Burgutlar yaralganidan kuch-quvvat, zafar va erk ramzi bo‘lib kelgan. Burgut ko‘z yetmagan balandliklarda burgutlar bilan yoki yolg‘iz uchadi. Aslo va aslo boshqa qushlarga aralashmaydi. Ko‘zlari o‘tkir bo‘ladi, o‘ljasini besh ming metr yuqoridan ko‘radi va qo‘lga kiritmagunicha undan ko‘zini uzmaydi.
Burgut o‘limtik yemaydi, balki o‘ljani o‘zi ovlaydi. Yemishning yangisini izlaydi.
Bo‘ronli, yomg‘irli havoda uchishdan qo‘rqmaydigan qushdir. Bunday havo, aksincha, uning shijoatini qo‘zg‘aydi. Shamolli vaziyatdagi havo bosimini foydasi uchun ishlata oladi. Bu hol unga qanotlarini ko‘p ham qiynamaslikka imkon beradi.
Burgut xonimlar burgut janoblarni qayta-qayta sinab, shundan keyingina turmush o‘rtoqlikka qabul qiladi.
Burgutlarchalik inini yuqoriga quradigan va uni qattiq himoyalaydigan boshqa qush yo‘q.
Burgut bolalarini o‘ta qattiqqo‘llik bilan uchishga o‘rgatadi. Vaqti yetib, polaponini indan tashqariga uloqtirar ekan, dangasalik qilib yana “issiq uylariga” qaytib kelmasliklari uchun ona burgut inini buzib tashlaydi.
Odatda burgut yetmish yil yashaydi. Lekin qirq yoshga borganida tirnoqlari uzayib, patlari juda o‘sib, uchishiga xalaqit bera boshlaydi. Shunda ajoyib bir hodisa yuz beradi: burgut qoyaga joylashib, tumshug‘i va tirnog‘i bilan qoyatoshni tirnay boshlaydi, bu orada eski patlarini ham yulib tashlashga ulguradi. Besh oy ichida yangi tumshuq, yangi tirnoq va yangi pat o‘sib chiqadi. Yangilanish burgut uchun hayot-mamot masalasidir.
Akmal AVAZ
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 23-24 aprel kunlari Samarqanddagi Hadis ilmi maktabida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Barkamol avlod – 2026” respublika musobaqasi o‘tkazilmoqda. Unda 14 ta diniy ta’lim muassasasidagi saralash bosqichlaridan o‘tib kelgan jamoalar sportning milliy kurash, tosh ko‘tarish, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Bugun kunning birinchi yarmida musobaqa ishtirokchilari Samarqanddagi qadamjolar, xususan, Go‘ri Amir majmuasi, Registon maydonidagi Tillakori, Sherdor va Ulug‘bek madrasalarini ziyorat qilib, ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘lish bilan birga elu yurt haqiga xayrli duolar qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tgan musobaqa ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbar va xodimlari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishtirokchi jamoalar va ularning murabbiylari qatnashdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov mehmonlarni tashrif bilan qutladi. So‘ng Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov barcha ishtirokchilarga Muftiy hazratlarining salom va duolarini yetkazish barobarida yurtimizda ta’lim-tarbiya va sportga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘zlab, musobaqada qatnashayotgan talaba-yoshlarga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda diniy ta’lim muassasalari jamoalarining bellashuv tartibi va navbatlari aniqlab olindi. Shu asosda stol tennisi, shaxmat va milliy kurash yo‘nalishlari bo‘yicha saralash o‘yinlari o‘tkazildi. Yuqori kayfiyat va qizg‘in raqobat muhitida o‘tgan bellashuv yakunida munosib ishtirokchilar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 24 aprel kuni musobaqaning hal qiluvchi – final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Unda g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, taqdirlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati