O‘tgan juma kuni juma namozidan keyin yurtimizdagi barcha masjidlarda jamoat bilan istisqo namozi o‘qilib, Alloh taolodan yomg‘ir so‘rab, duoi xayrlar qilingan, Makkai mukarramada umra ziyoratida bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz ham bu xayrli tashabbusga qo‘shilishgan edi. Shuningdek, madrasalarimizda Qur’oni karim 521 marta, “Sahihul Buxoriy” 14 ta xatmi kutub qilinib, 750 mingdan ziyod istig‘for, 240 mingdan ziyod salavotlar aytilgan, 500 ga yaqin jonliqlar so‘yilib, 5000 ga yaqin yordamga muhtoj oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralar, miskinlar, boquvchisini yo‘qotgan keksalarga tarqatilgandi.
Alhamdulillah, oradan bir necha kun o‘tib, Alloh taolo qilingan duo va iltijolarimizni ijobat qilib, yurtimizda yomg‘ir yog‘a boshladi. Bu – Allohning rahmatidir, inshaAlloh. Zero, “Yomg‘irni U yog‘dirur” (Luqmon surasi, 34-oyat).
Albatta, duoning qabul bo‘lishida ixlos, umid bilan yolvorish hamda ijobatiga shoshilmaslik lozim. Zero, duo qilishga ilhom bergan Zot, albatta O‘zi ijobat etadi. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yomg‘ir yog‘mayotganidan shikoyat qilishganida u zot alayhissalom: “Sizlar diyoringiz qurib, yomg‘ir kechikkanidan shikoyat qilyapsizlar. Alloh taolo sizlarga duo qilishni buyurib, uni ijobat etishni va’da qilgan”, deganlar.
Ushbu yomg‘irning yog‘ishi aholimizning yaxshilik yo‘lida birlashish ramziga aylandi. Bu voqea, faqatgina tabiatdagi o‘zgarish emas, balki xalqimizning tavba-tazarru va mehr-oqibat bilan o‘zaro bog‘lanishining amaliy isbotidir.
Shunday ekan, Allohning ne’matlari va rahmati ustimizda bardavom bo‘lishi uchun yanada ko‘proq shukr, tavba qilishga, istig‘for aytishga, isrofdan tiyilishga, silai rahm, o‘zaro mehr-oqibatga odatlanaylik.
Alloh taolo yog‘ayotgan yomg‘irni serob va xayrli, boshlangan qish fasli barakali bo‘lishini nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati