Manbalarda kelishicha, Abdulloh ibn Muborak boy-badavlat bo‘lib, uning jami mol-mulki to‘rt yuz ming dinor qiymatidan osharkan. Yillik daromadi esa yuz ming dinorga to‘g‘ri kelar ekan. Uning otasi bor-yo‘g‘i bir bog‘bon bo‘lib, bu boylik undan qolmagan. Buncha katta davlatni o‘z mehnatiyu sa’y-harakatlari tufayli qo‘lga kiritgan.
Ibn Muborak uni o‘zidan keyingi avlodlariga meros qilib qoldirish, sandiqlarga taxlab qo‘yish, qimmatbaho uy anjomlari va bebaho tuhfalar sotib olishga sarflash uchun to‘plamagan. Aqlli, diyonatli, zuhdu taqvoga tayangan, sermulohaza, oxiratni o‘ylab ish tutadigan bu ulug‘ inson maqsadi molu dunyosini Alloh roziligi yo‘lida, xayriya ishlari va ezgu maqsadlarga sarflash bo‘lgan. Zikr etilganidek, har yili yuz ming dirham pulini ibodat, zuhd va ilm ahliga sarflar edi. Mablag‘ning hammasi uning tijoratdan olgan foydasidan emas, balki aksar hollarda yiqqan sarmoyasi hisobidan bo‘lgan. Binobarin, tijorat qilishdan va uning daromadidan ko‘zlagan maqsadi faqiru fuqarolarga, olimu ulamolarga, zohidu obidlarga xayriya tariqasida sarflash edi. Ayni shu maqsadda u tinmay ishlardi, uzoq yurtlarga tijorat safarlarini amalga oshirardi.
Abdulloh ibn Muborak bir kuni Fuzayl ibn Iyozga: “Sen va as'hoblaring bo‘lmaganida men tijorat bilan shug‘ullanmasdim”, degan edi. Mana shu tariqa u zoti sharifning mehnati, tijoratidan ko‘zlagan maqsadi faqat sadaqa, xayr-ehsonu muruvvat ko‘rsatish edi. Chunki bu xayrli ishda insoniy oliy maqom va dunyoyu oxiratda ezguligi ulug‘ ishlarni ko‘rardi. Hatto uning huzuriga bedavo dardga mubtalo bo‘lgan bemor yordam so‘rab kelsa, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, sadaqai joriya qilardiki, ko‘pincha u bemor shifo topib ketardi.
Ali ibn Hasan ibn Shaqiq bunday degan: «Bir odam Ibn Muborakdan bunday deb so‘raganini eshitgan edim: “Ey Abu Abdurrahmon, bundan yetti yil muqaddam tizzamga qonab turadigan bir yara chiqqan edi, uni tuzataman deb qilmagan dori-darmonim ham, bormagan tabibim ham qolmadi, biroq bulardan hech bir naf ko‘rmadim”. Shunda Ibn Muborak unga: “Tevarak-atrofni aylanib ko‘rib, odamlar suvga ehtiyoj sezgan bir suvsiz joyni topda, o‘sha joyda bir quduq qazi. Aminman, o‘sha joyda suv otilib chiqadigan bir buloq paydo bo‘ladi va yarangdan qon oqishi ham to‘xtaydi”, dedi. Shunda boyagi odam uning aytganini qilgan edi, yarasi bitib, tuzalib ketdi» (Bayhaqiy rivoyati).
Ibn Muborakning o‘zi hatto jazirama issiq kunlarida ham ro‘zador bo‘lar, muhtoj odamlarni eng yaxshi taomi bilan boqar edi. Hech qachon bir o‘zi ovqatlanmay, taomini albatta biror mehmon bilan baham ko‘rardi. Bu xususda Hasan: “Men Ibn Muborakning Xurosondan to Bag‘dodgacha qilgan safarida hamrohlik qilgandim, lekin shu safar davomida biror marta ham uning yolg‘iz o‘zi oqatlanganini ko‘rmadim”, deb hikoya qilgan. U xurmo xarid qilardida, uni miskinu bechoralarga ulashib: “Kim mening xurmolarimdan yesa, har bir yegan xurmosi uchun bir dirham mukofot oladi”, derdi, keyin yeyilgan xurmo danaklarini sanab, xar bir danakka bir dirhamdan tarqatardi.
Yana u: “Och kishiga berilgan bir burda luqma (non, taom), mening nazarimda, masjid qurganimdan ham afzaldir, garchand u masjidni bir o‘zim quradigan bo‘lsam ham”, der edi.
Ibn Muborakning tijorat va foydadan ko‘zlagan maqsadi mana shu g‘oyaga qaratilgan edi. Ayni shu yo‘lda u mol-dunyo to‘pladi. Alloh taolo davlatini barakali qildi, uning kamayib qolishidan hech bir xavotirsiz xayr-ehson yo‘liga sarfladi. Allomaning aql bovar qilmaydigan, afsonaviy darajadagi saxovati va oliyhimmatligi haqida el-yurt orasida hikoyalar tarqalgan. Ulardan ba’zilari ustida to‘xtalamiz.
Ibn Muborak bir marta Alloh yo‘lida ezgu ishlar qilish niyatida Bag‘doddan Masusaga, ya’ni Rum (Kichik Osiyo)ning bir chegarasi hisoblanadigan joyga boradi. Uning hamrohlari o‘zlarini dinu diyonatni mustahkamlash yo‘lida yaxshi amallarga ixtiyoriy baxshida etgan so‘fiylar edi. Ibn Muborak ularga: “Ey g‘ulom, tog‘orani bu yoqqa keltir”, dedi, so‘ngra tog‘ora ustiga dastro‘molini yozdi-da: “Har biringiz yonidagi bor pulini tog‘oraga tashlasin”, dedi. Natijada ulardan biri o‘n dirham, boshqa birlari yigirma dirhamdan bor pulini tashlashdi. Shunda Ibn Muborak al-Masusaga yetgunlariga qadar ularga xayr-ehson qilib, barcha xarajatlarini o‘zi ko‘tardi. Manzilga yetganlaridan keyin ularga: “Bu yerlar chegara joyi, endi qolgan pullarimizni o‘zaro bo‘lishib olamiz”, dedi va har bir odamga yigirma dinordan ehson qila boshladi. Shunda ba’zilar: “Ey Abu Abdurrahmon! Axir men yigirma dirham bermagan edimku?” deyishsa, ul zot: “Alloh taolo din yo‘lida yaxshi amallarga bel bog‘lagan insonlarning mol-dunyosini barakali qilishini bilmaysizlarmi?” deb javob qilar edi.
Bir yili Ibn Muborak haj ibodatini azmu qaror qildi va marvlik as'hoblarga: “Sizlardan kim bu yil hajga borishni niyat qilgan bo‘lsa, o‘zi bilan olmoqchi mablag‘ini menga keltirib topshirsin, u kishi uchun xarajatni men to‘layman”, dedi. Keyin ularning pullarini yig‘ib oldida, pul solingan har bir xalta ustiga egasining ismini yozib, maxsus bir sandiqqa solib, qulflab qo‘ydi. So‘ngra hammaga yetarli ot-ulovlarni yollab, ular bilan birgalikda Marvdan Bag‘dod tomon safarga chiqdi. Safardagi zaruriy xarajatlar masalasimi, ot-ulov yoki ziyoratga otlanganlarning o‘zaro munosabatidagi odob-axloqiyu ular uchun qulayliklar masalasimi – barchasi har jihatdan to‘kis ado etildi. Ibn Muborak ularni eng mazali taomlar, shirin holvalar bilan ovqatlantirib, barcha xarajatlarini to‘lar edi. So‘ngra o‘sha muloyimligi, muruvvati va xushnudligi bilan Bag‘doddan chiqib Madinai munavvaraga yetib kelgunlarigacha ular bilan birga bo‘ldilar. Yetib kelishgach, hamrohlarining har biridan oila a’zolari Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) shaharlaridan qanday qimmatbaho sovg‘alar olib kelishni buyurishganini so‘radi. Ular: “Falon va falon narsalarni aytgan edilar”, deb javob qildilar. Ibn Muborak har birining ahli oilasi buyurgan narsalarni sotib olib, ularga ulashdi. Shundan so‘ng u ziyoratchilar bilan Makka tomon yo‘l oldi. U yerda haj ibodati arkonlarini ado etib bo‘lgach, hamrohlaridan: “Ahli ayolingiz Makka tomonlaridan nimalarni xarid qilishni buyurganlar?” deb so‘radi. Ular: “Falon va falon narsalarni buyurganlar” deyishgach, o‘sha narsalarni xarid qilib olib berdi. So‘ngra ziyoratchilar Makkadan chiqib, o‘z yurtlari tomon ravona bo‘ldilar. Ibn Muborak safar nihoyasigacha ularga shunday hamrohlik qildi.
Ziyoratchilar o‘z yurtlariga kelib, uylarining ko‘rimsiz, eskirgan joylari suvalib tartibga solingan, ta’mirlangan, devorlari oqlangan, eshiklari bo‘yalgan holda ko‘rib, hayron bo‘lishdi. Uch kun o‘tgach, Ibn Muborak bir ziyofat uyushtirib, hammalarini mehmon qildi. Ovqatlanib bo‘lishgach, ularga yangi kiyimlar ulashib, yanada xursand qildi. Shundan keyin ziyoratga borganlarning pullari qo‘yilgan sandiqni ochib, undagi xaltachalarni chiqarib, yozilgan ismlariga qarab egalariga tarqatdi. Mehmonlar o‘z mablag‘larini bekamu ko‘st olishib, Ibn Muborakka tashakkur va minnatdorliklar izhor qilib, uyuylariga tarqalishdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Yomonlikdan qaytarish
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Raslulloh sollallohu alayhi vasallamning shaklu shamoyillarini, suratlariyu siyratlarini ta’riflab: «Birinchi bor ko‘rgan kishi u zotdan haybatlanar edi. U zot bilan aralashib, tanigan kishi esa yaxshi ko‘rib qolardi. U zotni sifatlagan kishi: “Undan oldin ham, keyin ham u zotdek biror kishini ko‘rmadim”, deydi, degan» (Imom Termiziy, “Shamoili Muhammadiya”).
Haqiqatan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamda salobat ham, viqor, marhamatu shafqat ham – xullas, hamma go‘zal sifatlar, fazilatlar jamlangan edi. U zotni ilk marta ko‘rgan har qanday kishi sergak tortar, viqorlaridan, salobatlaridan haybatlanar edi. Lekin Nabiy alayhissalom bilan gaplashgan, suhbatda bo‘lgan odam u zotning halimliklari, go‘zal so‘zlari, mukammal odob va axloqlariga mahliyo bo‘lib qolardi...
Bugun o‘zini Payg‘ambarimiz alayhissalomning ummatiman deb hisoblab, u zotning sunnatlariga mos tarzda do‘ppi kiygan, soqol qo‘ygan ayrim kishilarning, ayniqsa, yoshlarning oldiga borib, ular bilan tanishsangiz, dastlab xursand bo‘lasiz. Biroq biroz o‘tib ularning xatti-haraktalaridan yoqa ushlaysiz.
“Albatta, jasading (tanang)ning ham senda haqqi bor” (Imom Buxoriy rivoyati) hadisiga muvofiq har chorshanba sport bilan shug‘ullanamiz. Maydonga borsak, bizlar bilan bir vaqtda yonimizdagi maydonga ham yigitlar yig‘ilishdi. Soqol qo‘ygan, ayrimlarining boshida do‘ppi ham bor. Salom berishdi, alik oldik.
Chamasi yarim soatlar o‘tib, ulardan biri so‘kina ketdi. Yigitlarga qilgan havasimiz nafratga aylandi. Og‘zidan bodi kirib-shodi chiqavergach, oxiri ularga tanbeh berishga majbur bo‘ldim. Bir-ikki nafari tamaki ham tutata ketdi.
“Yoshlar qiziqqon bo‘ladi-da”, deya ularni oqlashga shoshmasligimiz kerak. Milliy va diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan, butun bir avlodga salbiy ta’sir qilayotgan illat – yoshlarning soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib, tamaki tutatgancha so‘kinayotganini hech ham tushunib bo‘lmaydi.
Yana bir holat. Ertalab ishga shoshib ketayotsam, chamasi 55-60 yoshni qoralab qolgan bir otaxonning ulovini bir yigit mashinasi bilan biroz siqib qo‘ydi. Shunda soqolli, boshida do‘ppisi yarashib turgan kishi ulovining oynasidan haligi yigitni bo‘ralatib so‘kib ketdi.
Shu voqeani ko‘rib, soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib olgan, biroq og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan yoshlar osmondan tushmaganiga, ular ham bizning oramizda, o‘zbek oilalarida yashab ulg‘ayayotganiga amin bo‘ldim.
Yoshlarning aynib ketayotganiga internet va ijtimoiy tarmoqlarga soqolli blogerlar, do‘ppi kiyib olgan vaynerlar va yana allakimlar joylayotgan bema’ni, tuturuqsiz lavhalar ham sabab bo‘layapti. Yoshlar taqlidga o‘ch bo‘ladi. Shu bois ular oilada, ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan narsalarini amalda qo‘llashni istaydilar.
Ko‘chada do‘ppi kiyib, soqol qo‘yib yurgan yoshni ko‘rgan odam uni odobli, tarbiyali yoki taqvodor deb o‘ylashi mumkin. Ammo tashqi ko‘rinish insonning ichki dunyosiga kafil bo‘la olmaydi. Insonni kiyimi bilan emas, xulqi bilan tanish kerak. Do‘ppi kiyish yaxshi fazilatlarning o‘rnini bosmaydi, soqol qo‘yish odobning kafolati emas. Agar inson tashqi qiyofasidagi ma’naviy da’voni ichki tarbiyasi bilan uyg‘unlashtirsa, shunda uning ko‘rinishi ham, so‘zi ham, amali ham bir-biriga mos keladi.
Imom Shofe’iy rahimahulloh: “Ikki yil ilm oldim. Odob-axloqni o‘n sakkiz yil o‘rgandim. Qaniydi, yigirma yil ham odob-axloqni o‘rganganimda edi”, deb bejiz aytmagan.
Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh: “Odobni o‘ttiz yil o‘rgandim, ilmni yigirma yil o‘rgandim”, degan.
Biz yuqorida tasvirlagan yoshlarda aynan odob-axloq yetishmayapti, deya olamiz. Bunday kimsalarga kiygan do‘ppisi aqlini ishlatishga monelik qilyapti, iyagida soqol o‘sibdi-yu, ammo ongi o‘smabdi, deyish mumkin.
Yoshlik – jo‘shqin davr. Shu bilan birga, bu davrda yoshlar kattalarga taqlid qilib ulg‘ayadilar. Shunday ekan, kattalar ham odob-axloqda barchaga namuna bo‘lsalar, yoshlar ulardan ibrat olib, milliy qa diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan har xil holatlardan yiroq bo‘ladilar.
Sodiqul masduq zot – Muhammal sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo O‘z soyasiga oladigan yetti toifaning ikkinchisi “...Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit...”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Xo‘sh, Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit kim, u qanday bo‘ladi?
Avvalo, u so‘zi va amali uyg‘un bo‘lgan, Rasulullohning suratlariyu siyratlarini o‘zida mujassam etgan navqiron avlod vakili bo‘ladi. U har bir ishini Alloh uchun qiladi, xatti-harakatlari, muomala-munosabatlari Islomnng zilol chashmasidan sug‘orilgan, milliy qadriyatlarimizda belgilangan mezonlarga asoslanadi.
U o‘ziga Nabiy alayhisalomning: “Qiyomat kuni mo‘minning mezonida husni xulqdan og‘irroq narsa bo‘lmaydi. Alloh fahsh va iflos so‘z aytuvchini yomon ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyati), degan muborak hadislarini mezon qilib oladi.
U, hadisi sharifda aytilganidek, dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tashlab qo‘ymaydi (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
“Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit” maktabu madrasada Imom Buxoriy, Xorazmiydek “a’lochi”, oliy ta’lim muasssasida Abu Hafs Kabir Buxoriydek tirishqoq, peshqadam, Vatan sarhadlarini qo‘riqlashda Xolid ibn Validdek, Najmiddin Kubrodek mohir askar, tijoratda Abdurahmon ibn Avfdek uddaburon, ziroatda Sa’d ibn Abu Vaqqosdek mirishkor dehqon, tibbiyotda Abu Ali ibn Sinodek hoziq tabib, handasada Ahmad al-Farg‘oniydek kuchli muhandis, xullas, hayotning har jabhasida barchaga ibrat bo‘lishi kerak. Ana shunda unga aytgan gaplari, kiygan kiyimlari, shaklu shamoyili yarashib tushadi. Hamma unga va ota-onasisiga rahmat aytadi.
Tolibjon NIZOM