Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Bemazhablik soxta salafiylikning asosidir

15.05.2023   2622   7 min.
Bemazhablik soxta salafiylikning asosidir

Ba'zi hozirgi yoshlar orasida shar'iy bilimlarni mukammal bilmaslik oqibatida, boshqalarga taqlid qilib yoki kimlarningdir gap so'zlariga uchib hanafiy mazhabidan kelgan dalillarga gumon bilan qarab, inkor qilishgacha borishdi. Bu aslida to'g'rimi?

Rasululloh solallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida sahobalar ichida qandaydir bir shar'iy tushunmagan masala chiqib qolsa, darxol u zotga murojaat qilib echimini topishar edi. Rasululloh solallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so'ng sahobalar shar'iy savollar bo'yicha o'zlarinnig ichida mujtahid bo'lgan sahobalardan fatvo so'rardilar. Ibn Haldun aytganlaridek: “Rasululloh alayhissalomning sahobalari ilmda bir-birlaridan farq qilar edilar. Ularning barchalari ham ahli fatvo bo'lmaganlar. Bu ish bilan faqat Qur'onning nosix va mansuxini, mutashobihini, muhkamini va boshqa ma'nolarini bilgan hofizi Qur'onlargina shug'ullanishgan. Chunki ular bu ilmni Nabiy solallohu alayhi vasallamdan yoki u zotning so'zlarini eshitgan, peshqadam bo'lgan sahobalardan olganlar. Shuning uchun ular “qorilar” deb atalgan”.

Zero, sahobalar Rasululloh solallohu alayhi vasallamni ko'rib, u zotga vahiylar nozil bo'lishiga guvoh bo'lgan bo'lsalar-da, keyinchalik shariatda o'zlaricha amal qilishmagan, balki o'zlaridan olimroq bo'lgan sahobalarga ergashgan. Chunki Alloh taolo “Nahl” surasi 43-oyatida aytadi:

 فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُون

“Bas, agar bilmasangiz, zikr ahlidan so'rang”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqih sahobalarini endigina Islom tarqala yotgan makonlarga yuborar edilar. Ular esa bu sahobaning ularga bergan har bitta fatvolariga, buyurgan amallari, ibodatlari, muomalotlari va halol-harom ishlaridan hammasiga unga ergashardilar. Ba'zan Kitob va Sunnatda dalili bo'lmagan ishlar bilan ro'baro' kelib qolishsa, unda faqih sahobaning o'zi ijtihod qilar va ijtihodidan kelib chiqib odamlarga fatvo berar, ular esa o'sha ishda unga taqlid qilar edilar. Bunga Payg'ambarimiz solallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborganliklari haqidagi hadis dalil bo'la oladi. Bundan tashqari, yana e'tiborli holat shuki, sahobalarning muftiylari hukmni zikr qilar ekan, fatvo so'rovchiga uning dalilini bayon qilib o'tirishmagan. Chunki shariat ilmidan bexabar bo'lgan avom uchun mujtahidning fatvosi xuddi mujtahid olim uchun Kitob va Sunnatdagi dalillar singaridir.

Tobe'inlar davrida esa ijtihod doirasi kengaydi, bu davrga kelib musulmonlar Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sahobalari tutgan yo'lni tutdilar. Ya'ni o'zlarining ichidagi mujtahidlariga ergashdi.

Ibn Qayyum o'zlarining “A'lomul muvaqqi'iyn” kitoblarida shunday yozadilar: “Din, fiqh va ilm bu ummatga Abdulloh ibn Mas'ud, Zayd ibn Sobitning shogirdlari, Abdulloh ibn Umar va Abdulloh ibn Abbosning shogirdlari orqali tarqaldi. Bas, odamlarning hammasi ana o'sha to'rt sahobalar orqali ilmli bo'ldilar. Madina ahlining ilmi Zayd ibn Sobit va Abdulloh ibn Umarning ashoblaridan, Makkaliklarning ilmi Abdulloh ibn Abbosning ashoblaridan, iroqliklarning ilmi esa Abdulloh ibn Mas'udning ashoblaridandir”.

Har bir zamonda xalifaning o'zi kimga muftiylikni topshirgan bo'lsa o'sha odamning ismini e'lon qildirar va yurtdagi hamma odamlarning diqqatini unga qaratar edi. Toki ular o'sha muftiylarga o'z savollarini bersinlar va diniy masalalarda ularga ergashsinlar. Ba'zida xalifa har-xil fatvolarni eshitib odamlar hayrat va iztirobga tushib qolmasliklari uchun o'zi tayinlagan kishidan boshqalarni fatvo berish bilan shug'ullanishdan qaytargan.

Ibnul Imodning “Shazarot uz zahab” kitobida: “Makka bo'ylab fatvo berishlik Ato ibn Abu Raboh bilan Mujohidlarga belgilab berilgan edi. Halifaning jarchisi odamlar orasida yurib ana shu ikkala imomlardan boshqa hech kim fatvo berish bilan shug'ullanmasin, deb jar solib chiqar edi.

Uzoq zamonlar Makkaliklar mana shu ikkala imomning mazhabiga amal qildilar. Ato ham, Mujohid ham va ulardan boshqa imomlar ham xalifaning bu ishiga e'tiroz bildirmagan va hech birlari odamlarni aynan bitta imomning mazhabini ushlab olishdan qaytarmaganlar ham”.

Tobe'iynlar davrida ijtihodiy omillar sababli ikki asosiy mazhab – ray' va hadis mazhabi o'zini namoyon qildi. Ra'y mazhabining Iroqdagi qutblaridan Alqama ibn Qays Naxa'iy, Masruq ibn Ajda' Hamadoniy, Ibrohim ibn Zayd Naxa'iy va Sa'id ibn Jubayrlardir. Iroq va uning yon-atrofidagi hamma kishilar hech bir qarshiliksiz ana shu mazhabga taqlid qilishar edi.

Hadis mazhabining Hijozdagi qutblaridan Sa'id ibn Musayyab Maxzumiy, Urva ibn Zubayr, Solim ibn Abdulloh ibn Umar, Sulaymon ibn Yasor va Abdulloh ibn Umarning mavlosi Nofe'lardir. Hijozliklar va Hijoz atrofidagi hamma odam hech bir qarshiliksiz mana shu mazhabga taqlid qilgan.

Ushbu ikkala maktabdan bir nechta mazhablar paydo bo'ldi. Barcha mazhablar ushbu to'rtta mazhabda jamlandi. Bular Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliydir.

Alloma Ibn Rajab rohimahulloh o'zlarining «To'rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya» deb nomlangan asarlarida «Ko'plab mazhablar orasidan aynan shu to'rt mazhabning saqlanib qolishi xuddi Qur'oni Karimning etti qiroatdan faqat bir qiroati saqlanib qolishiga  o'xshaydi», -deganlar.

Mazhab deyilganda, asrlar osha mo'min-musulmonlar Alloh taoloning va Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, musulmonlar ommasi ittifoq qilgan, oqibati yomon bo'lishidan qo'rqilmaydigan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yo'ldir.

“Mazhab” so'zi arabcha so'z bo'lib “yo'l”, “yo'nalish” degan ma'nolarni bildiradi. Shar'iy  istilohda esa “biror diniy masala, muammo bo'yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'lidir”.

Mazhablar – go'yoki bir daryodan oqib kelayotgan to'rt anhorga o'xshaydi. Ularning har birlari, o'z ijtihodlari bilan Janob Rasululloh solallohu alayhi vasallam olib kelgan shari'atdan hukmlar olishgan. Ularning bir masalada qarashlarining turlichaligi, ularni kelisha olmasliklaridan emas. Vaholanki, bu bilan shariatning barcha jabhasini qamrab olgan. Imom Molik rahimahulloh Madinada turib o'z mazhablarini shakllantirishda namozda qo'llarini ikki yonga tushirib o'qishlik dalilini quvvatlaganlar. Bu Imom Molikning bundan boshqa dalillari bo'lmagan, degani emas.

Hanafiy mazhabi olimlari, namozda qo'lni kindik ostida bo'lishi to'g'risida o'z asarlarida, “Al-hidoya”, “Kanzu-daqoiq”, “Tabyinul-haqoiq”, “Al-bahrur-roiq”, “Fathul-qadir”, “Mabsut” kitoblarida ishonchli dalillarni keltirganlar. Hattoki, ko'zga ko'ringan tobe'inlardan Sufyon Savriy, ibn Rohavayh, shofe'iylardan Abu Ishoq Marvaziy kabi olimlar, buni quvvatlashgan.

Shuning uchun kim mazhabga ergashsa, xato qilmagan holda Qur'on va Sunnatga ergashgan bo'ladi. Alloh taolo barchamizni O'z yo'lidan adashtirmasin!

 

Jobir Elov

O'MI Buxoro viloyati vakili,

viloyat bosh imomi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   43566   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari