SAVOL: «Hazrat payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida tasbeh bo'lmagan, tasbeh keyinchalik qo'llangan «bid'at» deyishadi. Shunga nima deysiz?»
Javob: Tasbeh – bid'at emas. Hazrat payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam zamonlarida ham tasbeh bor edi. Hurmo danaklaridan, mayda toshchalardan tasbeh o'rnida foydalanishardi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bir ipni bir-biriga tugib chiqqanlar. U kishining ikki ming tugunli tasbehlari bor edi! Tasbehni bid'at deyish noto'g'ri, chunki, dinda bo'lmagan narsalarga bid'at, ya'ni, yangilik deyiladi!
Yuqorida aytilgan xurmo danaklari, mayda toshchalar, ip tugunlari sahobai kiromlar tomonidan tasbehlarni va zikrlarni sanash maqsadida foydalangan vositalardir.
Hazrat payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida ham barmoq bilan sanaganlar. Bu ham bir tasbeh. O'n to'rt bo'g'in o'ng qo'lda, o'n to'rt bo'g'in chap qo'lda, jami 28 bo'g'in. Bunga 5 ni qo'shsak, 33 ta bo'ladi, ammo 100 gacha, 1000 gacha barmoqlar bilan sanashda adashasiz. Shuning uchun tasbehlardan foydalanasiz.
Hazrat payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Honiy roziyallohu anhoga «har kuni 100 marta «Laa ilaha illalloh» degin» deb aytganlar. Ummatlariga «har kuni 100 marta «astag'firulloh» ni aytinglar, men ham aytaman», – deganlar.
Endi bu 100 martani adashtirmaslik uchun insonning imkonida 100 bo'g'inli bir narsaning bo'lishiga nima zaruriyat bor? Zaruriyat shuki, bu sunnat amalning go'zal bir shaklda bajarilishi uchun vositadir. Yetmish to'qqiz, sakson... deb sanog'u hisobga mashg'ul bo'lmasdan tasbeh bilan sanasangiz, diqqatingiz ko'proq zikrda bo'ladi? Hisobda adashmayin desang fikring chalg'iydi. Butun diqqat-e'tiborni zikrga berishda tasbehning bizga foydasi ko'p. Shu sababli ham tasbeh – bid'at emas.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati