Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

Diniy idora “Sun’iy urug‘lantirish haqida”gi fatvoni e’lon qildi

07.02.2018   20300   17 min.
Diniy idora “Sun’iy urug‘lantirish haqida”gi fatvoni e’lon qildi

Avval, sun’iy urug‘lantirish to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar bo‘layotganini inobatga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan fatvo ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edik.

Haqiqatan ham, shu kunlarda ushbu mavzu kun tartibiga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hatto, ayrimlar yetti yot begona insonning urug‘idan homilador bo‘lib, qilgan ishi joiz emasligini bilgach, endi nima qilaman, deb bosh qotirayotgani ko‘pchiligimizga ma’lum. Shu nuqtayi nazardan, sun’iy urug‘lantirish borasida dinimiz ta’limotida nima deyiladi, qanday usuli joiz-u, qaysinisi harom? Mo‘min-musulmonlar ham bu usullardan foydalansa bo‘ladimi? Shu kabi savollarga batafsil javob beruvchi, ushbu masalalarga aniqlik kirituvchi barcha hukm va ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan fatvo ishlab chiqish va xalqimizga yetkazish bo‘yicha ulamolar qator izlanishlarni olib borishdi.

Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Homidjon qori Ishmatbekov o‘tgan yilning 16-17 dekabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo islom kengashi fatvo assambleyasining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Ushbu yig‘ilish kun tartibida aynan sun’iy urug‘lantirish va homilaga taalluqli masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari mazkur mavzu doirasidagi barcha jihatlarni o‘rganib chiqqandan keyin “Sun’iy urug‘lantirish haqida”gi fatvoni e’lon qildi. Quyida fatvoning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 


 

SUN’IY URUG‘LANTIRISH HAQIDA FATVO

 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ مِنَ الْمَاءِ بَشَرًا فَجَعَلَهُ نَسَبًا وَصِهْرًا وَ كَانَ رَبُكَ قَدِيْرًا وَ الصَّلاَةُ وَ السَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ اَلْقَائِلِ تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَعَلَى اَلِهِ وَاَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِاِحْسَانٍ اِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ

Alloh taolo Odam (a.s.)ni qudrati bilan yaratib, unga jism va ruh ato etdi. Odam (a.s.)ga Momo Havvo onamizni jufti halol qilib berib, shu juftlikdan Yer yuzida inson naslini tarqatdi. Alloh taolo insoniyatning shu tarzda juft bo‘lib, o‘zidan zurriyot tarqatib yashashligi naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini va bu ne’mat faqat O‘zining tarafidan berilganligini insoniyatga eslatib shunday deydi:

 وَاللَّهُ جَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا وَجَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَزْوَاجِكُمْ بَنِينَ وَحَفَدَةً

(سورة النحل/ 72 آية)

ya’ni: “Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o‘g‘illar va nabiralar paydo qildi” (Nahl surasi, 72-oyat). Darhaqiqat, insonni juft bo‘lib yashaydigan qilib yaratilishidagi hikmatlardan asosiysi zurriyot qoldirib, naslni davom ettirmoqlikdir.

Islom dini nasl qoldirishlikning ahamiyatini bayon qilar ekan, ko‘payishlikka sabab bo‘luvchi juftlikka, ya’ni halol yo‘l ila oila qurib yashashga chaqiradi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.)dan shunday hadis rivoyat qilingan:

عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا اَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ قَالَ:  تَنَاكَحُوا  تَكَاثَرُوا

فَإِنِّيْ  أُبَاهِي بِكُمُ الْاُمَمَ

(رواه ابن حبان)

ya’ni: “Uylaninglar, ko‘payishinglar, albatta men boshqa ummatlar oldida sizlar bilan faxrlanaman”, – deganlar. Boshqa bir hadisda esa Payg‘ambar (s.a.v.) kishilarni ko‘p farzand tug‘ishga qodir bo‘lgan ayollarga uylanishga chaqiradilar. Yana bir hadisda keladi:

عَنْ مَعْقَلِ بْنِ يَسَارٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ : تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمْ الْاُمَمَ "

(رواه أبو داود والنسائي)

ya’ni: “Mehr-muhabbatli, farzand ko‘ruvchi ayolga uylaning, zero, men boshqa ummatlarni oldida sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman”. Shu tariqa Islom dini nasliy ko‘payishlikning shar’iy juftlik asosida bo‘lishiga chaqiradi. Shar’iy juftlikdan bo‘lmagan ko‘payishni inkor qiladi va undan qaytaradi.

Inson borki, o‘z Xoliqiga va Roziqiga iltijo qilib, ko‘zini quvontirguvchi pokiza farzandlar berishini so‘raydi. Farzand ne’matidan hech kim behojat bo‘lmaganidek, insonlarning eng afzallari bo‘lmish payg‘ambarlardek zotlar ham Alloh taolodan farzand ato etishini tilaganlar. Qur’oni karimda bu haqda xabar berilgan:

ذِكْرُ رَحْمَةِ رَبِّكَ عَبْدَهُ زَكَرِيَّا. إِذْ نَادَى رَبَّهُ نِدَاءً خَفِيًّا.  قَالَ رَبِّ إِنِّي وَهَنَ الْعَظْمُ مِنِّي وَاشْتَعَلَ الرَّأْسُ شَيْبًا وَلَمْ أَكُنْ بِدُعَائِكَ رَبِّ شَقِيًّا. وَإِنِّي خِفْتُ الْمَوَالِيَ مِنْ وَرَائِي وَكَانَتِ امْرَأَتِي عَاقِرًا فَهَبْ لِي مِنْ لَدُنْكَ وَلِيًّا.  يَرِثُنِي وَيَرِثُ مِنْ آَلِ يَعْقُوبَ وَاجْعَلْهُ رَبِّ رَضِيًّا

(سورة مريم/ 4-6 الآيات)

ya’ni: (Ey Muhammad! Bu) Rabbingiz O‘z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri (qissasi)dir. Qachonki, u (Zakariyo) Parvardigoriga xufyona (tovushsiz) duo qilib, degan edi: Ey Rabbim! Darhaqiqat, mening suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim (sochim) oqardi. Ey Rabbim! Men senga duo qilib (hech qachon) baxtsiz bo‘lgan emasman. Mening ortimda qoladigan qarindoshlarim (dinni zoye qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim esa tug‘mas bo‘lib qolgan. Endi Sen O‘z dargohingdan menga bir do‘st (farzand) ber. U menga va (bobom) Ya’qub nasliga merosxo‘r bo‘lsin va undan barchani rozi qilgin!(Maryam surasi, 4-6-oyatlar). Alloh taolo Zakariyo a.s.ning duosini ijobat etib Yahyo ismli o‘g‘il ato etdi. Shuningdek, Ibrohim a.s. ham Allohning farzand ato etishidan noumid bo‘lmadilar va oxir-oqibat duolari ijobat bo‘ldi:

 الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَهَبَ لِي عَلَى الْكِبَرِ إِسْمَاعِيلَ وَإِسْحَاقَ إِنَّ رَبِّي لَسَمِيعُ الدُّعَاءِ

 (سورة ابراهيم/ 39  الآية)

ya’ni: “Menga keksalikda Ismoil va Is'hoqni bergan Allohga hamd aytaman. Albatta, Rabbim duoni (qabul qilish uchun) eshituvchidir” (Ibrohim surasi, 39-oyat).

Alloh taolo farzand ne’matini eng oliy ne’matlardan deb baholaydi. Ayni paytda xohlagan kishiga o‘g‘il farzand beradi, xohlaganiga qiz beradi va xohlaganiga o‘g‘il ham, qiz ham ato etadi. Xohlagan kishisini esa bepusht qilib qo‘yadi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan:

 لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ يَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ الذُّكُورَ

أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَنْ يَشَاءُ عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ

(سورة الشورى/ 49-50 الآية)

ya’ni: “Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Xohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illarni hadya etur. Yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va xohlagan kishisini farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir” (Sho‘ro surasi, 49-50-oyatlar).

Oyati karimada ta’kidlanganidek, ba’zilarning farzand ko‘rmasliklari ham Alloh taoloning sinovidir. Islom dini nuqtayi nazaridan, farzand ko‘rmaslik ham Alloh taolo nozil qilgan ming bir dardning biri hisoblanadi. Shuning uchun farzand ko‘rmaslik dardiga davo axtarish joizligi xususida hech qanday ixtilof yo‘q. Bepushtlik ham shariati islomiya davolanishga izn bergan xastaliklardan biridir. Imom Termiziy Usoma ibn Shariykdan rivoyat qilib aytadilar, “A’robiylar: “Ey Rasululloh! Xastalikdan davolansak bo‘ladimi?” – deb so‘rashdi. Rasululloh s.a.v.: “Ha, ey Allohning bandalari, davolaninglar. Darhaqiqat, Alloh taolo biror xastalik bergan bo‘lsa albatta, uning davosini ham berib qo‘yibdi. Faqatgina bir narsaning davosi yo‘q, u ham bo‘lsa o‘limdir”, – dedilar.

Zamonaviy tibbiyot ilmining xulosasiga ko‘ra, erkak va ayollarda farzand bo‘lmaslikning bir nechta sabablari bor:

- ayolning bachadon bo‘yni yo‘llarida muammo bilan yuzaga kelgan bepushtlik;

- erkak maniysining kuchi, holati va harakatidagi muammolar bilan bog‘liq bepushtlik;

- ayolda endometrioz (bachadondan tashqari biror a’zo yoki tananing ayrim qismlarida bachadon shilliq qavati (endometriy) hujayralariga o‘xshash hujayralarning rivojlanishi) holati;

- bepushtlikning noaniq shakllari;

- ayolda endokrin salomatligi buzilganligi sababli ovulyasiya (yetilgan tuxumhujayraning urug‘lanishga tayyor bo‘lib tuxumdondan bachadonga kelib tushishi) sodir bo‘lmasligi tufayli yuzaga kelgan bepushtlik;

- immunologik bepushtlik. Bunda ayolning qon suyuqligida erkakning urug‘iga qarshi antitanachalarning borligi tufayli urug‘lar bachadon bo‘yniga yetguniga qadar nobud bo‘ladi va homiladorlik yuz bermaydi. Yoki aksincha, erkakning maniysida o‘zining urug‘lariga qarshi antitanachalarning borligi, urug‘larning nobud bo‘lishiga olib keladi;

- erkakdagi jinsiy ojizlik kasalligi.

Qadimdan olimlar bepushtlikka davo axtarib, farzand ko‘rish orzusida yurgan erkak va ayollarni bunday baxtga muyassar etish ustida bosh qotirib kelganlar. Buyuk tarixchi, faylasuf, jamiyatshunos olim Ibn Xaldun va u kishidan oldin o‘tgan, islom faylasuflari deb nom olgan Ibn Sino, Forobiy va boshqalar o‘z asarlarida insonni sun’iy yo‘l bilan vujudga keltirishga o‘xshash mavzuga ishora qilib ketganlar. Masalan, Ibn Xaldun o‘zining mashhur “Al-Muqaddima” asarida qadimgi kimyo fani haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday deydi: “Ibn Sino, Forobiy va Tag‘roiyning aytgan gaplariga suyangan holda, aytish mumkinki, tabiiy muhitda maniydan insonni vujudga keltirish mumkin”. Tabiiy muhit deganda Ibn Xaldun onaning qorni, ya’ni bachadonni nazarda tutadi. So‘ngra yana so‘zida davom etib: “Agar biz inson bachadonda yaralib, rivojlanishdagi barcha bosqichlar uchun zarur bo‘lgan sharoitni yaratish imkoni borligiga ishonsak va buning uchun yetarli ilm bo‘lsa, albatta, insonning shu tarzda vujudga kelishiga ishonamiz”, deydi. Ibn Xaldun insonni bu tarzda paydo qilish, albatta, yetarli shart-sharoit bekamu ko‘st yuzaga kelgandan keyingina amalga oshishi mumkin deb ishonadi, ammo bashariyat ilmi bu ishga ojizligi uchun: “Qayerdan ham bunday sharoit vujudga kelsin”, deydi. Albatta, Ibn Xaldunning bu gapi o‘sha zamondagi ilmning erishgan darajasiga asosan aytilgan edi. Nihoyat hozirgi zamon ilmi xuddi mana shu muhitni paydo qilishga qodir ekanligini namoyon etdi. Shubhasiz, bu ilmlar Alloh taoloning O‘z xalqiga bergan ta’lim va hidoyatidandir. Zero, U zot:

عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ

(سورة العلق/5 الآية)

“Insonga bilmagan narsalarini bildirdi” (Alaq surasi, 5-oyat). U har narsaga qodir zotdir.

Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida olimlar sun’iy urug‘lantirish tajribasini hayvonlarda o‘tkazishdi. 70-yillarga kelib esa bu tajriba insonda sinab ko‘rildi va nihoyat 1978 yil 25 iyunda “probirka bolasi” deb nomlangan chaqaloq Luiza Braun tug‘ilgani haqidagi xabar butun dunyo ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylandi.

Hozirgi kunga kelib sun’iy urug‘lantirishning bir nechta turlari mavjud bo‘lib, ular asosan G‘arb davlatlari va musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda amalga oshirilmoqda. Bepushtlikdan aziyat chekayotgan musulmonlarning farzand ko‘rish baxtiga musharraf bo‘lishdek orzularini amalga oshirish ilinjida sun’iy urug‘lantirish amaliyotiga murojaat qilishlari tabiiy holat ekanligidan kelib chiqib, musulmon ulamolari bir nechta islomiy konferensiyalarda ushbu amaliyotning shar’iy hukmlari borasida xulosalarini bayon qilib o‘tganlar.

Hozirgi kunda amaliyotda qo‘llanilayotgan quyidagi beshta usulning shar’an harom ekanligiga bir ovozdan ittifoq qilganlar:

  1. Erkakdan olingan urug‘ bilan begona ayolning tuxumhujayrasi ichki tarzda urug‘lantirilib, paydo bo‘lgan embrion boshqa xotinning bachadoniga joylashtiriladi.
  2. Erkakdan olingan urug‘ bilan uning xotinidan olingan tuxumhujayra ichki tarzda urug‘lantirilib, so‘ng paydo bo‘lgan embrion begona ayolning bachadoniga joylashtiriladi.
  3. Er-xotinning urug‘ va tuxumhujayrasi tashqi tarzda urug‘lantiriladi, so‘ngra ixtiyoriy ravishda farzandni tug‘ib berishga rozi bo‘lgan begona ayol bachadoniga joylashtiriladi.
  4. Erkakdan olingan urug‘ bilan uning xotini bo‘lmagan ayoldan olingan tuxumhujayra orasida tashqi urug‘lantirish amalga oshiriladi, so‘ng embrion erkakning o‘z xotini bachadoniga joylashtiriladi.
  5. Er-xotinning urug‘ va tuxumhujayrasi orasida tashqi urug‘lantirish amalga oshiriladi, so‘ng embrion (erning) boshqa xotini bachadoniga joylashtiriladi.

Islom ulamolari shariatda talab etilgan barcha ehtiyot choralari ko‘rilgan holda quyidagi ikki uslubni zarurat holatida eng oxirgi chora sifatida qo‘llashlikni joiz deganlar:

  1. Shar’iy er-xotinning urug‘ va tuxumhujayrasi olinib, tashqi urug‘lantirish usulida urug‘lantiriladi, so‘ngra paydo bo‘lgan embrionni yana shu xotinning bachadoniga joylashtiriladi.
  2. Erning urug‘i olinib xotinning (bachadon) bo‘yinchasidagi kerakli o‘ringa ichki urug‘lantirish usuli bilan joylashtiriladi.

Ma’lumki, Islom dini sha’riy nikohdan tashqari holatda farzandli bo‘lishni qoralaydi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, garchi bevosita bo‘lmasa-da bilvosita begona erkak va nomahram ayolning tuxum va urug‘ xujayralarini bir-biriga sun’iy yo‘l bilan chatishtirish orqali dunyoga keladigan bola ham benikoh hukmida bo‘ladi.

Islom ulamolari sun’iy urug‘lantirish operatsiyasini o‘ta zarur holatda va faqat o‘rtalarida shar’iy aqdi nikoh bo‘lgan er-xotinlar orasidagina amalga oshirishni muboh deb baholaydilar. Bunda erkak va ayolning urug‘larini saqlashda begona shaxslarniki bilan aralashib ketmasligi uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligi va albatta, ushbu ishni ishonchli tabib amalga oshirishligi qayd etib o‘tilgan.

Sun’iy urug‘lantirishning boshqa barcha turlari, jumladan, bachadonni ijaraga olish, embrionlarni muzlatib saqlash, xotinni begona erkakning urug‘i bilan homilador qilish va boshqalar nasabning aralashib ketishiga sabab bo‘lgani uchun shar’an man’ qilingan.

Ushbu fatvolar Islom olami robitasining 1983 yildagi beshinchi yig‘ilishi, 1985 yildagi yettinchi yig‘ilishi, 1986 yildagi sakkizinchi yig‘ilishi qarorlarida bayon qilingan. Shuningdek, 1983 yilda Kuvayt davlatida bo‘lib o‘tgan Tibbiy ilmlar bo‘yicha islomiy konferensiyaning “urug‘lantirish islom nazarida” nomli yig‘ilishi qarori, 1986 yilda Ummonda bo‘lib o‘tgan Islom konferensiyasi tashkilotining fiqhiy kengashi fatvolarida ham ifodalangan. Shuning uchun, farzand ko‘rish baxtiga bepushtligi sababli erisha olmayotgan kimsalar bu usuldan foydalanishga yuqoridagi shartlar rioya qilinishi kafolatlangan holdagina murojaat qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Keyingi yillarda bizning yurtimiz mo‘min-musulmonlari orasida ham befarzandlikdan aziyat chekayotganlar oilani saqlab qolish yoki farzandlik bo‘lish baxtiga erishish ilinjida sun’iy urug‘lantirish amaliyotiga murojaat qilish istagini bildirmoqdalar. Hatto ba’zilar bu yo‘l orqali farzandli bo‘lishga ham ulgurganlari ma’lum bo‘lmoqda. Ta’kidlash joizki, sun’iy urug‘lantirish amaliyotini qo‘llash, uning shar’iy hukmini bilmay yoki unga parvo qilmay foydalanish va farzand ko‘rish bir qancha axloqiy, ijtimoiy va diniy muammolarni keltirib chiqaradi.

Birinchidan, ayollar orasida turmushga chiqmay farzandli bo‘lish istagida bo‘lganlarga keng yo‘l ochiladi.

Ikkinchidan, nikohsiz avlodning dunyoga kelishi ko‘payadi.

Uchinchidan, nasl-nasabning aralashib ketishi, bilmagan holda mahramlarni bir-biri bilan urug‘lantirib qo‘yish holatlari yuzaga keladi.

To‘rtinchidan, urug‘lantirilgan homilalar yoki urug‘lantirilmagan tuxum va urug‘ hujayralari bilan savdo qilish, uni daromad manbaiga aylantirib olish yuzaga keladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu Fatvoni e’lon qiladi.

  1. Sun’iy urug‘lantirish amaliyotini o‘ta zarur holatda va faqat o‘rtalarida shar’iy aqdi nikohlari bo‘lgan er-xotinlar orasidagina amalga oshirish mubohdir.
  2. Sun’iy urug‘lantirish amaliyoti uchun o‘rtalarida shar’iy aqdi nikohlari bo‘lgan erkak va ayolning urug‘larini saqlashda begona shaxslarniki bilan aralashib ketmasligi uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rish va albatta, uni ishonchli tabib amalga oshirishi shart.
  3. O‘rtalarida nikoh bo‘lmagan erkak va ayol o‘rtasida sun’iy urug‘lantirish amaliyotini o‘tkazish shar’an man’ etiladi.
  4. Dinu diyonatiga bee’tibor bo‘lmagan, naslu nasabining pok bo‘lishini muhim deb bilgan mo‘min-musulmonlar sun’iy urug‘lantirishning man’ etilgan usulidan foydalanishdan hazarda bo‘lsinlar.

 

Vallohu a’lam bissavob.

Alloh taolo mo‘min-musulmonlarimizni O‘zining to‘g‘ri yo‘liga boshlab, shariatiga muvofiq hayot kechirmoqlariga muvaffaq aylasin. Omin! 

        

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisi, muftiy                                                                 U.Alimov  

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma

21.04.2025   1633   5 min.
Musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma

Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.

U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.

Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».

Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.

Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.

Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.

Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).

Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.

Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.

Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan». 

Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».

Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.

Ixtiyor Abdurahmonov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manba: uza.uz

MAQOLA