Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2026   |   20 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:47
Quyosh
05:15
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:42
Xufton
21:11
Bismillah
03 Avgust, 2026, 20 Safar, 1448

Silai rahm umrni uzaytiradi

02.03.2018   19337   2 min.
Silai rahm umrni uzaytiradi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rizqini keng qilishi va ajalini kechiktirishi kimni quvontirsa, u silai rahm qilsin” (Buxoriy va Termiziy).

Silai rahm deyilganida, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash tushuniladi. Soddaroq ifodalasak, qavm-qarindosh, yoru birodarlar bilan o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘ymaslik, doimo qondoshlar, ayniqsa, ular orasidagi betoblari va hojatmandlari holidan xabar olish, qo‘ldan kelganicha ularning og‘irini yengil qilish kabi ulug‘ insoniy fazilatlarga silai rahm deyiladi.

Mo‘tabar aqida kitoblarimizda, jumladan, “Aqoidi Nasafiy”da bunday deyiladi: “Ajal bittadir”.

Shunday ekan, umrni uzaytirishni qanday tushunish kerak?

Ba’zi ulamolar bunday javob berganlar: “Amallarda barakot va tavfiq hosil bo‘lishi umrning bekorga o‘tmasligidir. Bu xuddi uning uzayganiga o‘xshaydi”.

Ayrim ulamolar, silai rahm o‘lganidan keyin yaxshilik bilan yodlanishiga sababdir, bu umrning ma’nan uzayishidir, deyishgan.

Ba’zi hadis olimlariga ko‘ra, ajalning kechikishi deyilganida umrning ortishi emas, balki Alloh silai rahm qiluvchining naslidan xayrli zurriyot chiqarishi tushuniladi. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida “Kim silai rahm qilsa, ajali kechiktiriladi”, deyilganida, u zot bunday marhamat qildilar: “Umr uzaymaydi. Alloh taolo: “Bas, qachon ularga ajallari kelsa, uni biron soatga orqaga ham, oldinga ham sura olmaydilar” (A’rof, 34), deya ogohlantirgan. Ammo kishi silai rahm qilsa, uning ortidan duo qiladigan xayrli zurriyoti bo‘ladi(Tabaroniy rivoyati).

Bu masalaga Ibn Hajar Asqaloniy bunday sharh keltirgan: “Umrning uzayishi deyilsa, bandani toatga yo‘llash va oxirat uchun foydali amallarni bajarishga ishtiyoq berish, vaqtini bekorga o‘tkazishdan saqlash orqali umrini barakotli qilib qo‘yish tushuniladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlarining umri boshqa ummatlarga nisbatan juda qisqaligini aytib, duo qilganlarida, Qadr kechasi berilgan. Zero, kim ushbu kechaga yetishib, uni toat-ibodat bilan o‘tkazsa, sakson uch yil ibodat qilganning savobini olishi haqida hadislar bor.

Xullas, silai rahm toatning ortishi va gunohlarning kamayishiga sababdir, u orqali banda o‘zidan yaxshi xotira qoldiradi va o‘lganidan so‘ng ham unga savob yozilib turaveradi. Mo‘minga asqatadigan narsalar ichida o‘zidan keyin foydalaniladigan ilm, sadaqai joriya va solih farzanddir”.

“Kutubi sitta” asosida

Sodiq NOSIR

tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qarshi shahridagi "Xonaqoh" masjidining yangi binosini qurish boshlandi

03.08.2026   243   1 min.
Qarshi shahridagi

Qashqadaryo viloyatida masjid va muqaddas qadamjolarni obod etish hamda yangi ma’rifat maskanlarini barpo etish bo‘yicha xayrli ishlar izchil davom ettirilmoqda.


Ana shunday bunyodkorlik loyihalaridan biri sifatida Qarshi shahridagi tarixiy «Xonaqoh» jome masjidini yangi binosini qurishga kirishildi. Joriy yilning 3 avgust kuni ushbu qurilish ishlariga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov hamda mahalliy nuroniylar ishtirok etib, yangi binoning birinchi g‘ishtini qo‘ydilar.

Marosim yakunida yig‘ilganlar yurt tinchligi, el farovonligi va masjid qurilishi xayrli yakunlanishini tilab duo qildilar. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Matbuot xizmati

Qarshi shahridagi Qarshi shahridagi Qarshi shahridagi Qarshi shahridagi
O'zbekiston yangiliklari