Ayrimlar: “Duo qilaveramiz, birortasining qabul bo‘lganini sezmadik!” deb gapirib yuradi.
Qonun-qoidasiga muvofiq yozilmagan oddiy ariza ham qabul qilinmaydi-yu, shartlariga rioya etilmagan duo qanday qabul bo‘lsin! Yoshlanmagan ko‘z, qizarmagan yuz, qalbdan chiqmagan ming bir so‘z bilan qilingan duolar qanday ham ijobat bo‘lsin huzuri Ilohiyda?
Ko‘pchilik odamlarning duolari xuddi maktubsiz xatjildga o‘xshaydi. Jildi bor-u, ichida xat yo‘q. Buni boshqachasiga ifodalasak, jasad bor-u, ruh yo‘q, po‘sti bor-u, mag‘zi yo‘q, niqob bor-u, yuz yo‘q.
Oddiy bandadan biror narsa so‘rashning o‘ziga xos yo‘li, odobi bo‘lgani holda olamlar Parvardigoridan so‘rashning odobi bo‘lmasinmi!
Duo – insonning o‘z ojizligini e’tirof etishidir.
Duo – agar ilohiy nusrat bo‘lmasa, odamning o‘zi, hech narsa qilolmasligini bilishidir.
Duo – bandaning borlig‘i bitta yurakka aylanib, ilohiy Dargohga yukunishidir.
Duo – bor kuchini, butun imkoniyatini ishga solib ham maqsadiga yetolmasligini bilgan odamning Parvardigordan madad so‘rab, qilgan nidosidir.
Buni tushungan odam, bola onasidan bir nimani qat’iy turib so‘raganidek, qat’iyat bilan duo qiladi. Ilohiy Dargohga qo‘l cho‘zib qayta-qayta iltijo etadi...
Shunda metin qalblar ham yumshaydi, toshdan suv sizgani kabi, ulardan ojizlik “oh”lari sizib, yuksaladi. Hech kutmagan joyingizdan Egam najot eshiklarini ochadi. Shoir aytganidek:
Sur, chiqar ag‘yorni dildan, Haq tajalliy aylasin,
Podishoh kirmas saroyga xona ma’mur o‘lmasa.
Hirsu havas dengiziga g‘arq bo‘lgan, dunyo matolariga muhabbatni o‘ziga jo qilgan yurakka nazar qilarmikin U!
Toif safaridan qaytar ekanlar Muhammad payg‘ambarimiz rejalari puchga chiqib, ilojsiz qolganlarida, gumrohlar otgan toshlardan pokiza vujudlari qonga belanib, horib-charchab, bir devor panasiga cho‘kdilar. Aqlning chorasi qolmagan paytda, kamsitilgan, horg‘in va g‘amnok holda muhabbatullohning mushfiq bag‘riga tashladilar o‘zlarini. Keyin muborak dudoqlardan payg‘ambarlik davrining burilish nuqtasi bo‘lgan duo otilib chiqdi:
“Ilohim! Madorim tugaganini, chorasiz qolganimni va odamlar orasida xor bo‘lganimni faqat O‘zingga arz qilurman... Ey rahmlilarning eng marhamatlisi! Sen mening Parvardigorimsan, ezilganlarning madadkorisan. Meni kimlarning ixtiyoriga tashlab qo‘yding? Menga g‘addorlik qilganlarning qo‘ligami?..
...Mayli, Sen mendan g‘azablanmasang bo‘lgani, boshqasiga parvo qilmayman. Ammo marhamatingdan umidvorman. Sening nuringga yukunaman, zulmatlarni yoritguvchi nuringga...
Menga g‘azabing yetmasligi va qahring tushmasligini so‘rayman. Senga sig‘inaman, mendan rozi bo‘lsang, bas. Barcha kuch-qudrat Sendadir, yolg‘iz O‘zingda!..” (Ibn Hishom, “Siyra”).
Sodiq NOSIR
O‘MI Matbuot xizmati
Birinchidan, tarqatilayotgan har bir ma’lumot va axborot insonlar manfaatiga xizmat qiladigan yaxshi so‘z bo‘lishi lozim.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh yaxshi so‘zga qanday misol keltirganini ko‘rmaysanmi? U xuddi bir yaxshi daraxtga o‘xshaydir. Uning asli sobit turadir. Shoxlari esa, osmonda. Robbi izni ila har doim mevalarini berib turadir” (Ibrohim surasi, 24-25 – oyatlar).
Ikkinchidan, turli fahsh va behayo ma’lumotlarni, bo‘xton, yolg‘on hamda mish-mish xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo‘lish shart.
Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “...fahsh ishlar tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir” (Nur surasi, 19-oyat).
Uchinchidan, tarqatilayotgan har qanday xabar yoki ma’lumot uchun Qiyomat kuni javob berishni hamda “Kitobat ham xitobat kabidir (yozish – gapirish kabi)”, degan qoidani unutmaslik kerak.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Bugungi kunda ularning og‘izlariga muhr uramiz. Nima kasb qilganlarini Bizga qo‘llari so‘zlar va oyoqlari guvohlik berur” (Yosin surasi, 65-oyat).
Imom Shofi’iy aytadilar: “Vafot etmaydigan yozuvchi yo‘q. Ammo uning qo‘llari yozgan narsalar necha yillar o‘tsada saqlanib qoladi. Shunday ekan, Qiyomatda ko‘rganingizda xursand bo‘ladigan narsadan boshqa hech narsa yozmang!”.
To‘rtinchidan, har bir axborotning ishonchli ekanini tekshirib, keyin tarqatish.
Alloh taolo shunga buyuradi: “Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishining yolg‘onchi bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapiraverishi kifoya qiladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Beshinchidan, mualliflik huquqiga amal qilish. O‘zgalarning mehnatini ko‘chirib, o‘zlashtirib olmaslik.
Imom Shofi’iy rahimahulloh: “Menga bu so‘zni falonchi aytgan”, deb aytuvchisini aniq shaklda gapirgan kishi haqiqiy marddir”, deganlar.
Abdul Fattoh Abu G‘udda aytadilar: “Jumla yoki so‘zni naql qiluvchiga nisbat berish omonatdir”.
Oltinchidan, har bir kasb egasi o‘z mutaxassisligi doirasida axborot yoki ma’lumot tarqatishi lozim. Bilimi yetmagan, mutaxassisligi bo‘lmagan xabarni tarqatmaslik kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon ish o‘z ahlidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD