Qur’on so‘zi lug‘atda “o‘qish”, “jamlash”, “bir-biriga qo‘shish” kabi ma’nolarni anglatadi. Ulumul Qur’on istilohida Qur’oni karimga bunday ta’rif berilgan:
اَلْقُرْآنُ كَلاَمُ اللهِ تَعَالَى اَلْمُنَزَّلُ عَلَى مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ اَلْمُتَعَبَّدُ بِتِلاَوَتِهِ.
“Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan hamda tilovati ibodat sanaladigan Alloh taoloning kalomi Qur’on deb ataladi”[1].
Qur’oni karim oldingi ilohiy kitoblardan bir qancha jihati bilan farq qiladi:
– Oldingi ilohiy kitoblar ma’lum bir qavmlarga xoslab tushirilgan, Qur’oni karim esa butun bashariyatga umumiy qilib tushirilgan;
– Oldingi ilohiy kitoblarning asl holida saqlanishi Alloh tomonidan tayin qilinmagan, Qur’oni karim esa saqlanishi tayin qilingan. Buning sababi shuki, oldingi kitoblardagi hukmlar muayyan zamon va qavmlarga xos bo‘lgan;
Qur’oni karimda 114 ta sura bo‘lib, ular turli voqea va munosabatlar bilan 23 yil davomida bosqichma-bosqich Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tushirilgan.
Har bir musulmon Qur’oni karimning bandalarga nozil qilingan oxirgi ilohiy dastur ekaniga iymon keltirishi lozim. Bu esa quyidagi ma’nolarni bilish va ularga shak-shubhasiz ishonish orqali yuzaga chiqadi:
وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الْكِتَابَ بِالْحَقِّ مُصَدِّقًا لِمَا بَيْنَ يَدَيْهِ مِنَ الْكِتَابِ وَمُهَيْمِنًا عَلَيْهِ
“Sizga (esa, ey Muhammad!) o‘zidan oldingi Kitob(lar)ni tasdiq etuvchi va u (kitoblar)ni muvofiqlashtiruvchi sifatida Kitob (Qur’on)ni haqiqatan nozil qildik” (Moida surasi, 48-oyat).
Ushbu oyat tafsirida Zamaxshariy rahmatullohi alayh: “Bu kitob boshqa kitoblar ustidan nazoratchi etib nozil qilingan, chunki bu kitob boshqa kitoblarning to‘g‘ri va aniqligiga guvohlik beradi”, degan.
إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ
“Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz” (Hijr surasi, 9-oyat).
Ushbu oyat tafsirida mufassirlar: “Alloh taolo ushbu Qur’onni muhofaza qilishni o‘z zimmasiga olgan. Shunga ko‘ra boshqa kitoblarda bo‘lgani kabi unga biror narsani qo‘shib qo‘yishga yoki undan biror narsani olib tashlashga yoki uning biror joyini almashtirishga yo o‘zgartirishga hech kimning kuchi yetmaydi”, deganlar.
وَإِنَّهُ لَكِتَابٌ عَزِيزٌ
“Shubhasiz, u aziz Kitobdir” (Fussilat surasi, 41-oyat).
Ya’ni Qur’oni karim har qanday inkor qiluvchini mot qilib qo‘yadigan hujjati kuchli tengsiz kitobdir.
لَا يَأْتِيهِ الْبَاطِلُ مِنْ بَيْنِ يَدَيْهِ وَلَا مِنْ خَلْفِهِ تَنْزِيلٌ مِنْ حَكِيمٍ حَمِيدٍ
“Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil (nohaqlik) kelmas. (U) hikmat va hamd egasi (tomoni)dan nozil qilingandir” (Fussilat surasi, 42-oyat).
Ya’ni Qur’oni karimga biror tarafdan ham botil kela olmaydi, uni inkor qilishning umuman iloji yo‘qdir.
ذَلِكَ الْكِتَابُ لَا رَيْبَ فِيهِ هُدًى لِلْمُتَّقِينَ
“Ushbu Kitob (Qur’on) shubhadan xoli va taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dir” (Baqara surasi, 2-oyat).
Ya’ni, ushbu kitobning Alloh taolo huzuridan tushirilganiga shak-shubha yo‘q. Bu kitob buyruqlariga bo‘ysunish va qaytariqlaridan qaytish bilan Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rqadigan bandalarga hidoyatdir.
هُدًى وَرَحْمَةً لِلْمُحْسِنِينَ (3) الَّذِينَ يُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَهُمْ بِالْآخِرَةِ هُمْ يُوقِنُونَ (4)
“Ezgu amal qiluvchilar uchun hidoyat va rahmat (manbai ekani) jihatidan. Ular namozni barkamol ado etadilar, zakotni (o‘z joyiga) beradilar va oxiratga aniq ishonadilar” (Luqmon surasi, 3-4 oyatlar).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ وَلَا يَزِيدُ الظَّالِمِينَ إِلَّا خَسَارًا
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur” (Isro surasi, 82-oyat).
ص وَالْقُرْآنِ ذِي الذِّكْرِ
“Sod. Zikr manbai bo‘lmish Qur’onga qasamyod etaman!” (Sod surasi, 1-oyat).
وَكَذَلِكَ أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ رُوحًا مِنْ أَمْرِنَا
“(Ey Muhammad!) Shunday qilib, amrimiz bilan Sizga Ruhni (Qur’onni) vahiy qildik” (Shuro surasi, 52-oyat).
Alloh taolo Qur’oni karimni ruh deb nomladi, chunki bu kitobning ichida bandaning nafsini jaholat o‘limidan saqlaydigan hayot bor. Molik ibn Dinorning quyidagi so‘zlari buni tushunishimizga yaqindan yordam beradi: “Ey Qur’on ahli, Qur’on qalblaringizga nimani ekdi? Yomg‘ir yerning bahori bo‘lgani kabi Qur’on ham qalblarning bahoridir”.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
[1] Manno’ Qatton. Mabahis fi ulumil Qur’on. – Bayrut: “muassasatu kutubis siqofiya”, 1980. – B. 21.
Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.
Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:
Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.
Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.
Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati