Ko‘pchilik fuqarolarimiz tomonidan uyida it boqish odati uchrab turadi. Buning hukmi shariatimizda qandayligini esa ko‘pchilik bilmasligi mumkin.
Abu Talha (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Farishtalar it va surat bor uyga kirmaslar”, dedilar” (Imom Buxoriy).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Kimki it boqsa har kuni savob ishlariga beriladigan ajrlardan bir qiyrot (yoki ikki qiyrot) kamayadi. Qo‘riqchi, podachi va ovchi itlar bundan mustasnodir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Shu o‘rinda “qiyrot” so‘ziga izoh sifatida quyidagi hadisni keltirsak:
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Kim janozaga qatnashsa va namoz o‘qiguncha tursa, unga bir qiyrot, agar mayyit dafn etilgunga qadar bo‘lsa, ikki qiyrot savob yoziladi”. “Ikki qiyrot nima?” – deb so‘raldi. Aytdilarki: “Ikki ulug‘ tog‘ mislichadir”. Imom Muslim rivoyatida “Uning kichigi Uhud tog‘idek”, deyilgan.
Rivoyatlarda keltirilishicha, qiyomat alomatlaridan biri kishilarning it bolasini boqishni odat qilishlaridir. Hatto bu ishni ular o‘z farzandini parvarishlagandan ham yuqori darajaga qo‘yishadi (Tabaroniy, Hokim rivoyati).
Hadisdan ma’lum bo‘ladiki, uy qo‘riqlaydigan, podaga qaraydigan va ovchi itlardan boshqasini boqish mumkin emas. Demak, qiziqish uchun uyda it saqlash va boqish shariatda qaytarilgan.
“So‘ragan edingiz” kitobidan
O‘MI Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati