Yurtimizda Haftiyaki sharif chop qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ish birinchi bor amalga oshirildi. Bunga sabab sifatida O‘zbekistonda "Haftiyak"ning faqat Qozon nusxasidan foydalanilgan. Aksar holda Qur’ondan savod aynan Haftiyaki sharifda chiqarilgan.
Toshkent bosmasining eng asosiy xususiyati, unda tajvid qoidalari ham berilgan. Qoidalar kirill alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuvida tushuntirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sifati ham Madina bosmanikidan qolishmasligi aytib o‘tilmoqda.
Alloh O‘zining Kalomi xizmatida bo‘lganlarning avlodlaridan Qiyomatga qadar olimu, hofizi Kalomullohlar chiqarsin.
Qur’oni karimning bir bo‘lagi bo‘lgan Haftiyaki sharif nashrini, yurtimizda chop etilajak Qur’oni karim nashrlariga muqaddima o‘laroq qabul qilsin!
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi hamda Respublika qon quyish markazi hamkorligida O‘zbekiston musulmonlari idorasida ko‘chma qon yig‘ish xayriya tadbiri tashkil etildi.
“Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida o‘tkazilayotgan beg‘araz donorlik aksiyasida Diniy idora xodimlari faol ishtirok etib, qonga muhtoj va bemor bolajonlar salomatligi yo‘lida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdi. Xalqimizga xos mehr-muruvvat va saxovat ramzi bo‘lgan ushbu tadbir jamiyatda insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Maxmudova boshchiligidagi partiya faollari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga Idora xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar, boy kitob fondiga ega kutubxona hamda ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar tayyorlanadigan zamonaviy media studiya faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda ma’naviyat, ma’rifat, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash va aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Partiya rahbariyati insonparvarlik aksiyasini yuqori saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan va unda faol ishtirok etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati hamda jamoasiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati