ayni paytda Yangi O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan shiddatli intilishining yorqin timsolidir.
Shu bilan birga, u ochiq intellektual makon bo‘lib, o‘z hayotini ilm-fanni rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni asrash va kelgusi nasllarga bezavol yetkazishga bag‘ishlagan dunyodagi barcha ma’rifatparvar insonlarni, olim va tadqiqotchilar, diniy arboblar va mutaxassislarni birlashtirishga xizmat qiladi.
E’tiborlisi shundaki, Markaz qisqa vaqt ichida o‘tmish bilan kelajakni, Sharq bilan G‘arbni, qadim an’analar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni o‘zaro bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi. Shu bois, biz Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumini turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar va muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot institutlarining intellektual salohiyatini birlashtiruvchi global hamkorlikning yangi bosqichi deb baholaymiz va bu borada qo‘shma harakatlar dasturi qabul qilinishiga umid bildiramiz.
O‘zbekiston xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor. Buning uchun Islom sivilizatsiyasi markazida fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma nashrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda jahonning yetakchi ilmiy va madaniy markazlari bilan keng ko‘lamli gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Biz ilm va ma’rifat zamonamizning eng buyuk birlashtiruvchi kuchi ekaniga, uning bunyodkorlik asosi, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lib qolishiga qat’iy ishonamiz va barchangizni shu ezgu maqsad yo‘lida hamkorlikka chaqiramiz.
Muhtaram do‘stlar!
Sizlar forum doirasida Samarqand va Termiz singari tarixiy shaharlarimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjumanlarda ishtirok etar ekansiz, yurtimizda diniy-ma’rifiy qadriyatlarni tiklash va asrash, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, umuman, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz bilan yaqindan tanishasiz. Mehnatkash va mehmondo‘st xalqimiz vakillari bilan bo‘ladigan samimiy uchrashuv hamda muloqotlar sizlarni yangi ilmiy tadqiqotlar va badiiy asarlar, madaniy-gumanitar loyihalar yaratishga ilhomlantiradi, deb ishonaman.
Sizlarni yana bir bor chin qalbdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizga rivoj, forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti