Ba'zi hozirgi yoshlar orasida shar'iy bilimlarni mukammal bilmaslik oqibatida, boshqalarga taqlid qilib yoki kimlarningdir gap so'zlariga uchib hanafiy mazhabidan kelgan dalillarga gumon bilan qarab, inkor qilishgacha borishdi. Bu aslida to'g'rimi?
Rasululloh solallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida sahobalar ichida qandaydir bir shar'iy tushunmagan masala chiqib qolsa, darxol u zotga murojaat qilib echimini topishar edi. Rasululloh solallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so'ng sahobalar shar'iy savollar bo'yicha o'zlarinnig ichida mujtahid bo'lgan sahobalardan fatvo so'rardilar. Ibn Haldun aytganlaridek: “Rasululloh alayhissalomning sahobalari ilmda bir-birlaridan farq qilar edilar. Ularning barchalari ham ahli fatvo bo'lmaganlar. Bu ish bilan faqat Qur'onning nosix va mansuxini, mutashobihini, muhkamini va boshqa ma'nolarini bilgan hofizi Qur'onlargina shug'ullanishgan. Chunki ular bu ilmni Nabiy solallohu alayhi vasallamdan yoki u zotning so'zlarini eshitgan, peshqadam bo'lgan sahobalardan olganlar. Shuning uchun ular “qorilar” deb atalgan”.
Zero, sahobalar Rasululloh solallohu alayhi vasallamni ko'rib, u zotga vahiylar nozil bo'lishiga guvoh bo'lgan bo'lsalar-da, keyinchalik shariatda o'zlaricha amal qilishmagan, balki o'zlaridan olimroq bo'lgan sahobalarga ergashgan. Chunki Alloh taolo “Nahl” surasi 43-oyatida aytadi:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُون
“Bas, agar bilmasangiz, zikr ahlidan so'rang”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqih sahobalarini endigina Islom tarqala yotgan makonlarga yuborar edilar. Ular esa bu sahobaning ularga bergan har bitta fatvolariga, buyurgan amallari, ibodatlari, muomalotlari va halol-harom ishlaridan hammasiga unga ergashardilar. Ba'zan Kitob va Sunnatda dalili bo'lmagan ishlar bilan ro'baro' kelib qolishsa, unda faqih sahobaning o'zi ijtihod qilar va ijtihodidan kelib chiqib odamlarga fatvo berar, ular esa o'sha ishda unga taqlid qilar edilar. Bunga Payg'ambarimiz solallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborganliklari haqidagi hadis dalil bo'la oladi. Bundan tashqari, yana e'tiborli holat shuki, sahobalarning muftiylari hukmni zikr qilar ekan, fatvo so'rovchiga uning dalilini bayon qilib o'tirishmagan. Chunki shariat ilmidan bexabar bo'lgan avom uchun mujtahidning fatvosi xuddi mujtahid olim uchun Kitob va Sunnatdagi dalillar singaridir.
Tobe'inlar davrida esa ijtihod doirasi kengaydi, bu davrga kelib musulmonlar Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sahobalari tutgan yo'lni tutdilar. Ya'ni o'zlarining ichidagi mujtahidlariga ergashdi.
Ibn Qayyum o'zlarining “A'lomul muvaqqi'iyn” kitoblarida shunday yozadilar: “Din, fiqh va ilm bu ummatga Abdulloh ibn Mas'ud, Zayd ibn Sobitning shogirdlari, Abdulloh ibn Umar va Abdulloh ibn Abbosning shogirdlari orqali tarqaldi. Bas, odamlarning hammasi ana o'sha to'rt sahobalar orqali ilmli bo'ldilar. Madina ahlining ilmi Zayd ibn Sobit va Abdulloh ibn Umarning ashoblaridan, Makkaliklarning ilmi Abdulloh ibn Abbosning ashoblaridan, iroqliklarning ilmi esa Abdulloh ibn Mas'udning ashoblaridandir”.
Har bir zamonda xalifaning o'zi kimga muftiylikni topshirgan bo'lsa o'sha odamning ismini e'lon qildirar va yurtdagi hamma odamlarning diqqatini unga qaratar edi. Toki ular o'sha muftiylarga o'z savollarini bersinlar va diniy masalalarda ularga ergashsinlar. Ba'zida xalifa har-xil fatvolarni eshitib odamlar hayrat va iztirobga tushib qolmasliklari uchun o'zi tayinlagan kishidan boshqalarni fatvo berish bilan shug'ullanishdan qaytargan.
Ibnul Imodning “Shazarot uz zahab” kitobida: “Makka bo'ylab fatvo berishlik Ato ibn Abu Raboh bilan Mujohidlarga belgilab berilgan edi. Halifaning jarchisi odamlar orasida yurib ana shu ikkala imomlardan boshqa hech kim fatvo berish bilan shug'ullanmasin, deb jar solib chiqar edi.
Uzoq zamonlar Makkaliklar mana shu ikkala imomning mazhabiga amal qildilar. Ato ham, Mujohid ham va ulardan boshqa imomlar ham xalifaning bu ishiga e'tiroz bildirmagan va hech birlari odamlarni aynan bitta imomning mazhabini ushlab olishdan qaytarmaganlar ham”.
Tobe'iynlar davrida ijtihodiy omillar sababli ikki asosiy mazhab – ray' va hadis mazhabi o'zini namoyon qildi. Ra'y mazhabining Iroqdagi qutblaridan Alqama ibn Qays Naxa'iy, Masruq ibn Ajda' Hamadoniy, Ibrohim ibn Zayd Naxa'iy va Sa'id ibn Jubayrlardir. Iroq va uning yon-atrofidagi hamma kishilar hech bir qarshiliksiz ana shu mazhabga taqlid qilishar edi.
Hadis mazhabining Hijozdagi qutblaridan Sa'id ibn Musayyab Maxzumiy, Urva ibn Zubayr, Solim ibn Abdulloh ibn Umar, Sulaymon ibn Yasor va Abdulloh ibn Umarning mavlosi Nofe'lardir. Hijozliklar va Hijoz atrofidagi hamma odam hech bir qarshiliksiz mana shu mazhabga taqlid qilgan.
Ushbu ikkala maktabdan bir nechta mazhablar paydo bo'ldi. Barcha mazhablar ushbu to'rtta mazhabda jamlandi. Bular Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliydir.
Alloma Ibn Rajab rohimahulloh o'zlarining «To'rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya» deb nomlangan asarlarida «Ko'plab mazhablar orasidan aynan shu to'rt mazhabning saqlanib qolishi xuddi Qur'oni Karimning etti qiroatdan faqat bir qiroati saqlanib qolishiga o'xshaydi», -deganlar.
Mazhab deyilganda, asrlar osha mo'min-musulmonlar Alloh taoloning va Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, musulmonlar ommasi ittifoq qilgan, oqibati yomon bo'lishidan qo'rqilmaydigan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yo'ldir.
“Mazhab” so'zi arabcha so'z bo'lib “yo'l”, “yo'nalish” degan ma'nolarni bildiradi. Shar'iy istilohda esa “biror diniy masala, muammo bo'yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'lidir”.
Mazhablar – go'yoki bir daryodan oqib kelayotgan to'rt anhorga o'xshaydi. Ularning har birlari, o'z ijtihodlari bilan Janob Rasululloh solallohu alayhi vasallam olib kelgan shari'atdan hukmlar olishgan. Ularning bir masalada qarashlarining turlichaligi, ularni kelisha olmasliklaridan emas. Vaholanki, bu bilan shariatning barcha jabhasini qamrab olgan. Imom Molik rahimahulloh Madinada turib o'z mazhablarini shakllantirishda namozda qo'llarini ikki yonga tushirib o'qishlik dalilini quvvatlaganlar. Bu Imom Molikning bundan boshqa dalillari bo'lmagan, degani emas.
Hanafiy mazhabi olimlari, namozda qo'lni kindik ostida bo'lishi to'g'risida o'z asarlarida, “Al-hidoya”, “Kanzu-daqoiq”, “Tabyinul-haqoiq”, “Al-bahrur-roiq”, “Fathul-qadir”, “Mabsut” kitoblarida ishonchli dalillarni keltirganlar. Hattoki, ko'zga ko'ringan tobe'inlardan Sufyon Savriy, ibn Rohavayh, shofe'iylardan Abu Ishoq Marvaziy kabi olimlar, buni quvvatlashgan.
Shuning uchun kim mazhabga ergashsa, xato qilmagan holda Qur'on va Sunnatga ergashgan bo'ladi. Alloh taolo barchamizni O'z yo'lidan adashtirmasin!
Jobir Elov
O'MI Buxoro viloyati vakili,
viloyat bosh imomi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati