frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’on ilmni maqtaydi

10.03.2018   22795   3 min.
Qur’on ilmni maqtaydi

Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida ilmni maqtab, ilm sohiblariga ulkan mukofotlarni va’da qilgan. Mufassir olimlar bu boradagi ma’lumotlarni jamlab quyidagi xulosalarni berganlar:

Birinxidan, Alloh taolo Odam alayhissalomga farishtalar bilmaydigan narsalarning ilmini o‘rgatish orqali uni yer yuziga xalifa etib sayladi. Aynan ilmning fazilati tufayli hozirga qadar yer yuzida farishtalar emas, balki insonlar yashab kelmoqda.

Ikkinchidan, Alloh taolo ilmni hikmat deb nomlab, hikmatni eng ulug‘ ish ekanini aytdi. Muqotil bu haqda shunday deydi: “Qur’onda kelgan hikmat so‘zi to‘rt xil ma’noda ishlatilgan: birinchisi, pand-nasihat; ikkinchisi, fahm-farosat va ilm; uchinchisi, payg‘ambarlik; to‘rtinchisi, Qur’on ma’nolaridir. Bularning bari ilmga bog‘liq”.

Uchinchidan, Alloh taolo: “Va sizlarga faqat ozgina ilm berilgan, xolos” deb marhamat qilgan. Buning ma’nosi shuki, ilm shunchalik cheksizki, uning insoniyatga berilgan bir qismining o‘ziyoq koinotdagi katta-katta kashfiyotlarni ochmoqda. Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo: “Ayting, dunyo matosi ozdir”, deb butun borliqqa oz sifatini bermoqda. Endi, tafakkur qilaylik, Allohning nazdida oz va arzimas bo‘lgan dunyoning sir-sinoatini bilishgan ojizmiz-u, cheksiz-chegarasiz ilmga nima deb ta’rif berish mumkin!

To‘rtinchidan, Alloh taolo ilmlilarni ilmsizlardan ustun qo‘ydi: “Ayting, biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Albatta, yo‘q, ular aslo barobar emaslar. Alloh taolo Qur’onda olti narsani olti narsadan ustun qo‘ygan: birinchisi, nopokni pokdan, ya’ni halolni haromdan; ikkinchisi, ko‘zi ojizdan ko‘zi ko‘radigan insonni; uchinchisi, nurni zulmatdan; to‘rtinchisi, jannatni jahannamdan; beshinchisi, soyani oftobdan; oltinchisi, olimni johildan. Agar yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, bularning bari ilmning jaholatdan ustunligi bilan bog‘liqligini ko‘rish mumkin.

Beshinchidan, Alloh taolo olimlarga itoat qilishga buyurdi: “Allohga itoat qilinglar va Rasulga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan ish boshlariga itoat qilinglar”. Oyatdagi “...ish boshlari”dan murod olimlardir.

Oltinchidan, Alloh taolo olimlarni ikkita oyatda O‘zidan keyingi ikkinchi o‘rinda zikr etdi. Birinchisi, “Allohga itoat qilinglar va Rasulga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan ish boshlariga itoat qilinglar” oyati bo‘lsa; ikkinchisi, “Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga Alloh, farishtalar va ilmlilar guvohlik berdilar” oyatidir. So‘ng Alloh taolo olimlarning martabasini yanada ko‘tarib, boshqa ikkita oyatda ularni O‘zidan keyingi birinchi martabada zikr etdi. Ya’ni, bir oyatda: “Va uning ta’vilini Alloh va faqat puxta ilmlilargina biladi” deb xabar bergan bo‘lsa, yana bir boshqa oyatda: “Ayting, men bilan sizning orangizda Alloh va Kitob haqida ilmi borlar guvohlikka kifoya qilur”,  deb olimlarni birinchi martabaga qo‘ygan. Bundan-da oliyroq martaba, mansab bormi?!

Yettinchidan, olimlarni darajalarga ko‘tardi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato qilinganlarani darajalarga ko‘tarur”. Alloh taolo Qur’onda to‘rt toifani yuqori darajalarga ko‘targan: birinchisi, Badr jangida ishtirok etgan mo‘minlarni; ikkinchisi, mujohidlarni; uchinchisi, solihlarni va to‘rtinchisi, olimlarni. Badr ahlini boshqa mo‘minlardan yuqori darajaga qo‘ydi, mujohidlarning fazilatini uzrli sabab bilan janga bora olmagan mo‘minlarnikidan bir necha daraja yuqori sanadi, solihlarni esa yuqoridagilardan ham balandroq darajaga ko‘tardi va olimlarni mazkur uch toifadan ham afzal darajaga qo‘ydi. Demak, olimlar insonlar ichida eng afzalidir.

Sakkizinchidan, Alloh taolo olimlarni “Allohdan qo‘rquvchi bandalar” sifati bilan maqtagan: “Albatta, Allohdan bandalari orasida faqat olimlarigina  qo‘rqurlar”.                         

 

                                                             Abdulloh Mallaboyev

O‘MI Matubot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Termiziy merosi xalqaro miqyosda o‘rganilmoqda

09.10.2026   69061   1 min.
Imom Termiziy merosi xalqaro miqyosda o‘rganilmoqda

Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qohiradagi Al-Azhar universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamkorligida onlayn ilmiy seminar o‘tkazildi.

“Imom Termiziy merosi: merosni qabul qilish va o‘rganish an’analari hamda undan zamonaviy foydalanish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Imom Termiziyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning hadis ilmi rivojidagi o‘rni, alloma asarlarining keyingi avlodlar tomonidan qabul qilinishi va tadqiq etilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Seminarda Qohiradagi Al-Azhar universiteti Islomiy da’vat fakultetining islomiy da’vat va madaniyat yo‘nalishi dots.nti, professor doktor Odil Abdulloh Hindiy ma’ruza qildi. Unda Imom Termiziyning ilmiy merosi, xususan, allomaning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, asarlarining ilmiy ahamiyati va ularni zamonaviy tadqiqotlar asosida o‘rganishning dolzarb jihatlariga to‘xtaldi.

Shuningdek, buyuk muhaddis merosini xalqaro miqyosda tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, ilmiy manbalardan zamonaviy ta’lim va tadqiqot jarayonlarida samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Imom Termiziy merosini o‘rganishga qaratilgan bunday ilmiy muloqotlar alloma ilmiy merosining xalqaro miqyosda yanada keng tadqiq etilishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari