Allohning kalomidan bir soniya ham uzoqlashishni istamagan oshiq do‘stlarimizga, ilohiy rahmat yog‘ilsin deymiz. Bugun erta tongdan vodiyning eng go‘zal zamini bo‘lgan Namangan viloyati uzra Yaratgan Parvardigorning barakoti va nurlari yog‘ildi, desak ayni haq gapni aytgan bo‘lamiz.
Chunki, guvoh bo‘layotganimizdek, yoshu qari, erkagu ayol, xullas, barcha Qur’onga muhabbatli Namangan ahli erta saxardan viloyatdagi qorilar musobaqasi o‘tadigan jome masjilarga yuzlanishdi.
Shu kunga qadar hududlarda o‘tayotgan musobaqalarni tilimizga kelgan eng go‘zal so‘zlar bilan ta’riflashga urindik. Lekin Namanganda bo‘layotgan musobaqa shukuhini va mo‘min-musulmonlar kayfiyatini ifodalashga hayratlanganimizdan umuman so‘z topa olmadik. Shuning uchun buni onlayn tasvirlar, fotolavhalar va imkon bo‘lsa o‘zingiz bevosita ishtirok etib his qilishingizni tavsiya etamiz.
Rivoyat qilinishicha, Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Ilm olish tinglashdan boshlanadi, so‘ngra uni tushuniladi va yod olinadi keyin unga amal qilinadi”, dedilar. Banda Kalomullohni xolis niyat bilan tinglasa, uning qalbiga Alloh taolo nur soladi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “…Bas, (ey Muhammad!) Mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga (foydalisiga) ergashadilar. Aynan o‘shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o‘shalargina aql egalaridir” (Zumar, 17-18).
Demak, inson ibodat niyatida Kalomullohni tinglasa va jim tursa cheksiz ajru mukofotga ega bo‘ladi. Qur’oni karimni eshituvchi, avvalo, qalbini hozirlaydi, ibodatni niyat qiladi, siyratiyu suratida xotirjam bo‘lib, ixlos bilan Allohning kalomiga some’ bo‘ladi. Mana shundagina o‘zi umid qilgan va bunga va’da qilingan ajrlarga erishadi, inshoalloh.
Shunday ekan azizlar, fursatni boy bermang, so‘z va qalam bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan onlarni o‘tkazib yuborman, imkon bo‘lsa borib, bo‘lmasa bizning muslim.uz portali va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, zavq oling. Barchamizdan Alloh rozi bo‘lsin.






O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati