Savol: Ba’zilar namoz boshlanganida masjidga (jamoatga yetish uchun) yuguradi. Shu to‘g‘rimi?
Javob: Bu xato. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qiyotgan edik. Odamlarning oyoq tovushlari eshitildi. Payg‘ambarimiz namozni tugatgach, ulardan: “Sizlarga nima bo‘ldi?” deb so‘radilar. Ular: “Namozga shoshildik”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unday qilmanglar. Agar namozga kelsalaring, xotirjamlik bilan kelinglar. Namozning qanchasiga yetsalaring, uni o‘qinglar, qanchasini o‘tkazib yuborsalaring, uni (o‘zlaringiz) to‘ldirib qo‘yinglar”, dedilar».
Shuning uchun namozga viqor bilan kelish, shoshmay niyat qilib, safga turish kerak.
“So‘ragan edingiz” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا أبو عمرو أحمد بن حازم الكوفي نا ثابت بن موسى عن شريك عن حكيم بن جبير عن محمد بن عبد الرحمن بن يزيد عن أبيه عن ابن مسعود - رفعه إلى النبي صلى الله عليه وسلم - قال: ”من سأل عن ظهر غنى جاء يوم القيامة وفي وجهه خدوش أو خموش أو كدوح“ .قيل له: وما الغنى قال: ”خمسون درهما أو قيمتها من الذهب“.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, hadisni Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamga nisbat bergan: “Kim behojat bo‘la turib (sadaqa) so‘rasa, Qiyomat kuni yuzi timdalangan, tirnalgan va shilingan holda keladi”, dedilar.
“Behojatlik qancha?” deyishdi. U zot alayhissalom: “Ellik dirham yoki uning qiymatidagi tilla”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi