Savol: Ba’zilar namoz boshlanganida masjidga (jamoatga yetish uchun) yuguradi. Shu to‘g‘rimi?
Javob: Bu xato. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qiyotgan edik. Odamlarning oyoq tovushlari eshitildi. Payg‘ambarimiz namozni tugatgach, ulardan: “Sizlarga nima bo‘ldi?” deb so‘radilar. Ular: “Namozga shoshildik”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unday qilmanglar. Agar namozga kelsalaring, xotirjamlik bilan kelinglar. Namozning qanchasiga yetsalaring, uni o‘qinglar, qanchasini o‘tkazib yuborsalaring, uni (o‘zlaringiz) to‘ldirib qo‘yinglar”, dedilar».
Shuning uchun namozga viqor bilan kelish, shoshmay niyat qilib, safga turish kerak.
“So‘ragan edingiz” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir g‘aroyib ilmiy tadqiqotda olimlar soliha xotinning uydagi saodatga kuchli ta’sir qilishini isbotladilar. «Nikoh va oila» jurnalida chop etilgan ma’lumotda tadqiqotchilar hayotdagi baxtning siri juftida ekanini aniqlashdi. Tadqiqotchilar bir nechta erkaklarni sinab ko‘rdilar va er-xotinlik saodatida ayolning asosiy roli borligini aniqladilar. Xotin erini maqtasa, bu erning hayotda baxtiyorligidan dalolat beradi. «Er-xotin munosabatlaridagi nomutanosiblik ayollarning odatda erlariga hissiy va amaliy yordamni qanday ko‘rsatishi bilan bog‘liq, aksincha emas», deydi tadqiqot hammuallifi Debora Karr. — Baxtsiz turmush qurgan erkaklar, ularning umumiy farovonligini oshiradigan er-xotin munosabatlaridan foyda olishlari mumkin. Binobarin, soliha juft bu dunyoda saodatning asosiy sababchisi ekanligini ilmiy haqiqat tasdiqlaydi.
Buni sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alyhi vasallam allaqachon ta’kidlab qo‘yganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: «Dunyo matodir. Dunyo matosining eng yaxshisi soliha ayoldir» (Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min insonning bu dunyoda o‘ziga madadkor, hayotiga baxt va rohat kirib kelishiga sabab bo‘ladigan soliha jufti bo‘lishi, bu dunyodagi eng yaxshi saodat turi ekanligini yuqoridagi hadis ta’kidlamoqda. Bu bugun olimlar kashf etgan haqiqatdir. Bizga Islom ne’matini bergani uchun Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin.