14 fevral' kuni O'zbekiston musulmonlar idorasi raisi o'rinbosari Jaloliddin domla Hamroqulov, Masjidlar bo'limi mudiri Muzaffar Kamolov hamda Din ishlari bo'yicha qo'mita vakili Muhiddin Hakimovlar Mir Arab oliy madrasasiga tashrif buyurdi.
Soha vakillari dastlab madrasasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. So'ngra Oliy madrasa hamda Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi professor-o'qituvchi va talabalari ishtirokida muloqot o'tkazdilar.
Tadbirda Jaloliddin domla Hamroqulov Mir Arab oliy madrasasining tashkil etilishi hamda bundan ko'zlangan maqsad va vazifalar xususida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, Mir Arab o'rta maxsus islom ta'lim muassasasining tarixiy ahamiyati, uning islom tamaddunida tutgan o'rni va bugungi kundagi mavqei borasida nutq so'zladi.
Anjuman davomida so'zga chiqqan Din ishlari bo'yicha qo'mita vakili Muhiddin Hakimov hozirda diniy soha faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalar yuzasidan tavsiya va takliflarni taqdim etdi.



Mir Arab oliy madrasasi
Matbuot xizmati
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati