Dunyo darvozalari yanada kengroq ochilib, xorijiy davlatlar fuqarolarining yurtimizga kelib-ketishlariga qulay sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, 39 ta davlat fuqarolariga turistik vizalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi, O‘zbekiston bilan vizasiz davlatlar soni ko‘paydi.
Shuning barobarida bizning yurtdoshlarimizning ham xorijiy davlatlarga chiqishi ortmoqda.
Odatda, chet elga, umuman, yo‘lga chiqayotgan har qanday yo‘lovchiga oldindan yo‘lovchilik mashaqqatini tortgan, bu borada boy tajriba to‘plagan kishilar; kitob ko‘rgan olimu ulamolar yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, pandu nais'hatlar qilishgan. Zero, notanish manzillar sari safarga otlangan kishilarga bunday tavsiyayu nasihatlarning ahamiyati juda ham katta.
Binobarin, xorijga chiqayotgan mo‘min-musulmonlar ushbu safarida davlatning qonunlariga amal qilgani kabi shariatimiz ko‘rsatmalariga ham amal qilmog‘i nihoyatda muhimdir.
Masalaning ana shu jihatlari e’tiborga olinib, muslim.uz Internet portalida “Muhojir vatandoshlar” loyihasi ish boshladi. Ushbu loyiha doirasida yangi rukn ochilib “Xorijdagi yurtdoshim” nomlandi.
Ushbu ruknda:
- xorijda ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan, uzoq muddatga davolanishga ketgan vatandoshlarimiz to‘g‘risida hayotiy maqolalar;
- yo‘lga chiquvchilarga tavsiyalar, maslahatlar;
- uzoq muddatli safarlarning ijtimoiy hayotga, oilaviy masalalarga ta’siri va boshqa dolzarb muammolarga doir savol-javoblar dasturiy ravishda yoritiladi;
- Internet saytda e’lon qilingan maqolaning audio formati ham tavsiya qilinadi.
Ushbu materiallar oyat, hadis va ulamolarimizning ilmiy meroslariga asoslangan holda yoritiladi.
Toshkent islom institutining bitiruvchi bosqich talabalari uchun poytaxtimizdagi muhtasham O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Talabalar markazning boy kutubxonasi, Qur’on zali va boshqa bo‘limlarida bo‘lib, asrlar osha saqlanib kelayotgan noyob qo‘lyozmalar hamda nodir tarixiy manbalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Ustozlar A.G‘iyosov, M.Yashnarov va mutaxassis Z.Yunusov hamrohligida o‘tgan sayohat davomida har bir eksponatning ilmiy va ma’naviy ahamiyati haqida qimmatli ma’lumotlar berildi.
Bunday ma’rifiy sayohatlar bo‘lajak mutaxassislarning bilim doirasini kengaytirish bilan birga, ularning qalbida milliy va diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otishga xizmat qiladi.
Toshkent islom instituti
Matbuot xizmati