Odam savdosi jinoyati bugungi kunda dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotir. Ushbu jinoyat muayyan hudud yoki qit’adagina emas, asta-sekin dunyoning turli nuqtalariga kirib borayotgani uchun ham xavflidir. Unga qarshi kurashish, oldini olish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rilmoqda. Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar jahon hamjamiyatining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Xususan, 2008 yili mamlakatimiz parlamenti “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi. Shuningdek, Prezidentimizning “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha respublika reabilitatsiya Markazi tashkil etildi.
Odam savdosi jabrdiydalarini qulay yashash va shaxsiy gigiyena shart-sharoitlari, shuningdek, oziq-ovqat, dorivor vositalar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash, ularga kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatishdan tashqari, xavfsizligini ta’minlash, qarindoshlari bilan muloqot o‘rnatishiga ko‘maklashish ushbu markazning asosiy vazifalaridir.
Bugungacha markaz xizmatidan foydalangan mingga yaqin jabrdiydalarning 28 foizini ayollar va 2,9 foizini voyaga yetmagan bolalar tashkil etadi. Ularga tibbiy, ruhiy yordamdan tashqari, ish topishlariga ham ko‘maklashildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining joylardagi bo‘limlari bilan birgalikda ularni ish bilan ta’minlash masalasi ijobiy hal qilib berilmoqda.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozim, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarni to‘g‘ri tushunib, tiklanib olishlariga beg‘araz yordam ko‘rsatishda mamlakatimizning turli idoralari mas’ul xodimlaridan tortib, oddiy fuqarolarigacha o‘zlarining yuksak insoniylik xislatlarini namoyon etmoqdalar. Xususan, Markazga murojaat qilayotganlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etib, madaniy hordiq chiqarishlarida “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri hamda boshqa madaniyat muassasalari xodimlarining xizmati alohida ta’kidga loyiq. Shuningdek, jabrdiydalarning doimiy yashash joylariga yetib olishlariga ham qator tashkilotlar homiylik yordami ko‘rsatishyapti. Fursatdan foydalanib, bu borada katta yordam berayotgan homiy tashkilotlar qatori O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va uning joylardagi boshqarmalari, Bandlik markazlari, prokuratura hamda ichki ishlar tizimi xodimlariga minnatdorlik bildiramiz.
Ziyoda FARHODOVA,
Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish
va ularni himoya qilish respublika
reabilitatsiya markazi xodimasi
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz