Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida ilmni maqtab, ilm sohiblariga ulkan mukofotlarni va’da qilgan. Mufassir olimlar bu boradagi ma’lumotlarni jamlab quyidagi xulosalarni berganlar:
Birinxidan, Alloh taolo Odam alayhissalomga farishtalar bilmaydigan narsalarning ilmini o‘rgatish orqali uni yer yuziga xalifa etib sayladi. Aynan ilmning fazilati tufayli hozirga qadar yer yuzida farishtalar emas, balki insonlar yashab kelmoqda.
Ikkinchidan, Alloh taolo ilmni hikmat deb nomlab, hikmatni eng ulug‘ ish ekanini aytdi. Muqotil bu haqda shunday deydi: “Qur’onda kelgan hikmat so‘zi to‘rt xil ma’noda ishlatilgan: birinchisi, pand-nasihat; ikkinchisi, fahm-farosat va ilm; uchinchisi, payg‘ambarlik; to‘rtinchisi, Qur’on ma’nolaridir. Bularning bari ilmga bog‘liq”.
Uchinchidan, Alloh taolo: “Va sizlarga faqat ozgina ilm berilgan, xolos” deb marhamat qilgan. Buning ma’nosi shuki, ilm shunchalik cheksizki, uning insoniyatga berilgan bir qismining o‘ziyoq koinotdagi katta-katta kashfiyotlarni ochmoqda. Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo: “Ayting, dunyo matosi ozdir”, deb butun borliqqa oz sifatini bermoqda. Endi, tafakkur qilaylik, Allohning nazdida oz va arzimas bo‘lgan dunyoning sir-sinoatini bilishgan ojizmiz-u, cheksiz-chegarasiz ilmga nima deb ta’rif berish mumkin!
To‘rtinchidan, Alloh taolo ilmlilarni ilmsizlardan ustun qo‘ydi: “Ayting, biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Albatta, yo‘q, ular aslo barobar emaslar. Alloh taolo Qur’onda olti narsani olti narsadan ustun qo‘ygan: birinchisi, nopokni pokdan, ya’ni halolni haromdan; ikkinchisi, ko‘zi ojizdan ko‘zi ko‘radigan insonni; uchinchisi, nurni zulmatdan; to‘rtinchisi, jannatni jahannamdan; beshinchisi, soyani oftobdan; oltinchisi, olimni johildan. Agar yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, bularning bari ilmning jaholatdan ustunligi bilan bog‘liqligini ko‘rish mumkin.
Beshinchidan, Alloh taolo olimlarga itoat qilishga buyurdi: “Allohga itoat qilinglar va Rasulga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan ish boshlariga itoat qilinglar”. Oyatdagi “...ish boshlari”dan murod olimlardir.
Oltinchidan, Alloh taolo olimlarni ikkita oyatda O‘zidan keyingi ikkinchi o‘rinda zikr etdi. Birinchisi, “Allohga itoat qilinglar va Rasulga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan ish boshlariga itoat qilinglar” oyati bo‘lsa; ikkinchisi, “Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga Alloh, farishtalar va ilmlilar guvohlik berdilar” oyatidir. So‘ng Alloh taolo olimlarning martabasini yanada ko‘tarib, boshqa ikkita oyatda ularni O‘zidan keyingi birinchi martabada zikr etdi. Ya’ni, bir oyatda: “Va uning ta’vilini Alloh va faqat puxta ilmlilargina biladi” deb xabar bergan bo‘lsa, yana bir boshqa oyatda: “Ayting, men bilan sizning orangizda Alloh va Kitob haqida ilmi borlar guvohlikka kifoya qilur”, deb olimlarni birinchi martabaga qo‘ygan. Bundan-da oliyroq martaba, mansab bormi?!
Yettinchidan, olimlarni darajalarga ko‘tardi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato qilinganlarani darajalarga ko‘tarur”. Alloh taolo Qur’onda to‘rt toifani yuqori darajalarga ko‘targan: birinchisi, Badr jangida ishtirok etgan mo‘minlarni; ikkinchisi, mujohidlarni; uchinchisi, solihlarni va to‘rtinchisi, olimlarni. Badr ahlini boshqa mo‘minlardan yuqori darajaga qo‘ydi, mujohidlarning fazilatini uzrli sabab bilan janga bora olmagan mo‘minlarnikidan bir necha daraja yuqori sanadi, solihlarni esa yuqoridagilardan ham balandroq darajaga ko‘tardi va olimlarni mazkur uch toifadan ham afzal darajaga qo‘ydi. Demak, olimlar insonlar ichida eng afzalidir.
Sakkizinchidan, Alloh taolo olimlarni “Allohdan qo‘rquvchi bandalar” sifati bilan maqtagan: “Albatta, Allohdan bandalari orasida faqat olimlarigina qo‘rqurlar”.
Abdulloh Mallaboyev
O‘MI Matubot xizmati
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.