Ma’lumotlarga ko‘ra, Olmazor tumanidagi "Oxunguzar" jome masjidi 1850 yilda qurilgan. Ushbu masjid o‘zining tarixiyligi va qurilish uslubi bilan ajralib turadi.
Tarixiy masjidning yonida joylashgan uyning ayanchli holati masjidga tashrif buyuruvchilar va xorijlik sayyohlarning dilini xira qilishi turgan gap.
Mamlakatimizda sayyohlik sohasiga berilayotgan e’tibor, bu singari kichik kamchiliklar sababli to‘siqlarga uchramasligi zarur.
Bunday nurab ketgan devorlar ham masjid ahliga ham xorijdan keladigan sayyohlarga salbiy ta’sir etishi aniq. Kim ham nuragan devorni ko‘rib, bino ichiga kiradi? Masjid xodimlari esa kuniga yuzlab sayyohlarga: bu masjid juda mustahkam deb, tushuntira olmaydilarku.
Kelgan sayyoh masjid holati yaxshi bo‘lsada, yonboshida turgan uy devorining yiqilay deb turganini ko‘rib, ushbu obidani ziyorat qilish niyatidan qaytmasligiga kim kafolat beradi?!
Mutasaddi tashkilot va mazkur uy vakillaridan mavjud holat bo‘yicha tegishli chora ko‘rishlarini kutib qolamiz.




O‘MI matbuot xizmati
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati