Muhammad Shofe’ Usmoniy rohimahulloh hikoya qiladilar: Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi yetuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo u kishiga baland martaba ato qilgan edi. Vafot topganida bir kishi tushida u zotni ko‘rdi va: «Alloh sizga qanday muomala qildi?» deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi «Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi, lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi», dedi. Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka berilmagan narsa unga berilganligini o‘ylab qoldi va Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhining mahallasiga bordi. Surishtirib ko‘rsa, haqiqatda u kishining uyining ro‘parasida bir temirchi bo‘lib, u ham vafot topgan ekan. Borib, temirchining xotinidan: «Eringiz nima qilar edi?» deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi. Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga havasi kelib, hasrat qilib, «Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda, men ham tuni bilan tahajjud o‘qir edim», der edi. Ikkinchisi – u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirar va «Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi», der edi va masjidga qarab ketar edi», dedi. Tush ko‘rgan kishi: «Abdulloh ibn Muborakdan ham martabasining yuqori bo‘lishiga shu narsa sabab bo‘lgan ekan», dedi. E’tibor bering, temirchi ham halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz to‘qnash kelgan edi, birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi.
Manba: https://t.me/hikmatlar
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati