Alloh taolo marhamat qiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili 2 mln. 700 ming nafarga yaqin kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Alloh taolo yaratgan maxluqotlar ichida mukarrami va ulug‘i bo‘lgan insonni ayrim shayton quliga aylangan kimsalar tap tortmay buyum singari sotmoqda, ayovsiz ishlatmoqda, xorlamoqda. Ba’zan yovuzlarcha o‘ldirib yuborishyapti. Aldov yo‘li bilan katta va’dalarni berib chet davlatlarga olib ketilgan ayollar qismati... Norasida bolalar va yoshlar taqdiri... Bunday ayanchli holatlar qalbimizni yaralashi tabiiy.
Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha yurtimizda adliya va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari doim huquqiy targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Odam savdosi nafaqat bir mamlakat, balki dunyo miqyosida hal qilinadigan dolzarb muammo. Uni bartaraf etish uchun hamjihat bo‘laylik. Akamiz yoki ukamiz, qarindoshimiz yoki qo‘shnimiz, opamiz yoki singlimiz aldovlar, quruq va’dalar qurboniga aylanmasin. Har vaqt ogoh bo‘laylik.
Sharofiddin MUSABOYEV,
Andijon shahridagi
«Abu Hurayra» jomei imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Cavol: Namoz o‘qiyotganimda bolam ro‘molimni tortib yechib yubordi. Namozim nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra namozda berkilishi shart bo‘lgan a’zolardan birining to‘rtdan bir va undan ko‘p qismi uch tasbeh (Subhanalloh) aytish muddaticha ochiq tursa, namoz buziladi. Agar uch tasbeh aytish muddatiga yetmasdan, bir qo‘lda yengil harakat bilan yopib olsa, namoz buzilmaydi. Sizdagi holat ham mana shu hukmga tushadi. Bu holatda ro‘molning o‘zi tushib ketishi yoki kimningdir tushirib yuborishi o‘rtasida farq yo‘q (“Muxtasar fil fiqhil hanafiy”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.