Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Qay biri qadimiyroq?

07.03.2018   19507   4 min.
Qay biri qadimiyroq?

Payg‘ambarimizga (alayhissalom) nozil qilingan Qur’oni karim oyatlari matni hijriy 10 (milodiy 632) yilda to‘la mukammal bo‘ldi. O‘sha paytda nozil bo‘lgan sura va oyatlar turli ashyolarga ko‘chirilib, tartiblanmagan holda Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) xonalarida bir joyga jamlangan edi.

Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) xalifaliklari davrida, ya’ni hijriy 11-13 yillari Qur’on karim oyatlarining o‘rama shakldagi bir nusxasini ko‘chirishga qaror qilindi. Bu sharafli vazifa yigirma yoshli sahobiy, vahiy kotibi Zayd ibn Sobitga yuklandi. Zayd ibn Sobit madinalik ansoriylardan edi. O‘n bir yoshida imonga kelib, hamisha Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida yurib, duolaridan barakot topdi. Qator tillarni o‘rganib, ilmu hikmat sohibi bo‘lib yetishdi. Madina shahrida Kur’on qiroati qoidalari, shariat ahkomlari va meros taqsimoti masalalarida benazir zot edi. Zayd ibn Sobit Abu Bakr Siddiq topshirig‘i bilan oyatlarni o‘ram-o‘ram terilarga birinchi bo‘lib ko‘chirgan, keyinchalik Mus'hafi Usmonni ko‘chirish ishlariga ham bosh-qosh bo‘lgan.

Ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) zamoniga kelib Islom dinimiz sharqda Xitoygacha, g‘arbda Andalusiya (Ispaniya)gacha yetib bordi. Hijriy 13-24 yillar oralig‘ida Islom davlati hududi nihoyatda kengaydi. Arablardan tashqari Ajam o‘lkalaridagi xalqlar ham Islom bilan sharaflanishdi. Bu esa Qur’oni karimning yagona quraysh lahjasidagi “andoza rasmixat imlodagi” (etalon) nusxasini ko‘chirish zaruratini yuzaga keltirdi.

Bu tarixiy ish uchinchi xalifa Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) davrlariga to‘g‘ri keldi. Hijriy 25 yili as'hobi kiromdan katta bir guruh nazorati ostida, daqiq tekshiruvlar natijasida Qur’oni karimning yagona andoza nusxasi ko‘chirib yozildi. Teri sahifalarning ikkala yuzasiga ham matn yozilib, barcha sahifalar muqova orasiga olindi. Qur’oni karimning kitob shaklidagi bu nusxasiga “Mus'hafi Imom” deb nom berildi. Teri varaqlarga yozilgan Kur’on nusxasining eng birinchi namunasi Hazrati Usmonga nisbat berilib, “Mus'hafi Usmon” atala boshladi. Xattotlar ana shu mus'hafdan bir necha nusxa ko‘chirib, Islom yetib borgan turli o‘lkalarga yuborilgan. Bugungi kunda Hazrati Usmon mus'haflaridan nodir bir nusxa O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida avaylab saqlanmokda.

Langar Qur’oni esa milodiy sakkizinchi asrda noma’lum bir xattot tomonidan ko‘chirilgan nusxa bo‘lib, u qaysi sahoba ko‘chirib yozganini aytishga ilmiy asoslar yo‘q. Bu nusxada to‘liq bo‘lmasa-da, hamma harflarning nuqta-belgilari qo‘yilgan. Nusxa Kashqadaryo viloyatining Langar qishlog‘ida saqlanib kelingani uchun “Langar Kur’oni” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Uning 16 varag‘i O‘zbekistonda, 82 varag‘i Sankt-Peterburgda saqlanmoqpa. Doktor Yefim Rezvan Peterburgda Langar Kur’oni varaqlarining majmuasini rangli kitob holida nashr ettirgan. Bu nashrning O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida ham bir nusxasi mavjud.

Mazkur mus'haflarning Markaziy Osiyoga keltirilgani haqidagi to‘liq ma’lumotlar marhum ustoz Shayx Ismoil maxdumning “Toshkentdagi Usmon mus'hafi tarixi” asarida keltirilgan. Mazkur kitobda sohibqiron Amir Temur va alloma Abu Bakr Qaffol Shoshiy Mus'hafning yurtimizga kelishiga aloqador ekani ko‘rsatiladi. Lekin Mus'hafni aynan kim olib kelgani hamon jumboqligicha qolmokda. Bizningcha, Mus'hafni hijriy 54 yili Samarqandga muhojir bo‘lib kelgan Usmon ibn Affonning o‘g‘li Xolid ibn Usmon olib kelgan, degan fikr ilmiy asosga ega. Samarqanddagi Xoja Abdu Darun maqbarasi aynan Xolid ibn Usmonga mansub me’moriy yodgorlikdir.

Fotima Habibulloh qizi HAQBЕRDIYEVA

O‘MI Matbuot xizmati

Manbalar:

  1. Shayx Ismoil Maxdum. “Toshkentdagi Usmon Mus'hafi tarixi”, T., “Movarounnahr”, 1995, 37-41-b.
  2. Xolid Muhammad Xolid. “Rijalun havlar Rasul”, Bayrut, “Dorul fikr”, 387—393-betlar.
Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yangi o‘quv yiliga — ezgu niyatlar bilan!

24.08.2026   35268   1 min.
Yangi o‘quv yiliga — ezgu niyatlar bilan!

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.

Yangi o‘quv yili arafasida viloyatdagi imom-xatib va imom noiblari tomonidan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlariga o‘quv qurollari olib berilmoqda.

Bu ezgu tashabbus bolajonlarga quvonch ulashish bilan birga, ularning yangi o‘quv yilini munosib kutib olishiga ko‘maklashmoqda.

Mehr-oqibat va saxovat — xalqimizga xos ezgu qadriyatlar!

O‘MI Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari