1 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi fondida saqlanayotgan tarixchi-manbashunos olim Komilxon Kattayevning “Tasavvuf allomalari” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda tasavvuf olimlari, professor-o‘qituvchilar, ulamolar, imom-xatiblar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Qur’oni karim oyatlaridan tilovat va duo qilinib, so‘ng muallif Komilxon Kattayevga so‘z berildi. Muallif mazkur kitobning yozilish tarixi, ustozlarning beqiyos ko‘magi, keltirilgan ma’lumotlar ilmiy asosga ega ekani, asarda keltirilgan aziz avliyolar haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur “Tasavvuf allomalari” kitobi haqida gapirar ekan, muallif ushbu kitobni yozishda juda ko‘p mehnat qilgani, soha mutaxassislari va tarixiy manbalarga murojaat etganini bildirdi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning qabrlarini topishda Komilxon Kattayev juda katta hissa qo‘shganini ma’lum qildi. Jumladan, Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ko‘plab allomalarning qabrlarini topishda ishtirok etganini aytib o‘tdi.
O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutining katta ilmiy xodimi Sayfiddin Sayfulloh tarixchi-manbashunos olim Komilxon Kattayevning “Tasavvuf allomalari” kitobida ulug‘ avliyolar va orif zotlarning hayoti va ijodi qalamga olingani, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida ma’naviy merosimizga yangicha yondoshish tufayli tasavvuf allomalariga bo‘lgan e’tibor katta bo‘layotganini bildirdi. Endilikda ularning ilmiy-ma’rifiy meroslarini o‘rganish, hayotga tatbiq etish ulkan ijobiy natijalarni berishini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda professor o‘qituvchilar, soha mutaxassislari ham so‘zga chiqib, muallifning ijodiga ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati