Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Duo kuchi (ta’sirli voqea)

04.03.2018   10837   3 min.
Duo kuchi (ta’sirli voqea)

Kichik bir bolakay dengiz bo‘yida ko‘zlarini bir nuqtaga tikib o‘tirardi. Bir soatdan beri o‘tirgan bu bolaning holi yaqin joyda o‘tirgan bir qariyaning diqqatini o‘ziga tortdi. Qariya bolaning ëniga borib:
- Ha, o‘g‘lim, xormang. Bugun dengiz juda ham chiroylimi-a? - dedi.
Bolakay qariyaga qaramasdan:
- Lekin bugun shamol bor. Koptogim dengizga tushib ketib, shamol bilan ancha uzoqqa ketib qoldi.
- Agar ësh bo‘lganimda, suzib borib koptogingni olib berardim - dedi bolaning ëniga o‘tirgan qariya.
Bola javob bermadi. Ko‘z oldidan uzoqlashib ketaëtgan koptogiga qarab o‘tirishda davom etdi. Qariya sokin ovoz bilan:
- Umidingni xech qachon yo‘qotma. Menimcha, duo qilsang, yaxshi bo‘ladi.- dedi. Bola quvonch bilan:
- Duo qilsam, koptogim qaytib keladimi? - deya so‘radi.
- Agar Alloh istasa, qaytib keladi. Agar qaytib kelmasa ham duolaringning savobi senga yetadi.
Bolakay qariyaning gaplari xaqida ozgina o‘ylanib, orqasidan buvasidan o‘rgangan duolarni o‘qiy boshladi. Keyin koptogi qaytib kelishi uchun Allohdan ërdam so‘radi. Lekin bu uning dardiga darmon bo‘lmadi. U koptokni olish uchun uzoq vaqt xarakat qilgan, xatto bayramda olgan pullarini xam koptok uchun asrab qo‘ygan edi. Hozir koptok qaytib kelishiga birgina imkoniyat shamolning o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi edi. Lekin dengiz katta, koptok esa kichik.
Kechga yaqin xavo o‘zgardi. Quësh botishi arafasida baliqchilar dengizdan qayta boshladi. Uyiga koptoksiz ketishni istamagan bolakay qariya bilan birga o‘tirib baliqchilarni kutardi. Qariya baliqni xar doim Sherzod baliqchidan xarid qilardi. Ko‘zi bilan Sherzodni izlab topgan otaxon:
- Ovingiz baroridan kelgan bo‘lsa kerak inshoAlloh - dedi. Sherzod baliqchi ënidagi qutiga ishora qilib:
- Bu safar baliq oz - dedi.
- Duo qilmadingizmi? - deya gapga aralashdi bolakay. -Umidingizni aslo yo‘qotmang.
Sherzod baliqchi bolakayning boshidan silab:
- Duo... Duo qilsam baliq tutamanmi?
- Tuta olmasangiz xam duolaringizning savobi sizga yetadi. Men hozirgina o‘rgandim buni.
Sherzod baliqchi bu gapni birinchi marotaba eshitaëtgan edi.
- Men ham endi o‘rgandim. Buni menga kichkina o‘qituvchi o‘rgatdi - dedi baliqchi.
Bu gaplarni eshitib bolakay juda quvondi. Koptok uning esidan ham chiqib ketgan edi. Baliqchi kemasiga qaytib chiqdi va qo‘liga bir koptok oldi. Uni bolakayga uzatib:
- O‘qituvchilar xaqini ado etish qiyin. Bu koptokni dengizdan topib oldim - dedi.
Bolakay xuddi tush ko‘raëtgandek edi. Kutilmagan narsalar bo‘laëtgan tush. Atrofga qaradi. Xammasi xaqiqiy. Baliqchi ham, kema ham, qariya ham... Koptok qo‘lida. Uni qattiq quchoqlab:
- Mendan ruxsatsiz uzoqqa ketish yo‘q - dedi. Duo qilmaganimda nima bo‘lardi?

Manba: https://t.me/hikmatlar

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

XI asrda Samarqandda tibbiyot muassasalari faoliyati qanday bo‘lgan?

16.09.2026   7420   5 min.
XI asrda Samarqandda tibbiyot muassasalari faoliyati qanday bo‘lgan?

XI asr o‘rtalarida Samarqand zaminida barpo etilgan tabobat maskani hamda uning mukammal moliyaviy-iqtisodiy ta’minoti o‘rta asrlar Sharq davlatchiligida ijtimoiy himoya va xalq salomatligini muhofaza qilish yuqori darajada tashkil etilganini namoyon etadi.

Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.

Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.

Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.

Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.

Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.

Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.

Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari